UzWebiston: Xorazm viloyati gazdan ko‘mirga moslashtirilmoqda

Image caption Bunday manzarani qish mavsumida O‘zbekistonning har bir viloyatidagi aksariyat xonadonlarda ko‘rish mumkin

O‘zbekiston hukumati Xorazm viloyatida ko‘mir va suyultirilgan gazdan foydalanishda yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, qaror qabul qildi.

15 iyulda qabul qilingan hujjatga ko‘ra, respublikaning shimoliy mintaqasidagi aholi shu yilning oxiriga borib tabiiy gaz o‘rniga ko‘mir va gaz ballonlardan foydalanishga o‘tadi.

Hukumat qarori ko‘plab ommaviy axborot vositalarida mamlakatda gaz qazib olish qisqarganiga qaramasdan, Markaziy Osiyo davlatlari Xitoyga gaz eksportini oshirayotganlari haqidagi xabarlar chiqqanidan so‘ng qabul qilingan.

Eksport hajmining to‘xtovsiz oshirilishi va qazib olinayotgan gaz miqdorining kamayishi qish mavsumida aholi uchun jiddiy gaz tanqisligini anglatadi.

Gaz tanqisligi haqidagi xabarlar manzarasida, O‘zbekistonda ko‘mir va energiya olishning boshqa muqobil manbalaridan foydalanish ko‘payayotgani kuzatiladi.

2012 yilning avgustida O‘zbekiston Markaziy Osiyo-Xitoy quvuri orqali yiliga 30 mlrd kubometr gaz eksport qilishni boshladi. Markaziy Osiyo-Xitoy gazquvurining qurilish ketayotgan uchinchi o‘zbek liniyasida eksport hajmini sezilarli oshirish ko‘zda tutiladi.

Uznews.net sayti 2012 yil 13 sentyabrda bergan xabarga ko‘ra, O‘zbekiston Xitoyga yiliga uzatadigan gaz miqdori 10 mlrd kubometrni tashkil qilgan.

12news.uz sayti ma‘lumotlariga binoan, mamlakat 2012 yil avgust oyida allaqachon 700 ming dollarlik tabiiy gaz eksport qilishga ulgurgan.

O‘rta Osiyo gazini asosan Ovro‘poga eksport qiladigan Rossiyadan farqli o‘laroq Xitoy O‘zbek gazini o‘z mahalliy iste‘molchilari uchun ishlatadi.

Mustaqil Uzmetronom.com saytiga ko‘ra, Xorazm mintaqasini ko‘mir ishlatishga o‘tkazish qarori O‘zbekiston hududida tabiiy gaz tanqisligi bilan bog‘liq. "Energiya resurslari ta‘minotidagi degradatsiya butun Farg‘ona viloyati, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkentning ma‘lum bir qismiga ta‘sir qildi, deb yozadi web sahifa.

Uzmetronomga ko‘ra, o‘zbek xalqi o‘z gazi Xitoyga eksport qilinishi bois, endi kuni tezakka qoladi."Hukumat buni o‘z ichki iqtisodiy manfaatlari hisobiga"amalga oshirmoqda, deb yoziladi unda.

Uzmetronom shuningdek o‘zbek ommaviy axborot vositalarini Xorazm viloyatidagi 2011-2012 yillardagi haqiqiy ahvol haqida sukut saqlaganlikda ayblaydi. Havo harorati -22 bo‘lgan paytda "Odamlar qanday qilib uylari issiq bo‘lmasa, bu sovuq havoga chidashlari mumkin?, - deb savol qo‘yadi Uzmetronom muharriri.

O‘zbekneftegaz shirkati boshqaruvi raisi Shokir Fayzullayev ichki bozorda gaz bilan ta‘minlashda uzilishlar vujudga kelgani haqida gapirar ekan, o‘tmishda gaz quvurlari texnik imkoniyatlar va gaz ta‘minoti miqdorini chamalamasdan qurilganini ta‘kidlaydi.

Janob Fayzullayev muammoni yechish uchun gaz taqsimlash tizimi va gaz ta‘minotiga mas‘ul shirkatlarning faoliyatini modernizatsiyalash kerakligini aytadi. Iste‘molchilar foydalanilgan gaz haqini ham o‘z vaqtida to‘lashlari lozim, deydi u.

Ayni paytda O‘zbekistonda energiyaning boshqa manbalari- quyosh va shamol energiyasidan foydalanish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqilayotgani aytiladi.

Ma‘lumotlarga binoan, O‘zbekiston xalqaro va xorijiy tashkilotlardan energetika inshootlarini zamonaviylashtirish va yangilarini qurish uchun kreditlar olishda davom etmoqda.

12uz.com saytiga ko‘ra, 2013 yilning ikkinchi yarmida O‘zbekko‘mir Xitoyning Eksimbanki tomonidan berilgan 89,5 million dollar qarz yordamida Surxondaryo viloyatida ko‘mir ishlab chiqarish oshirishga jalb qilinishi xabar qilinadi.

Shu o‘rinda taniqli shoirning "o‘z gazini chetga sotib tappi yoqqan o‘zbegim" satrlari beixtiyor xayolga keladi.