Delfinlar bir-birlarini otlarini aytib chaqirishadi

Biologlarga ko‘ra, delfinlar xuddi odamlarga o‘xshab, o‘z ismini anglatadigan ovozga javob qaytaradi.

Tadqiqotchilar ta‘kidlashicha, har bir delfinning o‘z ovozi bo‘lib, uning uchun "tashrif qog‘ozi" yoki ism vazifasini bajaradi.

Delfinlar farq qiluvchi ovozlar yordamida bir-birini chaqiradi va "o‘z ismi"ga javob beradi.

Biologlar uzoq vaqtdan buyon delfinlarning shunday xislatlari borligi haqida o‘rganib kelishayotgan edi.

Oldingi tadqiqotlar delfinlar ismlarni ishlatganda, boshqa delfinlar eshitib qaytarishi va eslab qolishini ko‘rsatgan.

Lekin Shotlandiyaning Sent-Endryu universiteti olimlari ilk bor delfinlar odamlarga o‘xshab o‘z ismiga javob qaytarishini aniqlaganlar.

Tadqiqotchilar delfinlarning ovozlarini yozib olib, har birining boshqasidan farq qilishini suv osti ovozlarini yozib oluvchi uskuna yordamida o‘rganishgan.

Maxsus ovoz

"Biz delfinlarga guruhlarida ishlatilgan ovozlar, ularning repertuaridagi boshqa ovozlar va umuman o‘zlari ko‘rmagan boshqa hayvonlarning saslarini eshittirdik. Tadqiqot natijasida shuni ko‘rdikki, delfinlar o‘z ismlariga mos ovozni eshitganda jonlanib, ularni qaytarishdi", - deydi Sent Andryu universiteti doktori Yanik.

Olimlarning ishonishicha, delfinlar insonlarga o‘xshab o‘z ismlarini yaxshi biladi. Tadqiqot natijalari Milliy Fanlar Akademiyasi ishlarida chop etilgan.

"Delfinlar muhim bir belgisi bo‘lmagan uch tabaqali kenglikda yashaydilar va ularga hamisha ziyraklik kerak bo‘ladi.

Ko‘p hollarda ular bir-birlarini ko‘rishmaydi va hid orqali topa olmaydilar. Shu boisdan yo‘qolib qolmasliklari uchun alohida muomala tizimi kerak bo‘ladi", - deb tushuntiradi doktor Vinsent Yanik.

Olimlarning aytishicha, bunday xususiyat hayvonlarda birinchi bor aniqlangan.

Ba‘zi tadqiqotchilarga ko‘ra esa, ma‘lum bir to‘tilarda ham maxsus ovoz orqali bir-birini chaqirish xislati mavjud.

Bundan oldin amerikalik olimlar delfinlar miyasining tuzilishi ularning 15 kungacha uxlamay faol harakat qilishiga yordam berishini aniqlaganlar.

Delfinlarning bu xislati ularning yashab qolishiga ko‘maklashadi. Delfinlar suv ustiga chiqqanda, bir ko‘zi suv ostidagi vaziyatni kuzatsa, ikkinchisi biror yirtqich xavf solmayotganini tekshirib turar ekan.