O‘zbekistonda atigi 1000 ta keksa daraxt qolgan

Image caption Toshkent va Farg‘ona shahridagi 100 yillik chinorlar kesib tashlangani ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lgandi

O‘zbekistondagi Internet nashrlarning xabar qilishicha, respublika hududida shu kecha-kunduzgacha saqlanib qolgan yoshi bir asrdan oshgan daraxtlar soni hisoblab chiqilgan va keksa daraxtlar soni 1014 ta ekani aniqlangan.

Bu haqda O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi mulozimi O‘lmas Sobirov ma‘lum qilgan.

Janob O‘lmasovning bildirishicha, yoshi 100 dan oshgan daraxtlar 2007 va 2011 yillar orasida o‘rganib chiqilgan.

Keksa daraxtlarning 88 foizi O‘zbekistonning cho‘l hududlarida, to‘qqiz foizi tog‘ o‘rmonlarida va bir foizi to‘qaylarda aniqlanganini aytgan Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi vakili.

"Keksa daraxtlarga tabiat yodgorligi maqomi berildi", deya xabar qilgan O‘lmas Sobirov.

Ushbu xabar O‘zbekistonning aksar hududlarida qayta qurish va shaharlarni yanada obodonlashtirish maqsadi ko‘zlangani ro‘kach qilinib ko‘plab ko‘p yillik daraxtlarni kesib tashlash hamon davom etayotgan kunlarda tarqalgan.

Shu kecha-kunduzda ham O‘zbekistonning eng issiq nuqtalaridan biri Termiz shahrida soya-salqin berib kelgan kamida 50-60 yillik daraxtlar ildizlari bilan qo‘porilmoqda.

Termizning Akmal Ikromov ko‘chasi shaharning eng obod, daraxtzor go‘shasi bo‘lgan, shaharning bugungi amaldorlari bu ko‘chada yashayotgan insonlarning noroziliklariga qaramasdan, militsiya va Milliy Xavfsizlik idoralari xodimlari yordamida tazyiq va zug‘umlar bilan aholi turar-joy uylarini buzishni davom ettirmoqdalar.

Shu yil boshida Farg‘ona shahridagi 100 yillik chinorlar kesib tashlangani ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Ammo shahar rasmiylari chinorning insonlar salomatligiga salbiy ta‘siri, baland chinorlarning ko‘chalarni to‘sib qo‘yishiyu-ildizlari asfaltlarni qo‘porib tashlashi singari vajlar bilan "chinorning O‘zbekiston sharoitiga mos kelmasligi"ni isbotlashga urindilar.

Aksar mutaxassislar bunday urinishlarning ilmiy isbotlanganini savol ostiga oldilar.

Ularga ko‘ra, Ovro‘poyu-Amerikaning shahar va ko‘chalari, yashovchilari uchun muammo paydo qilmagan chinorlarning O‘zbekiston uchun mos kelmasligi bugungi kunga kelib "aniqlangani" g‘alatidir.

Ko‘pchilik kuzatuvchilar fikricha, O‘zbekistondagi bir asrdan keksa, bugun ham sog‘lom va baquvvat, yozning jaziramalarida insonlarga soya beradigan daraxtlarning ildizlari bilan qo‘porilishi ortida kamida uchta sabab bor.

Image caption Azim daraxtlarni qo‘porib olish oson bo‘lmagan

Biri mansab kursisini egallagan amaldorlarning "yuqoriga yoqish" va shaharni qayta qurish va obodonlashtirish bahonasida davlat byudjetidan ko‘proq mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirish istaklaridir.

Shuningdek, SSSR zamonini eslatadigan xotira qoldirmaslik, mamlakat mustaqilligi yillarida O‘zbekiston shahar va ko‘chalarining naqadar keng va obod bo‘lganini ko‘rsatib qo‘yish intilishi.

O‘zbekistonda 100 yillik daraxtlar yoppasiga, oddiy aholiyu-tabiat himoyachilari va mutaxassislarning fikr va g‘azablari nazar-pisand qilinmasdan kesib tashlangan eng katta hodisa Toshkentdagi Amir Temur xiyoboni daraxtlarining qo‘porilishi bo‘ldi.

2009 yil dekabridan oldin Amir Temur xiyobonida aylangan kishi har bir daraxt tagida uning qanday daraxt ekani va 1880- yoki 1893-yilda o‘tqazilgani haqidagi yozuvlar yozilgan temir tablichkalarni ko‘rish mumkin edi.

Bu yozuvlarning o‘zi O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi bugun bergan tabiat yodgorligi maqomini o‘sha kesilgan daraxtlarga berishga yetarli edi.

Aftidan, tabiat yodgorligi maqomidan ko‘ra yangi qurilgan Forumlar Saroyining qanchalar mahobatli ekanini namoyish etish muhimroq sanalgan.

Toshkent va Farg‘onadagi keksa daraxtlar kesilmaganida, O‘zbekistondagi yoshi asrdan oshgan daraxtlarning soni 1000ta emas, kamida 1500ta bo‘lishi mumkin edi.

Keksa daraxtlar o‘rniga xorijdan olib kelingan va mahalliy iqlim sharoitiga mos kelish-kelmasligi o‘rganilmagan archa turlari o‘tqazilgan.

Buning ustiga bu archalar kasallangan va endi ularni qurimagan qilib ko‘rsatish uchun yashil bo‘yoq bilan bo‘yashga kirishilgan.

Yaqinda Toshkentda archa daraxtiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani tashkil qilgan Nosvoy guruhi a‘zolaridan biri mamlakat poytaxtini maqbaralarga o‘xshagan qator-qator oq binolar va archalar qoplagan qabristonga qiyosladi.