"Beg‘ubor bexabarlik" va yo jirkanadigan zamonlar haqida

Image copyright none
Image caption Begona ko‘chalarda...

Prezident Karimov bundan bir oycha avval Maskov taraflarda ko‘cha supuradigan o‘zbekistonlik farroshlardan miyig‘ida zaharxanda bilan jirkanishini aytar va uni o‘rab o‘tirgan mahalliy "kazo-kazolar" tasdiq ishorasi bilan kallalarini qimirlatib qo‘yishar ekan hech kim ehtimolki, oradan kunlar, haftalar va oylar o‘tsa ham bu "jirkanish izhori" avvalgida bo‘lgani kabi "ota"ning boshqa chiqishlari singari unut bo‘lmasligini bilmasdilar.

Ijtimoiy tarmoqlar o‘sha kunlar tom ma‘noda qaynab ketdi. Bu qaynash hamon soviy demaydi, orada she‘rlar yozildi, hajviya qilindi va agar so‘kishlarni ham taroziga qo‘yib o‘lchash mumkin bo‘lsa, unda tonnalab so‘kishlar yangradi. Qaysi bir o‘zbek farroshi ochiqchasi "Men senlardan jirkanaman" deb yozdi.

Bular orasida guruch kurmaksiz bo‘lmaganiday o‘ta kuchanish bilan uch-to‘rt satr Prezidentning yo haqqoniy va yo tayinlangan tarafdorlari tomonidan ijod qilindi. Kimdir eshitib eshitmaganga oldi, "fitna" dedi, yana kimdir "rost aytadilar, vatanda ishlash kerak", - qabilida safsata so‘qidi, ammo ajabki, odatda Prezidentning har bir chiqishidan "chuqur" va "dono" mazmun qidiradigan rasmiy ziyoli qatlam doxil jurnalistlar ham ochiqchasiga chiqib "ota"ni himoya qilmadi. Mazmun topmadi. Ehtimol, har narsaning chegarasi bo‘lgani kabi bu "jirkanishni" oqlab berishga uyaldilar, bir mustaqil jurnalist aytmish: "Qanday qilib oqlasin, deyarli hamma jurnalistlaru ziyolilarning hech qursa bir qarindoshi, akasi yo ukasi Rossiyaga chiqib ketganu, diplomi bilan ko‘cha tozalayotganlar minglarcha..."

Prezidentning izohsiz lug‘ati

Ehtimol, Prezident "jirkanish" so‘zining asl ma‘nosidan bexabardir? Ehtimol, bu bexabarlik beg‘ubor bir bexabarlikdir? Ehtimol, Karimov janoblari yaqinlashib kelayotgan paxta mavsumida har yili terimga bolalarni emas, o‘sha "dangasalar"ni haydab, xalqaro hamjamiyatning "bolalar majburiy mehnati" degan tanqidlaridan rostakamiga qutulishni istagandir... Va katta bir ehtimolki, agar Rossiyadan millionlab o‘zbekistonlik qaytib kelgan taqdirida ham ular och qolmasligini faqat Prezident bilar? G‘aznadagi "qora kunga" atalgan pullar chiqar, ish o‘rinlari yaratilar, maoshlar ko‘tarilar va nihoyat "porloq kelajakning" Toshkent ko‘chalarini yoritadigan elektr nurlari nihoyat qishloqlardagi loydan bino bo‘lgan xonadonlarga ham kirib borar? Kim bilsin "dangasalar"ning milliardlab jo‘natayotgan pullari aslida kelajagi buyuk O‘zbekistonning zahiralari qarshisida choychaqa ham emasdir, balki...

Karimov janoblari ehtimol so‘z ma‘nosiga yetmay "or" qilishni "jirkanish" bilan aralashtirib yuborgandir? O‘z yurtdoshlari o‘zga yurtda, yana sobiq "xo‘jayin"ning ko‘chasini supurib yurgani alam qilgandir, achchiqqina gapirib ularni vatanga qaytarmoqchi bo‘lgandir?

Qiziq so‘z bu "or" deganlari...O‘zbekistonliklar Maskov ko‘chalarini supurib yursa buyog‘i qandoq bo‘ldi? Bir paytlar Oqposhshoning mardikor yollash siyosatiga qarshi isyon ko‘targan "yalangayoq" xalqqa nima bo‘ldi? Og‘ildagi yolg‘iz molini sotib Rossiyaga mardikorlikka ketish uchun chipta sotib olsa? Maktabni shu yil bitirgan o‘g‘lini ham yoniga chaqirib, qora mehnatga tiqsa...

Bu yog‘i Rossiyaning xo‘jalari har ikki kunda "Migrantlarni undoq qiladurmiz, bundoq qiladurmiz", - deb hech kimdan kam bo‘lmaydigan xalqni kamsitib tursa, rasmiy Toshkentning tilini qisib qo‘ysa, qandoq qilib or qilmaslik mumkin?

"Tualet tozalasam ham ketaman..."

Dodu faryodi qishda issiq, yozda konditsionerlar bilan salqinlatib turadigan binolardagi xalq vakillariga yetmaganidanmi, aksariyat "dangasalar" alamini ijtimoiy tarmoqlardan oldi. "Odno"si qolmadi, "feys"i qolmadi, kimlardir "tvit" ham qildi va ana shu "qaynash" ichida bundan besh yilcha avval qo‘lida universitet diplomi bilan o‘n yil vatanida ishlab qozoniga yog‘ yopishmay Rossiyaga ketvorgan o‘zbekistonlik yigit "Skype orqali gaplashaylik", - deb qoldi. Bir soat dardu hol qildi.

"Akam pul jo‘natdi yo‘lkiraga, kenjaman bo‘lmasam, uyda o‘tirishim kerak edi, uddalab bo‘lmay qoldi ro‘zg‘orni... Xotin xarxasha qildi, erkaksiz uyda qanday o‘tiramiz deb, chidaymiz dedim, ovutdim, o‘lay agar, shu Qozog‘istonga o‘tib olganimdan keyin o‘zimga ahd qildim, tualet tozalasam ham ishlayman, qaytmayman dedim. Shukr, ja tualet tozalamadik, gruzchiklik qildik, mashina yuvdik, uy qurdik... Hozir to‘rt yildan beri uy quradigan bo‘ldim. Onamning uylarini qayta ko‘tarib berdim, plastik eshigu deraza qo‘ydim, bolalar katta bo‘lib kelayapti, o‘qishiga ham pul yig‘ib qo‘ydim, baribir o‘qitaman deb ahd qilganman, bir kun biz taraflar ham yaxshi bo‘lib ketar... Prezident lekin og‘ziga kelganini orqa oldiga qaramay qo‘yvoribdi, qishloqdan borib Toshkent ko‘chalarini tozalab yursak jirkanmasmikanlar, maoshlarni tuzukroq to‘lab, ko‘prik bilan bo‘m-bo‘sh gostinitsa qurmasdan korxona ochsin, poraxo‘r amaldorlarni jilovlasin, keyin biz ham borib ishlaylik... O‘zbeklar yolg‘iz onasini tashlab ketib qolganini qachon eshitgansiz? Bir shaharda bitta shunaqa oila bo‘lsa odamlar gap qilvorishardi, bundan uyalmasmikanlar? Bitta oddiy savolni o‘ylab ko‘rdimikanlar otaxon, nima uchun millionlab o‘zbek menga o‘xshab tualet yuvsam ham mayliydi deb chiqib ketayapti ekan? Men bolaligimda Toshkentga borib o‘qib kelaman, uylanaman, mashina olib onamni kataysa qilib yuraman deb orzu qilardim, meni bolalarim-chi, Rossiyaga borib ishlab kelaman, mashina olaman deb orzu qiladi, aka!"

Kemtiklik sindromi va yo "hech kimdan kam emasmiz"

Image copyright bbc
Image caption "Hech kimdan kam emasmiz..."

Prezident Karimov o‘zbekistonliklarning nafaqat ko‘cha tozalashidangina "jirkanayotgani"cha bor... Aslida Rossiyadagi semizu oriq, uzunu kalta siyosiy arboblar "migrantlar" masalasini deyarli har kun Rossiya OAV orqali jar solib turishi ham unga tinchlik bermayotgani, tabiiy. Har qalay mintaqa misolida kattagina bir davlatning rahbari bo‘lsa, bu ham yetmaganday Kremlning manfaatlariga yo o‘z xarakteri tufayli va yo mintaqaviy siyosiy o‘yinlar yo‘lida rostakamiga ters harakat qilib qo‘yish istagi xuddi shu "dangasalar" tufayli amalga oshmay turgan bo‘lsa... albatta alam qiladi!

Jirinovskiy deganlari qo‘shni Tojikistonga muhojirlarni qaytarib, prezidentini to‘ntartiraman, Najibullohga o‘xshab ostiraman qabilida do‘q urib tursa ...ayting, kim kafolat beradi ertaga Rossiyaning arboblari "dangasalar"ning hech qursa to‘rtdan bir qismini "Boraqolinglar, sizni porloq kelajak kutmoqda, dangasalar", deya ortga qaytarmasligiga?

Toshkentdagi ko‘chalar yetarmikan tinimsiz supurishga? Ko‘chalar-ku yetib qolar, ammo maosh masalasi nima bo‘ladi? Eng oz nafaqalarni to‘lashda ba‘zan oylab "qiynalib" qolayotgan markaziy va mahalliy hukumat bu "dangasalar"ni qanday uddalab oladi?

Ayniqsa bu chapani "dangasalar" ham choponini teskari kiyishsa-chi?

"Hech kimdan kam emasmiz" degan shior yodlantirilgan "dangasalar" avlodi birdaniga biz arablardan ham, gurjilardan ham, ukrainlardan ham, qolaversa qo‘shni qirg‘izlardan ham kam emasmiz deb qolsa nima bo‘ladi?