Aktyor Salmon Xon odam o‘ldirishda ayblandi

Image copyright bbc
Image caption Salmon Xon o‘z qimmatbaho avtomobilida uxlab yotgan odamlar ustidan bostirib o‘tib ketgan, deyilmoqda

Mumbaydagi mahkamada e‘lon qilingan ayblovga muvofiq, Salmon Xon avtomashinasida odamlarni bostirib, keyin voqea joyidan qochib qolgan.

Ammo aktyor ushbu aybnomani rad etmoqda.

Qoralov tarafining bildirishicha, 2002 yili avtoulovda ketayotgan Salmon Xon avtomobilini bir nonvoyxona tomonga qarab haydab, yo‘lakda uxlab yotgan odamlaring ustidan bosib o‘tib ketadi.

Uxlab yotgan besh kishi turli jarohat oladi. Ular ichidan 38 yashar Nurullo Xon ismli kishi esa halok bo‘ladi.

Biroq shu paytgacha kinoyulduzga "ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘ldirib qo‘ygan", degan ayblov qo‘yilayotgan edi.

Endi "ehtiyotsizlik" degan so‘z olib tashlanmoqda va "odam o‘ldirib, voqea joyidan qochib qolganini" ifodalovchi ayblovlar ilgari surilayotir.

Agar ayblovlar isbotlansa, Salmon Xon 10 yilga ozodlik mahrum etilishi mumkin. Lekin hozir qo‘yilayotgan ayblov ham "qotillik" sifatida tasniflanmaydi.

Salmon Xon Hindistondan tashqarida ham juda mashhur kino yulduzi va saksondan ziyod filmda suratga tushgan.

Kelib chiqishidan afg‘on bo‘lgan san‘atkorni Hindistonda "shum bola" deb ham atashadi.

Hali 2006 yili ham "Qizil kitob"ga kirgan kiyikni ovlagani uchun besh yilga hukm qilingan. Ammo bir hafta qamoqda o‘tirgan aktyor keyin garov evaziga ozod etilgandi.

Bir inson o‘limi bilan tugagan voqea bo‘yicha kechayotgan hozirgi mahkama jarayoni ham qancha vaqt davom etishi noma‘lum.

Bu kabi mashhur shaxslar aralashgan mahkamalar Hindistonda ba‘zida uzoq yillarga ham cho‘ziladi.

Mahkamaning keyingi jarayoni 19 avgustda davom etadi.