Somali qaroqchilari qo‘lida 6 oy o‘tkazgan ayol hikoyasi

Image copyright Getty
Image caption Judit Tebbat garovdan ozod qilingan kuni va hozirda

Judit va Devid Tebbat Keniyada ta‘tilda bo‘lgan vaqtlari bir guruh qurolli kishilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgandilar.

Qurollilar Devidni o‘ldirib, Juditni Somaliga olib ketdilar va olti oy garovda ushladilar.

Ozod etilishidan bir yildan ko‘p vaqt o‘tib, Judit omon qolish uchun qilgan kurashi haqida hikoya qiladi.

Judit uni Jud deb chaqirishlarini afzal ko‘radi. Judni uchratar ekansiz, olti oy davom etgan haqoratlar, xo‘rlashlar, joniga tahdidlar va isqirt xonada o‘tkazgan och kunlari ortidan u qanday qilib bu qadar o‘ziga ishongan va irodasi mustahkam namoyon bo‘lishiga hayron qolasan kishi.

U qanday bo‘lmasin omon qolishni maqsad qilib olgandi. Bu maqsadi haqida u "Uy sari uzoq yo‘l" kitobida va BBC bilan bo‘lgan suhbatida batafsil hikoya qiladi.

Xartfordshir viloyatining Bishops Stratford shahridan bo‘lgan Jud garovga tushgan boshqa insonlarga kuch-quvvat bo‘lishni istaydi.

"Bu kitob jahon bo‘ylab, va ayniqsa Somalida garovga olingan odamlar uchun. Chunki men bilaman ular qanday sharoitlarda ushlab turilganlari va ulardagi umid uchquni so‘nmayotganini. Umid mening yagona haloskorim edi", - deydi u.

Judning dahshatli kunlari 30 yillik turmush o‘rtog‘i bilan ajoyib ta‘tildek namoyon bo‘lgan sayohat chog‘ida boshlandi. Devid "Faber end Faber" nashriyot uyining moliyaviy direktori edi.

Ular turmush qurishdan avval ilk marta Afrikada uchrashganlar va Devid Afrikani juda sevardi.

Image copyright Getty
Image caption Juditni 2012 yili mart oyida ozod qilganlariga qadar 192 kun tutqunlikda ushladilar

2011 yil sentyabrida, Keniyaning Masay Mara nomli jonzotlar himoya qilinuvchi hududida bir hafta dam olgach, ular Keniyaning Lamu orollaridagi Kivayu Bich kurortiga kelib joylashdilar. Bu dam olish maskani Somali qirg‘og‘idan atigi 40 chaqirim uzoqlikda joylashgan.

Jud bu yerda boshidanoq o‘zini noqulay his etdi.

"Nimadir yoqmadi menga. Juda sokin joylar edi. Menga u yerda bizdan boshqa hech kimsa yo‘qligi aytilganda, o‘zimni g‘alati sezdim", - deydi u.

"Bizga berilgan xona boshqa binolardan juda uzoq edi. Devid esa, "Havotir olma, bu bizning Robinzon Kruzocha sarguzashtimiz bo‘ladi", - dedi.

Lekin, birinchi tundayoq Jud qorong‘ida Devidning kim bilandir kurashayotganidan uyg‘onib ketdi. Keyin unga kimdir miltiq o‘qtadi va qirg‘oqqa sudradi.

Oyoqyalang, tungi kiyimlaridagi Judni kemadagi yoqilg‘i kanistrlari ustiga uloqtirishdi va kema dengiz sari yuqori tezlikda suza ketdi.

"Meni uloqtirishganda boshimni kanistrga urib oldim va qoshim yorildi. Miyam qizib borardi, nimalar bo‘layotganini tushunishga urinardim", - deydi u.

Biroq, bu dahshatli onlarda ham Jud vaziyat ustidan nazoratni qo‘lga olishga urindi. U garovgirlari bilan yaxshi va ishonchli munosabatni o‘rnatish uchun ularga qarab jilmaydi.

Image copyright Getty
Image caption Juditni mana shu chaylalardan dengiz tomon olib qochishgan

Britaniyada ruhiy kasalliklar mutaxassisi bo‘lib ishlagan Jud qaroqchilar bilan imkonqadar do‘stona aloqaga o‘rnatishga urinishi kerakligiga ishonardi.

Tutqunlikdagi bir necha hafta o‘tkazganidan so‘ng u somalichasiga "iltimos" va "rahmat" deyishni o‘rganib oldi. U qaroqchilar uni faqat sotiladigan mahsulot emas, inson sifatida ko‘rishlarini istadi.

"Men bu odamlardan nafratlansamda, ular bilan noma‘lum muddatga qolishim va shuning uchun ular bilan yaxshi aloqalarni o‘rnatishim lozimligini anglardim", - deydi u.

Lekin, Jud nazoratni to‘laligicha qaroqchilari qo‘liga berishdan bosh tortdi.

"Ular meni boshdan oyoq somalicha kiyimga o‘ramoqchi bo‘lishdi, to‘liq hijob va jilbob, va hokazolar. Ularni kiyganimda, qaroqchilardan biri "Voh-voh, qanday go‘zal somalilik ayol!" deb meni maqtadi.

"Men somalilik ayol emasman, somalilik ayol bo‘lishni istamayman ham, shunday ekan, darrov bu ustboshlarni yechib tashladim. Bu kiyimlardan juda nafasim siqilgandi va o‘zimni yot his qildim."

"Muhimi o‘zligingni yo‘qotmaslik. Ular seni qanchalar xo‘rlab, yerga urmasin, o‘z o‘zingga kimligingni har doim eslatib turishing kerak. Men hali ham Jud edim va Jud bo‘lib ozodlikka chiqishni istardim".

Diqqinafas, kir xonada saqlangan Jud o‘zini jismonan sog‘lom tutishga ham urindi. U kuniga har soatda yarim soatdan xonasida yurish bo‘yicha reja ishlab chiqdi.

Qaroqchilarni hayron qoldirib, pilates mashqlarini ham kanda qilmadi.

U quvvati bor vaqtida mashqlarni muntazam ravishda bajardi, ammo oylar o‘tib, ovqat ozligidan holdan toydi.

Judni ozod qilish yo‘lidagi muzokaralar tutqunligining ilk kunlaridayoq boshlangan. Bir necha hafta o‘tgach, uning o‘g‘li Olli onasi bilan qaroqchining telefoni orqali suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

Image caption Judit Afrikadagi ta‘til turmush o‘rtog‘i bilan o‘tkazgan eng shirin onlari bo‘lishini orzu qilgandi

"Men Ollidan "Dadang qanday? Dadang bu voqealarni qanday qabul qilayapti?" deb so‘radim".

Jud Devid omon qolganiga va o‘z rafiqasini ozod qilish uchun harakat qilayotganiga o‘zini ishontirgandi.

"Lekin, Olli "Oyi, dadam haqida sizga bir narsani aytishim kerak. U jarohatlaridan omon qolmadi", dedi. Men esa, "Nimalar deyapsan? U o‘ldi demoqchi bo‘layapsanmi?" deyishim bilan, qaroqchi uch daqiqalik suhbatimizni uzib qo‘ydi".

"O‘sha payti qaroqchilarning hammasi shu xonada edi. Men ularga birma-bir yuzlanib, "Sen o‘ldirding erimni!", "Sen o‘ldirding erimni!" dedim. Ular birma-bir xonani tark eta boshladilar. Yonimda faqat rahbari qoldi. Men unga "Sen. Sen o‘ldirding!" dedim. Ko‘zini olib qochmaguncha, unga tikilib, shunday dedim. Vujudim nafratga to‘lib toshgandi".

Oxiri u chiqib ketdi.

Tutqunlik davomida Jud garovgirlari borasida dalil-isbot yig‘ishga urindi: ularning ko‘rinishlarini eslab qolishga, hamda uning daftari va fonariga tekkanlarida, ularning DNKsini saqlab qolishga urindi. U o‘z garovgirlari bir kun qo‘lga olinishi va javobgarlikka tortilishlariga umid qildi.

Image copyright Getty
Image caption Bu surat qaroqchilar hujumidan atigi bir necha soat avval olingan

Lekin, Jud o‘z garovgirlari o‘lishini istamaydi. U o‘ch olish ilinjida yashashni ham istamaydi. "Men ularni butun o‘y-fikrlarimni egallab olishdek qudratga ega bo‘lishlarini xohlamayman. Ular faqat men istaganimdagina, fikrlarimga kira oladilar", - deydi u.

Bir necha hafta o‘tib qaroqchilar Judga radio berishgan va u BBC jahon xizmatining xabarlarini tinglay boshlagan.

"Men qorong‘i xonada o‘tirib sizni tinglardim. Bu men uchun qanchalar muhim bo‘lganini siz tasavvur ham qila olmaysiz!".

"Sizlar Xartfordshirdan Somalilandga qaytgan va Somalilandni oyoqqa turg‘azishga ishongan ayolni intervьyu qildingiz. Shuni tingladim. Somali ham shunday qayta tiklanishi kerak".

Jud Somali va jahonning boshqa qismlarida garovda ushlab turilgan insonlarga murojaat etadi. "Men bu insonlarga "Umidingizni uzmang, sizni unitib qo‘yishgani yo‘q" demoqchiman", - deydi u.

"Siz beumid bo‘layotgandirsiz, lekin qayerdadir kimdir sizni ozod qilish uchun kurashayapti".