Kucherena: Snouden hali aeroportni tark eta olmaydi

Image copyright Reuters
Image caption Edvard Snouden bir oydirki aeroport mehmonxonasida yashab kelayapti

Markaziy Josuslik Xizmatining sobiq xodimi Edvard Snouden Sheremeteva aeroportining tranzit zonasini hozircha tark qila olmaydi.

Bu haqda Snoudenning himoyachisi Anatoliy Kucherena ma‘lum qilgan.

Snoudenning hujjatlari haqida chorshanba kuni qarama-qarshi xabarlar tarqalgan. Himoyachi Anatoliy Kucherenaning so‘zlariga binoan, qariiyb bir oydan beri aeroportda qolayotgan Snoudenning u yerdan chiqishiga imkon beradigan hujjat hali topshirilmagan.

Oldinroq, AQSh maxfiy xavfsizlik hujjatlarini oshkor qilgan Edvard Snoudenga Moskvaning Sheremetevo aeroportidan chiqishga rasman ruxsat berilgani aytilgandi.

Moskvadan olingan xabarlarga ko‘ra, Rossiya Federal migratsiya xizmati bu hujjatni bergan va Snouden uni yaqin orada qabul qilib olishi aytiladi.

U 23 iyunda Gonkongdan uchib kelganidan beri Sheremetevo aeroportining tranzit hududida yashab kelayotgandi. Qonuniy jihatdan, u hali ham Rossiya chegarasini kesib o‘tmagan.

AQSh hukumati maxfiy kuzatuv dasturlari sirlarini fosh qilgani uchun uning Amerikaga qaytarilishi va mahkamaga tortilishini istaydi.

Bu dasturlar doirasida oddiy odamlar va diplomatlarning telefon suhbatlari Amerika agentlari tomonidan eshitilgan.

Rasmiy Vashington Snoudenni milliy xavfsizlik ma‘lumotlarini horijga fosh qilgani uchun ayg‘oqchilikda ayblamoqda.

Snouden bir hafta avval Rossiyadan vaqtinchalik boshpana so‘ragan.

Rossiyaning Interfaks xabar agentligiga ko‘ra, Snouden kelgusi bir necha soat ichida aeroportning "steril hududi"ni tashlab chiqishi mumkin.

Manbaga binoan, unga yangi kiyim-kechaklar beriladi.

Unga yangi hujjatlarini himoyachisi Anatoliy Kucherena topshirishi kutiladi.