O‘zbekistonda sayyohlik biznesi naqadar daromadli soha?

O‘zbekistonda 865 sayyohlik firmasi faoliyat yuritadi. Ularning soni yanada o‘sishi kutilmoqda. Ammo bu sohada ishlayotganlar sayyohlarning nonini yeyish ancha qiyin ekanligini aytishadi. Boz ustiga Ovro‘poda davom etayotgan iqtisodiy inqiroz sayyohlar oqimini bir muncha pasaytirgan.

O‘zbekistonda sayyohlik firmasi ochishingiz uchun hisob raqamingizda 35 million so‘m yoki 13 ming dollar pulingiz bo‘lishi kerak. "Ca-Mille Tours" firmasi rahbari Aziz Sirojov ushbu sohaga kirib kelganiga ikki yildan oshdi. Uning aytishicha, ushbu pullar "O‘zbekturizmdan" litsenziya olish uchun kerak bo‘ladi.

"O‘zbekturizm"dan litsenziya olish uchun ushbu pullarni hisob raqamimizda bor deb ko‘rsatamiz. Kelayotgan sayyohlarga qanaqa kafolat bera olasizlar, deb so‘raydi. Shuning uchun bu pullar turadi. Boshida mijoz topish uchun tekinga ham xizmat qilamiz. Xorijdagi turfirmalarning operatorlarini o‘zimizning yonimizdan chaqiramiz", - deydi Aziz Sirojov.

Bundan tashqari firmani rivojlantirish uchun web-sayt ochish, ishchilar yollash va ularga oylik berish kerak bo‘ladi. Firma rahbariga ko‘ra undan so‘ng xarajatlar yanada oshib boraveradi.

- Firmam yangi ochilgani uchun hozirgacha xarajatlar bilan yuribman. Shu yilning o‘zida 5 ming dollarga yaqin xarajat qildim. Boshqa davlatdan tur agentlarni topib, ularni O‘zbekistonga taklif qilish va ko‘rsatishim uchun shuncha harajat qildim, deydi "Ca-Mille Tours" shirkati rahbari.

Lekin shu vaqtgacha natijasi kutilganidek bo‘lgani yo‘q. Sayyohlar oqimining pastligiga Ovro‘pa davlatlarida davom etayotgan iqtisodiy inqiroz ham katta ta‘sir qilmoqda.

"Shu yil Frantsiyadan beshtalik bir guruh va 3 ta odam umumiy 8 ta sayyoh keldi. Tasavvur qilayapsizmi? Bu kam. Krizis deyishyapti. Bolgariyada hamkorim bor. U ham jo‘nata olmayapti. Mayli endi, krizisning o‘tishini kutamiz", - deydi Aziz Sirojov.

Bundan tashqari mijozlarni topish uchun firma xorijda tashkil qilinadigan turistik yarmarkalarga borishi va o‘z xizmatlarini jonli ravishda targ‘ib qilishi hamda buklet va alьbomlar chiqarishi lozim. Bularning hammasi xarajat ustiga xarajat.

O‘zbekistonda turizm biznesi yildan-yilga rivojlanayotgani va bugunga kelib sayyohlikdan tushadigan daromad Yalpi Ichki Mahsulotning salkam 2 foizini tashkil qilayotgani aytiladi.

Respublikadagi 865 ta sayyohlik tashkilotining yarmidan ko‘pi mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanadi.

"O‘zbekturizm" milliy shirkati mamlakatga bir yilda o‘rtacha yarim millionga yaqin xorijlik sayyohlar kirishi haqida ma‘lumot beradi.

Sayyohlik firmalari har bir turistdan o‘rtacha 30-50 dollar xizmat haqi olishi mumkin. Bu biznesga yirik sarmoya kiritgan firmalar har yili bir necha avtobus va mikroavtobuslarda sayyohlarni olib kelishga muvaffaq bo‘lishayapti.

Biroq kam sarmoya va hamkorlar bilan ishlayotgan o‘rtacha turfirmalar so‘nggi yillarda qattiq qiyinchiliklarga duch kelgan. Bir yilda o‘rtacha 100 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatuvchi Toshkentdagi firma xodimi krizis va O‘zbekistonda infratuzilmaning rivojlanmagani sayyohlar oqimiga keskin ta‘sir qilayotganini bildirdi. Unga ko‘ra ovro‘polik sayyohlar oldingidek sifatga emas, arzon narxlarga e‘tibor qaratishmoqda.

"Inqtisodiy inqiroz tufayli O‘zbekistonga keladigan turistlar soni keskin kamaydi, desam adashmayman. Bu yerga kelishga qiziqish ortib boryapti, lekin infrastruktura yaxshi rivojlanmagani, mehmonxonalar o‘rtasida raqobat pastligi va narxlarda chegirmalar yo‘qligi tufayli, mamlakatimizga kelib-ketish xarajatlari qisqarmayapti, hozirda firmalar daromad ko‘rishdan ham muhimroq narsa - o‘z hamkorlarini ushlab qolish yo‘lida bosh qotirishmoqda", - deydi ismini oshkor qilishni istamagan firma xodimi.

Samarqand shahridagi "Salom Travel" firmasi rahbari Qahramon Toshtemirov firmalar ushbu vaziyatdan chiqib ketish uchun turli choralarni ko‘rayotganini aytadi.

"Vaziyatdan chiqish uchun xizmat turlarimizni boyitayapmiz. Qo‘shimcha xizmatlarni taklif qilayapmiz. Narxlarimizni ham tushirishga harakat qilayapmiz. Oddiy misol qo‘shimcha kontsertlar qo‘yib berayapmiz. Milliy taomlardan fantaziya yarata oladigan oshpazlarni jalb qilayapmiz", - deydi Qahramon Toshtemirov.