Angliyadagi portlashlar va musulmon kishining o‘limi bog‘liq bo‘lishi mumkin

Image copyright PA
Image caption 75 yoshli Muhammad Salim masjiddan chiqqanda pichoqlab o‘ldirilgan.

Angliya g‘arbidagi masjidlar oldida portlashlarni uyushtirganlikda gumonlanib ushlangan ikki ukrainalikning biri 75 yoshli erkakning o‘limiga ham aloqadorlik bo‘yicha so‘roq qilinmoqda.

Uest-Midlends politsiyasi ma‘lumotlariga binoan, hibsga olinganlar 29 aprelda keksa musulmon Muhammad Salimni o‘ldirgan bo‘lishi mumkin.

Muhammad Salim Birmingemdagi Yashil masjidda namoz o‘qib chiqayotgan payti noma‘lum kishilar orqasidan kelib pichoq urishadi.

Shundan so‘ng shubhali sanalgan 22 va 25 yoshlardagi ikki shaxs tez orada izquvarlar yordami bilan qo‘lga olinadi.

Ayni paytda gumonlanuvchilarning ismi aytilmayapti. Bu ish bilan Britaniya politsiyasining aksilterror bo‘limi shug‘ullanmoqda.

Muhammad Salimning dafn marosimi tekshiruv ketayotgani bois kechiktirilib, 13 iyulda o‘tkazilgan.

Vestminster mahkamasi aksilterror bo‘limiga masjid portlashlarida gumonlanuvchilarni so‘roq qilish uchun yana qo‘shimcha yetti kun ajratgan.

Bundan oldin Uolsol, Tipton shahri masjidlari oldida portlashlar yuz bergan, Vulverxemptonda portlatishga urinish belgilari aniqlangan.

May oyida Londonning Uilich tumanida britaniyalik harbiyning o‘ldirilishi ortidan masjidlar va musulmonlarga bir nechta hujumlar sodir etilgani kuzatilgandi.