Chegaradagi talofat: Qirg‘iz tomoni kechirim so‘raganini rad etdi

Image caption O‘zbek va qirg‘iz chegarachilari orasida to‘qnashuvlar tez-tez bo‘lib turadi

O‘zbekiston hukumatiga yaqin podrobno.uz sayti xabar qilishicha, rasmiy Bishkek o‘z chegarachilari noqonuniy tarzda o‘zbekistonlik ikki hamkasbini otib o‘ldirganini tan olgan va o‘zbek tomonidan kechirim so‘ragan. Biroq, BBC bilan suhbatda Qirg‘iziston Davlat Chegara xizmati bu xabarni butkul rad etdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara xizmatlarining mahalliy vakillari 23 iyulda yuz bergan hodisa borasida ayni kuni uchrashuv o‘tkazganlar. Qirg‘iziston chegara xizmatining rasmiy bayonotiga ko‘ra, O‘sh va Jalol-Obod viloyatlari bo‘yicha mas‘ul Abdikarim Alimbayev O‘zbekiston chegara xizmatining "Vostok" boshqarmasi rahbari Oybek Qosimov bilan uchrashgan.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar hodisa borasidagi o‘z versiyalari bilan o‘rtoqlashganlar va ikki tomon prokuraturalari yordamida hodisani tergov qilishga kelishib olganlar.

Bu uchrashuvda qirg‘iz tomoni rasman kechirim so‘ragani borasidagi xabarlarni Qirg‘iziston chegara xizmati "haqiqatga mos kelmaydi" deya baholadi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston chegarachilari qirg‘iz chegarachilariga qarata birinchi bo‘lib qurolni qo‘llaganlar.

Qirg‘iz tarafi hodisa tafsilotlari to‘la tergov qilinmaguncha, o‘zbek tomonini har qanday ayblovlardan o‘zini tiyishga chaqirgan.

Qarama-qarshi ayblovlar

O‘zbekistonning Namangan viloyati va Qirg‘izistonning Jalol-obod viloyati tutashgan chegarada ikki mamlakat chegarachilari o‘rtasida otishma ro‘y bergan.

Oqibatda bir o‘zbek chegara qo‘riqchisi otishma joyida halok bo‘lgan, yana bir chegarachi keyinroq shifoxonada olamdan o‘tgan. Qirg‘iziston tomonidan talofatlar bo‘lmagan.

Ham Qirg‘iziston va ham O‘zbekiston tomoni qo‘shni mamlakat chegarachilarini o‘z hududlariga noqonuniy kirib kelganlikda ayblagan.

Qirg‘iziston chegarachilariga ko‘ra, Jalolobod viloyatining Axsi tumanidagi Jetizagara deb nomlangan chegara qismida chegarachilar ikki O‘zbekiston chegarachisini ko‘rib qolganlar.

Qirg‘iz chegarachilari o‘zbek chegarachilariga o‘zlarining hududlariga o‘tmaslikni so‘raganlari, shundan keyin o‘rtada dahanaki jang boshlanganini xabar qilgan Qirg‘iziston Chegara qo‘mitasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Qirg‘iziston Bosh vazirining xavfsizlik, huquq-tartibot va chegara masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Toqon Mamitov fojeali hodisani sharhlar ekan, u o‘zbek chegarachilarining aybi bilan sodir bo‘lgan, deb aytgan.

Mamitovga ko‘ra, O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘izistonning hududiga 5 metr kirib borganlar.

Qirg‘iziston Chegara qo‘mitasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limiga ko‘ra, O‘zbek chegarachilari birinchi bo‘lib o‘qotar qurolni ishga solganlar.

O‘zbekiston Internet-nashrlari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Qirg‘iz chegarachilari O‘zbekistonning Namangan viloyatiga tegishli hududga kirib kelganlar.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi manbaga tayanib tarqatilgan xabarlarda qonli hodisada "har doimgidek mast qirg‘iz chegarachilari aybdor" ekani aytilgan.

"Tish-tirnog‘igacha qurollangan qirg‘iz harbiylari O‘zbekiston hududiga kirib kelganlar va hech bir sababsiz O‘zbekiston chegara naryadiga qarata o‘t ochdilar", deb aytgan o‘zbek huquq-tartibot organlaridagi manba.

Qirg‘iziston Chegara xizmati raisining o‘rinbosari Iskander Mambetaliyev chegarachilar mast bo‘lgani haqidagi xabarni rad etgan, bunga mahalliy aholi guvoh deb aytgan.

O‘zbek-Qirg‘iz chegarasida chegarachilar o‘rtasidagi qurolli hodisalar tez-tez yuz berib turadi.

Ko‘pincha tomonlar qo‘shnilarini noqonuniy amallarda ayblab chiqadilar.