BBC mehmoni shoir va tarjimon Odil Ikromga savol bering

Odil Ikrom 1960 yil, 26 yanvarda Isfara shahrining Ko‘lkent qishlog‘ida tug‘ilgan.

1977-81 yillarda Leninobod Davlat Pedagogika instituti (hozirgi Xo‘jand Davlat Universiteti)ning tarix-filologiya fakultetida tahsil olgan.

1990-yilda SSSR Yozuvchilar Ittifoqiga a‘zo qilinadi.

Ilk kitobi "Ufq daraxti" 1991 yilda chop etilgan.

Shoirning shuningdek, "Tahajjud"(2007), "Tahammul", "Uzlat"(2012) kabi kitoblari adabiyot ixlosmandlariga yaxshi ma‘lum.

U Muhammad Iqbol, Naqibxon To‘g‘ral, Furug‘ Farruxzod, Nodir Nodirpur, Loyiq, Farzona, Sayidali Ma‘mur, Ahmadjon Rahmatzod, Ozaraxshning she‘riy to‘plamini, Zahiriy Samarqandiyning "Xotinlar makri" (I.Bekjon bilan birgalikda), Muhammad Subhonning "Qora chiroq" nasriy asarlarini, shoir Loyiqning "Onajonim" nomli turkum she‘rlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.

Mumtoz adabiyot namunalari tarjimasi orqali ancha tajriba to‘plagan ijodkor murakkab ishga qo‘l uradi.

Jaloliddin Rumiyning "Ma‘naviy masnaviy" asari hamda Mirzo Abdulqodir Bedil masnaviylarini o‘zbek tiliga o‘girishni boshlaydi.

Odil Ikrom hozir yangi she‘riy to‘plami hamda yangi va eski she‘rlardan iborat "Saylanma", shuningdek, Jaloliddin Rumiyning "Ma‘naviy masnaviy" asari tarjimasi (uchinchi kitobi) ustida ishlayotganini aytadi.

Ayni paytda shoir ijtimoiy tarmoqlar orqali ham o‘z ijodidan namunalar e‘lon qilib bormoqda.

Odil Ikrom she‘rlaridan namunalarni mana bu manbada o‘qishingiz mumkin.

Odil Ikrom oilali, farzandlari bor.

BBC mehmoni Odil Ikromga savollaringizni sahifamizning quyi qismidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.