Toshkentdan maktublar Said Ahmad - birinchi qism

Ustozning to‘liq oti - Saidahmad edi. Otasining oti - Husanxo‘ja. Toshkentda tug‘ilgan. Chimkentda tug‘ilganida balki Saydamat bo‘lardi. Boshqa kasb tutganida Toshkentning o‘zida ham Saydahmat bo‘lib ketishi ham tayin edi. Lekin u otini ikkiga bo‘lib, adabiy taxallusga aylantirishga ulgurdi - Said Ahmad.

- Pirimqulga hayronman, - dedi bir kuni jahllanib, - manga nuqul Said aka deb gapiradi.

Rahmatli Pirimqul Qodirovning ne sababdan Said Ahmad ismini qisqartib olgani bizga qorong‘u. O‘zimizcha, ikkiga bo‘lingan ismning har porasini alohida va burro talaffuz etib, yana ortiga "aka"ni qo‘shishga eringan, deb tusmol qilardik.

Xullas, Said Ahmadga Pirimqul akaning qilig‘i yoqmadi. Shogirdlariga ikki-uch oy nolib yurdi. Lekin shogirdlar nima ham qila olardi. Pirimqul aka injafe‘l odam, aytsang - darrov ko‘ngilga olib, salom-alikni yig‘ishtirib qo‘yishi ham mumkin.

Pirimqul aka Do‘rmon bog‘ini, bog‘ atrofidagi joylarni kezishga ishqiboz edi. Yozda ham, qishda ham shu odatini kanda qilmagan. Erta tongda - bir, tunda yana bir martadan uzoq sayr qiladi. Chamasi, yozadigan kitoblarini miyada pishitadi.

"Havo olgani chiqdim", deyar edi yo‘lda uchragan tanishlariga. Do‘rmonda haftalab o‘tirib ijod qilgan kezlari shaharga tushib chiqqan hamkasblaridan oxirgi yangiliklarni ijikilab surishtirardi. Biladiganini bilib olgach, suhbatdoshi bilan xayr-ma‘zur ham qilmasdan, qo‘lbola hassachasini do‘qillatib bir o‘zi chetga burilib ketardi: "Men bir havo olib kelay..."

- "Padishayt vazduxom" deganimi bu? - deb o‘smoqchilardi Said Ahmad. - E‘tibor bergin, bolam, Pirimqul oshxonaga kirganda nuqul "Yaxshi ishtaholar!" deb aytadi. Priyatniy appitit, deganimi bu? G‘irt o‘rischa-ku? Ishtaha emas, ishtaho! Shunday degani bilan o‘zbekcha bo‘p qoladimi? Qiziq odam ekan bu Pirimqul, meni nuqul Said aka deydi...

Nihoyat, Said Ahmad Pirimqul Qodirovga "jazo" o‘ylab topdi - o‘zi ham Pirimqul ismining "muxtasar" shakliga o‘tdi.

- Salomalaykum, Said aka!

- Vaalaykum assalom, Pir aka!

Davomi - ma‘lum: havo olgani chiqibsiz-da, Pir aka? ishtaholar yaxshimi, Pir aka? Va hokazo va hokazolar va yakkash - Pir aka.

Yangi shakl turlanishda davom etib, "Pir aka" avval "Piraka"ga aylandi, so‘ng battar qisqarib anchayin "praka" bo‘ldi va nihoyat mutlaqo mavhum "fraka" shaklini oldiki, bu zamonga kelib Pirimqul Qodirov Said Ahmad ismini to‘liq va bexato aytishni odat qilib ulgurgan edi.

* * *

Said Ahmadning bir ajoyib hangomasini ko‘pchilik eslaydi. Voqea rostdan ham bo‘lganmi, yoki uni Said Ahmadning o‘zi to‘qiganmi - bu sirni ustoz dorulbaqoga olib ketgan.

-Bir kuni Shukrullo yonimga keldi, - deb hikoya qilar edi rahmatli. - Kelib, yozgan esdaliklarini o‘qib berdi. Ma‘lum bo‘lishicha, Shukrulloning birinchi kitobi chiqqanida otasi o‘qib ko‘rib, o‘g‘lini rosa maqtabdi:"Balli, o‘g‘lim, kitobing manga ma‘qul, bundan keyin ham shunday yaxshi yozaver. Kuzda, xazonrez faslida bog‘ kezganmisan? Oyog‘ing ostida yotgan sariq yaproqlar ichidan yong‘oq topib quvonganmisan? Ha, balli, quvongansan! Bu yog‘iga ham shunday qilaver! Har bir so‘zni xazon ostidan topilgan yong‘oqday bitta-bitta terib, faqat mag‘zi to‘qlarini qoldirib, puchlarini nariga itqitib yubor!" Shukrullo yozganlarini zavq bilan o‘qiyapti, mani esa shayton qitiqlaydi. Axiyri chidolmadim. Shukrullo, dedim, birinchi kitobing chiqqaningda emchi otang dunyodan o‘tib ketgan edi-ku? Shukrulloning otasi emchilik qilgan, ikkov tengdoshmiz, uzoq qarindoshligi ham bor... Biroq Shukrulloga gapim yoqmadi. Hafsalasi pir bo‘ldi. Lekin yozganlarini ko‘zi qiymadi chog‘i, sekin maslahat so‘radi: "Saidahmad, bo‘masam "G‘afur G‘ulom aytuvdi" desammikan?".

Har gal memuar o‘qiganimda shu gap yodimga tushadi.

Bugun, ayni esdaliklarga qo‘l urib, savqi tabiiy xuruj etgan chog‘larda yozganlarimga o‘truk aralashib ketmasmikan, degan hadigim bor.

Kuni kecha do‘stimiz Xurshid Davron shoir Rauf Parpi haqidagi xotiralar kitobining salkam yarmi "soqiynoma"ga aylanib ketibdi, deya koyindi, shoir haqida, she‘riyat haqida biror tuzukroq gap yo‘q. Rosti, Rauf akani o‘ylaganimda, men faqirning xayolimga ham eng avvalo birgalikda bo‘shatgan totli finjonlarimiz kelaveradi. Akangiz edi, ikki-uch sahifa yozib bersangiz, deb so‘ragan tashkilchi ukamizning iltimosini bajara olmaganimning sababi ham shunda.

Alqissa, Said Ahmad bilan Shukrullo domla tengdosh, uning ustiga yana qarindosh bo‘lgani uchun hazil-mutoyibada bir-birini ayash yo‘q edi. Ul zamonda Shukrullo domla Prezident Kengashiga a‘zo, tagida - raqamidan melisa cho‘chiydigan moshina, gapining ohangi ham nufusga yarasha... baland va dadil edi. Said Ahmad esa hali yangi zamon ulug‘lari nazariga tushmagan, shu bois, ancha ma‘yus yurar, aniqrog‘i - Do‘rmonda xonanishin bo‘lib o‘tirar edi. Bir kun yo‘qlab borsak, tengdoshi va qarindoshidan andak nolish qilib qoldi. Emishki, Shukrullo domla: "Saidahmad, san qachon bir tuzukroq narsa yozasan?", so‘ragan emish.

-Shukrullo ichishni tashladiyu buzildi... - dedi. - Avval bunaqa emasdi, avval u bilan gaplashsa bo‘lardi... O‘zi bir emchining bolasi bo‘lsa, avval "Ufq"ning bitta kitobini eplab yoz, undan keyin gapir!.. Yozish tugul, romanning nomini ham tuzuk-quruq aytolmaydi. "Ufuq-mufuq" deydi-ya! Mavzusi mayda emish, katta mavzulardan cho‘chib, nuqul yengil-elpi urush-purushni yozgan emishman...

Ustozni qo‘ldan kelganicha yupatdik. Lekin u qattiq og‘ringan ekan, hadeganda o‘ziga kelavermadi.

-Man shig‘irni tushunmayman, - dedi jig‘ibiyron bo‘lib, - sanlar o‘qigansanlar, xo‘sh, o‘rtoq Yusupovning o‘zi... biror tuzukroq narsa yozganini bilasanlarmi?

Gumrahlik qursin, men unda Ovrupoyu Amriqoning zararli ta‘siriga berilib, Shukrullo domlaning she‘rlarini kam o‘qigan edim. Erkin Vohidovni, Abdulla Oripovni, Rauf Parpi, o‘zimga tengdosh shoirlarni o‘qiganman, hattoki Ramz Bobojon bilan Normurod Narzullayevlarning dohiyona dumbulligi bilan mashhur satrlarini yodaki bilaman, lekin Shukrullo domlani jiddiyroq o‘qishga hafsala qilmagan ekanman. Qattiq mulzam bo‘ldim. Qarasam, sheriklarim ham, - yo rostdan o‘qimaganmi, yoinki Said Ahmad domlaning ko‘ngli uchunmi, - bari barobar yer chizib o‘tiribdi.

- Endi, to‘m-to‘m kitob chiqargan, yaxshi she‘rlari ko‘p bo‘lishi kerak, - deya tusmol qildi oshnalardan biri.

- Sanlar maniyam o‘qimagan chiqarsanlar? - deya o‘smoqchilab so‘radi Said Ahmad domla.

Tabiiyki, jo‘rovoz bo‘lib e‘tiroz bildirdik. Bu asnoda domlaning kayfiyati o‘nglandi, ichkari xonaga kirib mazmuni yarimlab qolgan konyak shishasini ko‘tarib chiqdi.

- Man ichmayman, o‘zlaring maydalaysanlar...

- Butunrog‘i yo‘qmi, domla, maydalab o‘tirmasdik, - deb kimdir hazillashdi.

- Shukrulloday katta shoirni tuzukroq o‘qimagan nodonlarga butuni hayf! - dedi Said Ahmad sal ochilib. - Bilsang, Shukrullo boshdan G‘afur G‘ulomning etagini tutgan edi. Endi G‘afur G‘ulomning o‘rnigayam o‘zim qolganman, deb o‘ylaydi. Shukrullo mandan bir yosh kichik, Mirmuhsin, Ramziddin bilan bir yilda tug‘ilgan. Asqad bilan yilimiz bir. Hamid G‘ulom bizdan bir yosh katta. Bir-ikki yosh nima bo‘pti, hammamiz tengqur. Hammamiz yaxshiyu yomon yashab yuribmiz. Birgina Asqad erta o‘lib ketdi...

Shu yerga kelganda Said Ahmad xo‘rsindi. Biz gap qotmadik. Uning Asqad Muxtorni yaxshi ko‘rishini hammamiz bilardik.

- Ichimizda mullomiz birgina Asqad edi, - dedi domla sukutdan so‘ng. - Eng tozamiz ham Asqadning o‘zi. Bilimi, xulqi atvori, hattoki yurishigacha... havasim kelardi. Beayb parvardigor, hamma qatori uyam xatolar qilgan, lekin bundoq... quturib malomat qiladigan darajada emas. Na qilasan endi, Asqadning kushandasi ham ichimizdan chiqdi, tatarligini yuziga soldi. Shuncha yil o‘zbekka beminnat xizmat qilib, oxir olgan mukofoti shu bo‘ldi...

Biz Asqad Muxtorning bitta aybini bilardik. Aybki, Markazqo‘mning amriga bo‘ysunib, qaysidir anonim mafkurabozning sarkashroq yosh yozuvchilarni "urib" yozgan matnini minbardan o‘qib bergani. Keyinroq, aybini tamom bo‘yinga olib, oshkora tavba qilganini ham bilardik. O‘zimga kelsak, men undan faqat yaxshilik ko‘rganman. Uchrashganda iliq so‘rashardi. Ba‘zida hazillashardi: "Yaxshi yuribsizmi, janobi ministr?". Shu taxlit Afg‘onistonning o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri Shoh Muhammad Do‘st bilan nisbimiz uyqash ekaniga ishora qilardi. Men javob qilardimki, xeshligimiz yo‘q, Asqad aka, umuman o‘sha ministringiz mendan ancha keyin maydonga chiqqan... Asqad Muxtor kechirimli edi, beozor kulib qo‘yardi.

Men bugun uning nazmi va nasri haqida ko‘p so‘zlashim mumkin, lekin o‘zi haqida gapirishga jur‘atim yetmaydi. Asqad aka shaxsi haqida uni yaqindan bilgan Erkin A‘zam yoki Xayriddin Sulton yozgani ma‘qulday ko‘rinadi.

Asqad Muxtor xastalanib yotib qolganida Erkin A‘zam bilan ko‘rgali bordik. Ul zamon domla deyarli tildan qolgan edi. Yuz­-ko‘zlarida o‘zining abgor ekanidan cheksiz xijolat bor ediki, bu qayg‘uli manzara meni to bugun qadar ta‘qib etadi.

Asqad Muxtor haqida o‘ylaganda, Erkin A‘zamning bir gapi bot-bot yodimga tushadi. U "Do‘stlik" ordeni bilan ustozni tabriklagani borganida Asqad aka siniq jilmayib aytgan ekanki, "Do‘stlik" bor-u, do‘st yo‘q..."

Ayni so‘zlarni yozayotgan chog‘imda, Asqad Muxtorni umri poyonida kim haqorat qilgani, qaysi pastkash irqchi uning nasli tatar ekanini (aslida u boshqird aymog‘idan edi) yuziga solganini bilmoq istab, ko‘p odamdan so‘rab-surishtirdim. Lekin hamma gapni dudmal qildi. Aniq bir kimsaning oti atalmadi. Eng yaqin do‘stlarga tusmolimni aytganimda, ular ham tusmolu gumondan kattaroq gunoh yo‘q, deya to‘g‘ri tanbeh berdilar.

Asqad aka vafot etgan kuni saltanat nomidan ta‘ziya matnini bitish mening chekimga tushdi. Bugungiday yodimdaki, o‘sha matnda ozgina tazarru bo‘lib, "O‘zbek xalqining atoqli farzandi Asqad Muxtor..." degan so‘zlar bilan boshlanardi.

* * *

Said Ahmad iste‘dodli odam ekanini yaxshi bilar edi. Armon qilardiki, agar Asqadchalik savodim ham bo‘lsaydi, bular maning changimni ham ko‘rolmay qolardi. Romanu hikoyalarini moshinkada yozardi. Imloga, tinish belgilariga tobi yo‘q edi. Bari bir maniki xato chiqadi, der edi, to‘chka-vergulini o‘zlaring qo‘yib olasanlar.

Nazarimda dasturxon manzarasini chizishda Said Ahmaddan mohirroq yozuvchi bo‘lmasa kerak. Mana bu tasvirga bir e‘tibor bering:

"Ular yalang‘och bedanalarni bir pasda tozalab, peshnob bilan ilikdek po‘stdumba qiymasiga ko‘k kashnich, ariq bo‘ylaridan terib kelingan yalpiz,zira, zirk, jambil qo‘sha boshladilar. Ular bu masalliqlarni ertalaboq uyda tayyorlab tog‘orada olib kelgan edilar. Shularni bedanalar ichiga joylab, qorinlarini ip bilan chatib, dog‘langan yog‘da qizartirib oldilar. Keyin boshqa qozonga bosib, ustiga ko‘pgina sersuv pomidorni katta-katta bo‘lak qilib terib chiqdilar. Qizil sabzi, sarimsoq piyoz, qizil lavlagi, juda ham yupqa parraklangan anchagina oq piyozni chiroyli qilib terib qo‘ydilar."

Yoki yana bir iqtibos:

"Yangi so‘yilgan qo‘y go‘shti, jindakkina tuz yegan peshnob, po‘stdumba solingan, ustiga mayda kertilgan ko‘m-ko‘k xushbo‘y kashnich sepilgan, yog‘i olinmagan ikki qoshiqqina qatiq solingan, betida ko‘k qalampir suzib yurgan bu taom chimxo‘r, ovqatga injiq har qanday lanj odamning ham ishtahasini ochib yuborar edi".

Matndagi keraksiz tuyulgan so‘zlar va yana butun bir jumlaning tagiga atay chizib chiqdim, qaytariqlarni ham alohida belgiladim. Tabiiyki, bu ko‘chirmalar tahrir degan narsa sinf sifatida tugatilgan davrda chop etilgan kitobdan olindi Ishonchim komilki, qo‘lyozma savodliroq muharrir qo‘lidan o‘tganida "kurmak"lari olib tashlangan bo‘lardi. Lekin asosiy gap tahrirda emas, mahoratda. Ochiq tan olishim kerak, men bunday yozolmayman, qo‘limdan kelmaydi, qo‘limdan kelganida ham sabrim chidamagan bo‘lardi. Lekin Said Ahmad domla bunaqa narsalarni, o‘z ta‘biri bilan aytganda, chap oyog‘i bilan ham yozib tashlayverardi. Mahoratiga ortiqcha bino qo‘yib, chap oyoqni ko‘proq ishlatib yuborgan chog‘lari ham bo‘lardiki, bu ahvolda yozganlariga chuchmalroq tafsilotlar ko‘proq aralashib ketardi:

"Havo toza, osmon tiniq. Dengizni mavjlantirib biz tomonga esayotgan ajib bir namxush epkin ko‘ngillarimizni yayratadi. Somonshuvoq tomlarda lolaqizg‘aldoq gulxani lov-lov yonadi. Yigitlar chakkasida chuchmo‘ma, qizlar sochida tolbargakdan sochpopuk..."

Lolaqizg‘aldoqni, aniqrog‘i - qizg‘aldoqni (lola - butunlay boshqa, piyozdoshlar oilasiga mansub o‘simlik, qizg‘aldoqning esa ko‘knorga xeshligi bor - M.M.D.) loyshuvoq tom ustida gulxan etib yoqmagan biror o‘zbek yozuvchisi topilarmikan? Lekin bu - holva, ustozimiz pashsha haydashdan bezor bo‘lib chakkasiga bir shoda rayhon taqib olgan biror chapani choyxonachini ko‘rgani yodiga tushib, rayhonni chuchmo‘maga aylantirib bo‘z yigitlarning quloqlari ortiga osib qo‘yganiga nima deysiz? Bahor havosidan mast bo‘lgan qizgina tolpopuk taqqaniga chidasak bo‘lar, lekin chakkasiga chuchmo‘ma taqqan erkakni tasavvur etish odamga andak malol keladi.

Umuman, bu taxlit "chiroyli" yozish o‘zbek adabiyotiga tekkan kasalki, sinchilar tilida "kitobiylik" degan nomi ham bor. Buyam kitob o‘qib kitob yozishga o‘xshagan narsa. Faqat ayni holatda "badiiy kashfiyotlar" boshqa kitobdan emas, muallifning o‘z miyasida g‘ujg‘on o‘ynagan o‘ta romantik, o‘ta ko‘rimli, lekin birday yolg‘on manzaralardan olinadi.

Aslida "kitobiylik"ning davosi oson. O‘sha eski gap - bitta didli, aqlli muharrir bo‘lib, muallifga: "yolg‘oningni yig‘ishtir, oshna", deb aytsa kifoya.

Yonlarida yurib, yozganlarini o‘qib oxir anglaganim shu bo‘ldiki, Said Ahmad domla uchun ham va boshqa ko‘p mashhur ustozlarimiz uchun badeha bilan uydirma-yolg‘on o‘rtasida tuzuk-quruq chegara bo‘lmagan ekan.

Uning noyob iste‘dodi so‘zni, ohangni yurakdan his qilganida edi. Hazil-mutoyibaga suyagi yo‘q, kinoya, istehzo, nozigu qo‘pol qochirma gaplarga juda usta. "Oqsoqol - o‘qlangan miltiq", deya zavqlanardik. Chindan ham, hali biror hazil qilib ulgurmasingdan nordongina javobini olib turarding. G‘afur G‘ulomni o‘ziga ustoz bilardi. O‘la-o‘lguncha "G‘afur aka, G‘afur aka", deya izzatlab o‘tdi. Rostdan ham, sho‘rolar sha‘niga atalgan childirmabop she‘rlarini butkul chetga surib, mafkuradan xoli qissayu hikoyatlarini jamlab aytadigan bo‘lsak, G‘afur G‘ulom domla o‘zbek jonli adabiy tili rivojiga Yassaviy, Lutfiy, Sakkokiy, So‘fi Olloyor, Rabg‘uziy, Gulxaniy, Qodiriylar qatori, Alpomishu Go‘ro‘g‘li kechmishini o‘ta sodda, lekin birday ravon so‘zlar bilan aytib bergan dostonchi baxshilar qatori katta xizmat ko‘rsatgan insondir. Tilimizni betus, beta‘m so‘zlari bilan g‘orat qilgan savodsiz yozarmonlardan himoya etgan yana bir ulug‘ zot - Mirtemir domla ham borki, uning xizmatlarini alohida ta‘rif qilish fursati kelar, degan umidimiz bor.

G‘afur G‘ulomdan ham, Mirtemir domladan ham juda ko‘p latifa bizga meros qolgan. Ularning bir qismini Said Ahmad domla to‘plab e‘lon qilgan edi. Lekin Said Ahmadning o‘zi haqidagi latifalarni yig‘sa ham yostiqday kitob bo‘ladi.

Ustozning g‘aroyib xislatidan biri shu ediki, u ba‘zi shoiru yozuvchilarga o‘xshab, yetgan amalidan, orttirgan obro‘-e‘tiboridan, shuhratidan mast bo‘lib, bamisoli g‘ulg‘ultovuqday (o‘rischasi - i n d yu k) hurpayib yurmasdi. Kulgi bo‘lishdan mutlaqo cho‘chimasdi, aksincha, mudom o‘zini o‘zi mazax qilardi.

Xotini Saida Zunnunova vafotidan keyin, qizi, kuyovi, nevarasining mulkiy oromini o‘yladi chog‘i, so‘qqabosh bo‘lib o‘tdi. Ularning tinchini o‘ylagani rostki, shahar hovlisidan Do‘rmonga - Abdulla Qahhorning bevasi Kibriyo opa ikkiga bo‘lib sotgan hovlining o‘ziga qarashli qismiga tamom ko‘chib chiqdi va shu yerda umrining oxiriga qadar yolg‘iz yashadi. Choyini o‘zi qaynatadi, ovqatini o‘zi pishiradi, kir yuvish, dazmol qilish - hammasiga o‘zi.

Ba‘zida biz tashviqot qilardikki, uylaning, domla. Ya‘niki - Said Ahmad, noming baland, nomingdan ham toming baland, sizday mashhur bo‘ydoqqa tegaman deb yurgan bevalar tiqilib yotibdi, ko‘ngil tusagan birortasiga shartta uylanib oling, vassalom.

Domlamiz judayam farishta edi, deb aytolmayman. Bunaqa gaplarni yoqtirardi, lekin sir boy bermasdi:

- Sanlarga o‘zinglarni bu eshikdan quvib soladigan jodugar kampir kerakmi? - deb kulgiga burardi. - Sanlar avval maning aftimga bir qarab ollaring, basharamni ko‘rgan tovuq qo‘rqqanidan kurk bo‘lolmay o‘tadi. Xunuklik bobida mani birgina Shukrullo ortda qoldirishi mumkin...

Bugun o‘ylab qarasam, domlamiz Saida Zunnunova vafotidan keyin roppa-rosa qirq yil yashagan ekan. Saida opa 1977 yilda, 51 yoshida dunyodan o‘tdi. O‘shanda Said Ahmad 57 yoshda edi. Qolgani - xotira. Eng ko‘p eslanadigan tafsilot ­- Said Ahmad qamalganida Saida Zunnunovaga, ering - xalq dushmani, sen haqiqiy kommunist sifatida undan oshkora voz kechasan, deb qo‘yilgan talab va Saida opa tashlab chiqqan partbilet.

(davomi bor)