"O‘zbekiston Tojikistonga zarar yetkazish maqsadini ko‘zlayapti"

Image caption Bundan oldin Tojikiston O‘zbekistonni iqtisodiy qamalda ayblagan.

Tojikiston temir yo‘l shirkati rahbari Amonullo Hukumatullo aytishicha, O‘zbekistonning Tojikistonga nisbatan tranzit cheklovlari kiritgani ortida siyosiy sabablar yotipti.

Bu haqda "Rohi ohani Tojikiston" shirkatining raisi janob Hukumatullo 22 iyul kuni Dushanbe shahrida tashkil qilgan matbuot anjumanida aytgan.

Tojik temir yo‘l shirkati rahbarining aytishicha, O‘zbekistonning Tojikistonga nisbatan yuritayotgan siyosati tufayli yo‘lovchi va yuk tashish, shuningdek, tranzit tashish hajmlari 2009 yildan buyon yildan-yilga kamayib kelayapti.

Janob Hukumatullo ayrim raqamlarni misol tariqasida keltirgan.

"Tojikiston Temir yo‘llari" shirkati shu yilning birinchi yarmida uch million 300 ming tonna yuk tashigan, bu ko‘rsatkich 2012 yilning birinchi yarmidagi raqamdan 800 ming tonna kamdir.

2013 yilning birinchi yarmida Tojik shirkati 228 ming yo‘lovchi tashigan.

Bu o‘tgan yilning ilk olti oyidagi ko‘rsatkichdan 18 ming kishi kam deganidir.

Tojik temir yo‘l shirkati raisi Amonullo Hukumatullo 2011 yil 16 noyabr kuni O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati hududidan o‘tgan G‘alaba-Amuzang temir yo‘lidagi portlashni tilga olgan.

Bu yo‘l Tojikistonning janubini tashqi dunyo bilan bog‘laydigan yagona temir yo‘l bo‘lgan.

O‘zbekiston rasmiylariga ko‘ra, G‘alaba-Amuzang temir yo‘lidagi portlash terrorchilik xuruji bo‘lgan.

Image caption Janob Hukumatullo aytishicha, 2011 yil noyabridan buyon yozgan xatlariga O‘zbekistondan javob olisholmagan.

Shundan ko‘p o‘tmay Tojikiston rasmiylari portlash ro‘y bergan temir yo‘lning Surxondaryo markazi Termiz shahriga eltadigan qismida relslar butkul yig‘ishtirib olingani haqida xabar tarqatgan.

"O‘tgan bir yilu to‘qqiz oy davomida biz O‘zbekistonga maktublar yuborib, Tojikiston janubiga boradigan temir yo‘l uchastkasining qo‘shnilarimiz tomonidan bir taraflama yopib qo‘yilishidan o‘z xavotirlarimizni bildirayaamiz. Ammo biz o‘zimizning ko‘p sonli xatlarimizga haligacha javob olganimiz yo‘q", deb aytgan Amonullo Hukumatullo.

Janob Hukumatulloga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni Tojikiston poyezdlarini asossiz ushlab turishlari oqibatida o‘tgan yili 50 million dollar zarar ko‘rganlar.

Bu yilgi yo‘qotish 15 million AQSh dollarini tashkil etgan.

"Tojikiston Temir yo‘llari" shirkati rahbarining aytishicha, O‘zbekiston 2009 yildan buyon Tojikiston hududi orqali o‘zining tranzit yuklarini o‘tkazishdan voz kechib kelayapti.

"O‘zbekiston mamlakatning markaziy qismidagi yuklarini sharqiy qismiga Tojikiston hududini chetlab o‘tib, avtomobil naqliyotida olib o‘tayotgani oqibatida har yili 100 million dollaricha zarar ko‘rayapti. Ular Tojikistonga ziyon keltirish uchun o‘zlarining zarariga bo‘lsa ham ishlashga tayyorlar", degan Tojikiston temir yo‘l shirkati raisi Amonullo Hukumatullo.