"Ma‘naviy masnaviy"ning har lahzasidan ta‘sirlanganimni aytib ado qilolmasam kerak"

Odil Ikrom 1960 yil, 26 yanvarda Isfara shahrining Ko‘lkent qishlog‘ida tug‘ilgan.

1977-81 yillarda Leninobod Davlat Pedagogika instituti (hozirgi Xo‘jand Davlat Universiteti)ning tarix-filologiya fakultetida tahsil olgan.

1990-yilda SSSR Yozuvchilar Ittifoqiga a‘zo qilinadi.

Ilk kitobi "Ufq daraxti" 1991 yilda chop etilgan.

Shoirning shuningdek, "Tahajjud"(2007), "Tahammul", "Uzlat"(2012) kabi kitoblari adabiyot ixlosmandlariga yaxshi ma‘lum.

U Muhammad Iqbol, Naqibxon To‘g‘ral, Furug‘ Farruxzod, Nodir Nodirpur, Loyiq, Farzona, Sayidali Ma‘mur, Ahmadjon Rahmatzod, Ozaraxshning she‘riy to‘plamini, Zahiriy Samarqandiyning "Xotinlar makri" (I.Bekjon bilan birgalikda), Muhammad Subhonning "Qora chiroq" nasriy asarlarini, shoir Loyiqning "Onajonim" nomli turkum she‘rlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.

Mumtoz adabiyot namunalari tarjimasi orqali ancha tajriba to‘plagan ijodkor murakkab ishga qo‘l uradi.

Jaloliddin Rumiyning "Ma‘naviy masnaviy" asari hamda Mirzo Abdulqodir Bedil masnaviylarini o‘zbek tiliga o‘girishni boshlaydi.

Odil Ikrom hozir yangi she‘riy to‘plami hamda yangi va eski she‘rlardan iborat "Saylanma", shuningdek, Jaloliddin Rumiyning "Ma‘naviy masnaviy" asari tarjimasi (uchinchi kitobi) ustida ishlayotganini aytadi.

Ayni paytda shoir ijtimoiy tarmoqlar orqali ham o‘z ijodidan namunalar e‘lon qilib bormoqda.

Odil Ikrom she‘rlaridan namunalarni mana bu manbada o‘qishingiz mumkin.

Odil Ikrom oilali, farzandlari bor.

Odil Ikromning BBC o‘quvchilari savollariga javoblari

---------------------------------------------------------------------------

BBC: Bugungi BBC mehmoni tojikistonlik taniqli o‘zbek shoiri va tarjimon Odil Ikrom bo‘ladilar. Odil aka, dasturimizga xush kelibsiz!

Odil Ikrom: Rahmat, xushvaqt bo‘ling!

BBC: Siz bilan suhbatimiz muqaddas Ramazon oyida o‘tayotganidan xursandman. Ro‘zalar bilan charchamayapsizmi?

Odil Ikrom: Allohga shukur, ro‘zaning zavqini totyapmiz.

BBC: Odil aka, avvaliga tug‘ilgan joyingiz, ota-onangiz, bolaligingiz haqida xotirlab o‘tsangiz. Ularning adabiyotga mehr qo‘yishingizda ko‘rsatgan ta‘siri qanchalik?

Odil Ikrom: Men Tojikistondagi Isfara deb atalgan shaharning Kelkent qishlog‘ida tug‘ilganman. Asli farg‘onalikmiz. O‘tgan asrning yigirmanchi yillarida bobom Sayid Ikromxon Beshariq tumanidan Isfara uyezdiga kelib qolishgan va Kelkent qishlog‘idan qo‘nim topganlar. Taqvodor, ma‘rifatli, adolatparvar va haqparastliklari bois qatauon yillarida otuvga hukm qilinganlar.

Otam Qorixon (asli ismlari Sayid Ibrohimxon) Sayid Ikromxon o‘g‘li 2004 yilda, onam Istadxon Usta Vallami qizi 1984 yilda, akam Qodirxon 2008 yilda vafot etganlar.

Akam Sayfulloxon – asli, o‘qituvchi, bir necha she‘riy va tarjima kitoblari muallifi. Opam Sharofatxon – kolxozchi. Singlim Muhayyoxon – uy bekasi, ayni paytda Beshariqning Qopqon qishlog‘ida yashaydi.

She‘riyatga havas paydo qilishimga akam Sayfulloxon sabab bo‘lgan.

BBC: Endi savollarga o‘tsak. Almaz shunday savol yo‘llabdi:

Almaz: Adabiyot va san'at insonning ma'naviy yuksalishida xizmat qiladi yoki qilishi kerak deymiz, lekin bugungi shuncha ba'diiy, she'riy asarlar, kino va teatr (qo'shiqchilikni ham qo'shmoqchi edim, lekin hozirgi holatni eslab tilga olmadim)larning turli obraz orqali ya'ni bilvosita berishga harakat qilgandan, bugun kunda to'g'ridan to'g'ri pand-nasihat berish yo'li qulay emasmi.? Badiiy asardagi muammoni hamma ham ajrata olavermaydiku? )

Odil Ikrom: Bu fikringizga qo‘shilolmayman. To‘g‘ri, donolar aytganday, talantsiz ijodkor yozgan roman qisqartirilib, keraksiz joylari olib tashlansa, oqibatda bitta hikmatli so‘z qoladi… Yomon asar uchun badiiy adabiyotni javobgar bilib, uning vazifasini mensimaslik – insofdan emas. Qolaversa, pand-nasihatlar ham – adabiyotdan tashraridagi hodisa emas. Ularning o‘z o‘rni bor. To yer yuzida odam bor ekan, adabiyotga, san‘atga ehtiyoj paydo bo‘laveradi.

BBC: Tojikistondagi O‘zbek adabiy muhiti haqida ikki kishi so‘rabdi. Jumladan, Tojikistonning Spitamenidan Ravshan Shamsning audio savolini eshitamiz, marhamat!

Ravshan Shams: Assalom alaykum Odil aka! Sizdek kalami o‘tkir vatandoshimiz borligidan faxrlansak arziydi. Ajoyib she‘rlaringiz, ayniqsa keyingi oylardagi tarjimon sifatidagi ijodingiz tahsinga sazovor. Lekin, rosti gap savolim ijodizdan ozgina chekkaroqdan.

Odiljon aka, Xo‘jandga kelgan dastlabki yillaringizni ko‘p eslayman, Xo‘jand adabiy muhitiga kirib kelganingizda bir katta kuvonchni tuygandim, lekin bu yerdagi e‘tiborni u qadar deb tuymayman. Ba‘zilar buni Tojikiston adabiy muhitidagi guruhbozlik deb izohlashadi. Xaqiqatdan shundaymi?

Shu mavzudagi yana bir savol O‘shlik Muhiddindan: Tojikistonda o‘zbek ijodkorlari uchun mavjud ijodiy muhit qanday? Asarlarni chiqarishda qandaydir muammolar bo‘ladimi? Tojikistondagi o‘zbek ijodkorlari haqida gapirib o‘tsangiz. Toshkent bilan avvalgiday adabiy munosabat bormi?

Odil Ikrom: Juda yaxshi savol yuborishibdi, rahmat! Tojikistondagi o‘zbek adabiy muhitining ichida emasman. Chekkarog‘dan kuzatganda, ko‘p hodisalar yanada ayon ko‘rinadi. Fikrimcha, Tojikistonda bir-birining manfaatlarini himoya qiladigan guruhlar, to‘dalar mavjud. Ammo, yagona adabiy muhit yo‘q. Tojikiston hukumati hamda Yozuvchilari Ittifoqi tomonidan o‘zbek ijodkorlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilib berilgan. hozirga qadar bu jabhada biror to‘siq, taqiq, muammo bo‘lmagan. O‘zbek ijodkorlarining hukumat mablag‘i hisobidan chiqarilayotgan kitoblari, Yozuvchilar Ittifoqi qoshida, Dushanbeda ham, Xo‘jandda ham, o‘zbek sektsiyalari mavjudligi fikrimga dalil bo‘lsa, ajabmas. Ammo, o‘zbek sektsiyasi mutasaddilari mavjud imkoniyatlardan to‘laligicha foydalanmaydi, ya‘ni, latifada aytilganidek, tilla baliqdan, nari borsa, "bir kosa sosiska" so‘raydi… Bu muhitda qalami to‘mtoqlashib qolgan ijodkorlar tuzukroq she‘riy yoki nasriy asar yozish o‘rniga, bir-birining ustidan yozadi. Uch-to‘rt yil burun o‘zbek sektsiyasi qoshidagi "Sanoye‘ nafisa" to‘garagining qizg‘in faoliyatini e‘tirof etgan holda, demoqchimanki, ichqoralik, xushomadgo‘ylik, tarafkashlik asosiga zulm bilan qurilgan bu muhitning oxiri vayronalikdir.

Yana bir muammo – matbuot saviyasining pastligi. Ayrim do‘stlarga qattiq tegsa ham, bir gapni aytmay o‘tolmayman: Tojikistonda o‘zbek tilida tuzukroq maqola yozadigan savodli jurnalistlar yo‘q, hisobi. Poytaxtda bitta-yarimta xalq, millat dardini, ijtimoiy muammolarni matbuotda yoritadigan jurnalistlar borligini inkor etmayman. Qizig‘i shundaki, obuna vaqti yaqinlashsa, gazeta va jurnal rahbarlari xalqqa qarab: "Yarim yillik obuna puliga, juda nari borsa, bir kilo go‘sht beradi, shu go‘shtdan kechib, ma‘naviyat haqqi-hurmati, gazetamizga obuna bo‘linglar" deb va‘z o‘qiydi. Shaxsan menga, xalqning o‘rtamiyona bir vakili sifatida tanlash huquqi berilsa, hozirgacha chiqayotgan, shoira Farzona aytganday, tokchalarga terib qo‘yishdan boshqasiga yaramaydigan gazeta va jurnallardan bir kilo go‘shtni afzal deb bilaman… Tojikistonda, hukumat gazetalaridan tashqari, mening bilganlarim, o‘zbeklar jamiyatining "Haq so‘z", "Qadriyat" gazetalari hamda o‘zbeklar ma‘rifati va madaniyati markazining "Ma‘naviyat" gazetasi va "Sharqnoma" jurnali onda-sonda chiqadi. Xorazmshohning lashkariday bu tarqoq muhitda o‘zbeklar ma‘rifati va madaniyati markazida to‘rtta o‘zbekning birlasholgani - tahsinga loyik, albatta. Ammo, men yuqorida nomlarini sanagan gazetalarni saksoninchi yillardagi "Sovet Tojikistoni", to‘ksoninchi yillardagi "Qadriyat" gazetasi, besh-olti yil burun chiqib, ayni paytda o‘ligi ko‘chada qolgan "Tong" gazetalari bilan solishtirsak, tafovut – yer bilan osmon qadar… Gazetalarning tiraji ham faxrlanishga arzimaydi. Ikki millionga yaqin o‘zbek yashaydigan mamlakatda gazetalarning ming, ikki ming tirajda chiqishi – qip-qizil sharmandalikdan boshqa narsa emas!..

Tojikiston o‘zbek adabiy muhitidagi yana bir muammo – savodsizlikning, o‘rtamiyonachilikning avj olganligi va e‘zozlanishi. Butun boshli bir mamlakatning o‘zbek ijodkorlari orasida aruz vaznini bilsa, atigi ikki yoki uch kishi biladi, deb o‘ylayman. O‘lmas Jamol, Ne‘mat Ibrohim… Bu "qizil kitob"ga "Feysbuk"da e‘lon qilingan g‘azallari bilan e‘tibor qozongan do‘stimiz, talantli shoir Dilmurod Qurbonovni ham qo‘shish mumkin… Ammo, qanshariga "G‘azallar" deb muhr bosilgan kitoblar, turkumlarning son-sanog‘i yo‘q. Ularning birortasida aruz vaznining, hatto, ibtidoiy qonun-qoidalariga rioya qilinmagan. Minbarlardan "aruzshunosman", "tasavvufshunosman" deya jar solib, o‘ziga bino qo‘ygan "olim"lar pana-panada, Abdullo Zuhur aytganday, xushomadgo‘ylari bilan aroq ichishning o‘rniga, shu muammoga zahil nigohini qaratmasligining sababi bitta: Muttahamlik! har qanday oshdan tosh topa oladigan "adabiy killer"lar tomonidan bu hilqatga qurol o‘qtalmasligining sababi bitta: Odamning yuzi – issiq! Tanish-bilishchilik… Ammo, ular "mo‘min mo‘min uchun ko‘zgu" degan hikmatni to‘tiqushday, odob bilan takrorlashdan charchamaydi.

Yana bir muammo – tarjima sohasidagi "oldi-berdi"lar. Xo‘jand adabiy muhitidagi o‘zbek ijodkorlari orasida o‘zining it ham o‘qimaydigan asarini tarjima qildirish evaziga tojik tilidagi saviyasi past asarlarni tarjima qilib, o‘zbek o‘quvchisiga "taqdim" etishdan uyalmaydiganlar ko‘p. O‘zini yozuvchi deb bilgani ham, shoir deb bilgani ham o‘z o‘rnini, uslubini, so‘zini yarata olgan zamonaviy yozuvchilardan Temur Zulfiqorov, Bahmanyor, Fazliddin Muhammadiyev, Sattor Tursunni; fors-tojik mumtoz adabiyotining ko‘zga ko‘ringan, ammo, hali biror marta ham tarjima qilinmagan vakillari, jumladan, Soib, G‘olib, Sanoiylarni nega o‘zbek tiliga o‘girmaydi? Sababi bitta: Nafasi yetmaydi, aqli yetmaydi, qurbi yetmaydi. Qolaversa, ulardan foyda yo‘q, chunki, biz nomlarini sanaganlarning aksariyati - marhum, tiriklari esa rahbar lavozimida ishlamaydi…

Xullas, eng yaxshi asarlarni, nafaqat, tojik tilidan o‘zbek tiliga, balki, o‘zbek tilidan tojik tiliga tarjima qilishni yo‘lga qo‘yishning vaqti allaqachon o‘tib ketayapti.

Toshkent bilan avvalgiday adabiy munosabatlar bormi? degan savolga ham javob berishga to‘g‘ri keladi. Eng qizig‘i, O‘zbekiston va Tojikiston adabiy aloqalari haqida so‘z ketsa, ming yildan buyon bitta gapni, azbaroyi ko‘p chaynamoqdan siyqasini chiqarib yubordik: Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy… Mirzo Tursunzoda va G‘afur G‘ulom… Go‘yoki, nomlari zikr qilinganlardan so‘ng ijodkor zoti yaralmagandek, yaralsa ham do‘stlashishga fursat yo farosat topolmagandek… Nega bu ro‘yxatni davom ettirolmaymiz? Nega Loyiq bilan Erkin Vohidov, Bozor Sobir bilan Abdulla Oripov, Gulnazar Keldi bilan Usmon Azim, Kamol Nasrullo bilan Xurshid Davron, Gulruxsor bilan Halima Xudoyberdiyeva, Farzona, Adiba Xo‘jandiy bilan Halima Axmedova, Zebo Mirzo, Xosiyat Rustamovalarning adabiy aloqalari, chegara bilmas do‘stona munosabatlari haqida og‘zimizni to‘ldirib gapirolmaymiz va faxrlanolmaymiz? Buning sababi nimada ekanligini o‘ylab, hanuz o‘yimga yetolganim yo‘q… Eshitishimga qaraganda, ayni paytda, Xo‘jandda chiqadigan "Sharqnoma" jurnali tomonidan O‘rta Osiyo xalqlari adabiy-madaniy aloqalarini tiklash borasida harakatlar bo‘layapti va bu xayrli ishlar oqibatni unutgan kenglimizga, sal belsa-da, taskin beradi.

O‘ktam Rizayev: Avvalambor, Assalomu alaykum! Bir necha savollarim bor. Tarjimonlikka kirib kelishingiz harida gapirib bersangiz, kim sababchi bo‘lgan, kimlarga havas qilgansiz?

Odil Ikrom: Vaalaykum assalom! Tarjima sohasiga maxsus kirib kelmaganman va o‘zimni tarjimon deb bilmayman. Til o‘rganish maqsadida talabaligimda kursdoshim Abdullo Zuhurning taklifi bilan tojik shoirlaridan o‘zimcha tarjimalar qilib yurardim. Keyinroq Eron shoirasi Furug‘ Farruxzodning bir turkum she‘rlarini o‘zbek tiliga o‘girdim. Furuuni tarjima qilish jarayonida fors tili mutaxassisi Ismoil Bekjon hamda rahmatlik do‘stimiz Asqar Mahkamning foydali maslahatlaridan bahramand bo‘lganman. Keyinchalik Farzona, Ozaraxsh, Loyiq, Muhammad Iqbol, Nodir Nodirpur, Naribxon To‘g‘ralning kitoblarini va deyarli barcha zamonaviy tojik shoirlarining she‘rlarini o‘zbek tiliga o‘girdim. "Masnaviy" tarjimasiga uch-to‘rt yil burun kirishdim. Hozir uchinchi kitobi tarjimasi bilan bandman. "Masnaviy"ning ikki kitobidan ayrim hikoyatlarni sahifamda e‘lon qildim. O‘rni kelganda, tarjimalarimga ijobiy munosabat bildirgan do‘stlarga, xususan, diqqat bilan o‘qib, ayrim tanqidiy fikrlarini ham darig‘ tutmagan Matluba Mehr, Jo‘rabek Ramazonov, Saidjahon Zaynobitdinov, Sharif Xolovlarga minnatdorchilik bildiraman.

O‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girilgan tarjimalar va havas qilsa arziydigan tarjimonlar ko‘p.

O‘ktam Rizayev: Tarjimasi eng qiyin kechgan kitobingiz qaysi?

Odil Ikrom: Ikkinchi savolga javob shuki, har qanday asar tarjimasi, dastlab, qiyin kechadi. Men uchun Furug‘ Farruxzodni o‘zbekchalashtirish qiyinroq kechgan. "Masnaviy"da ham aruz talabi bilan ayrim murakkab jumlalarni sof o‘zbek tiliga o‘girish qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy.

O‘ktam Rizayev: Tarjima narxiga to‘xtalsangiz, yaqinda bir tarjimondan eshitdim. 1360 betli kitobni o‘zbek tiliga tarjima qildi. 2 yil umri ketibdi. Har betiga o‘n dollardan berishlarini so‘rayman deyapti. Bunga nima deysiz?

Tarjima narxi haqida tasavvurim yo‘q. Chunki, bu "savdo"ni boshdan kechirmaganman… Nima ham derdim, savol bergan do‘stimizning tanishlariga omad tilayman.

BBC: Umid Xolliyev xam bir nechta savol yullagan:

Islom olamida shoirlar payg‘ambari, payg‘ambarlar shoiri deb tariflanadigan J. Rumiyni bugungi kitobxon va din namoyondalari qay darajada o‘rganishlari kerak?

Odil Ikrom: Savol uchun rahmat! Men rumiyshunoslik iddaosidan yirog‘man. Bor-yo‘g‘i, "Masnaviy"ning ikki kitobini o‘zbek tiliga o‘girdim, xolos, ya‘ni Rumiyni anglash ibtidosidaman. Shunday bo‘lsa-da, ushbu savolga imkonim darajasida javob berishga urinib ko‘raman.

Darhaqiqat, Abdurahmon Jomiy "Garchand, payg‘ambar bo‘lmasa-da, payg‘ambarona kitobi bor" deya ta‘rif bergan Mavlono Jaloliddin Rumiydan bugungi kitobxon va din namoyandalari Islom va iymon mohiyatini o‘rganishi kerak deb o‘ylayman. Mavlono "Ma‘naviy masnaviy" asaridagi hikoyatlarining birida

Mo zabonro nangaremu holro,

Mo ravonro bingaremu holro,

Ya‘ni, biz til va so‘zga qaramaymiz, biz ruhning holiga nazar solamiz, deya shaklga emas, ko‘proq mazmunga boqish kerakligini, zohiriy ko‘rinishlarning o‘zigagina nazar solish - taqlid nodonlik, jaxolatparastlik ekanligini ta‘kidlaydi. "Masnaviy"ning Muso (a.s) va cho‘pon xususidagi o‘sha hikoyatida {arra, faqat, tili, vujudi bilan intiluvchilarning soxta muhabbatidan ko‘ra, oddiy cho‘ponning chin ko‘ngildan Xudoga qilgan murojaatidagi qusur va kamchiliklarning "yuz ming savobdan yaxshiroq" deyilishi hamda "qalb hurligi"ning ulug‘lanishi ayrim din namoyandalariga erish tuyuladi. Chunki, ular hikoyatdagi bu fikrni islomning mohiyati va qadr-qiymatini pastga urish, deb tushunadilar. Holbuki, hikoyatdagi asosiy mazmun, menimcha, Xudoga cho‘pon yanglig‘ murojaat qilishga da‘vat emas, balki, har kimning Allohga o‘z maqomida muhabbatini izhor qilishiga imkon va yengillik yaratish, "xaroba qishloqdan xiroj talab qilmaslik", soxta so‘z, va‘zlardan ko‘ngil pokligini afzal bilish, deb o‘ylayman…

Bugungi kitobxon Rumiyning asarlarini o‘qib, jon osoyishtaligi – nafs, kibrga qarshi jangda qo‘lga kiritilishini, ko‘ngilni poklamay shariat yo‘lini tutish, zang ustiga surilgan bo‘yog‘day, baribir yuzaga qalqib chiqishini va nafsimiz, kibrimiz zangini hech qanday salla, chopon, soqol yashira olmasligini anglashiga shubham yo‘q.

Umid Xolliyev: Jaloliddin Rumiyning dindagi firqalarga bo‘linishlarga munosabati qanday bo‘lgan?

Odil Ikrom: Jaloliddin Rumiy dindagi mazhablarga bo‘linishlarni, faqat, zohiriy, shakliy kelishmovchilik deb anglagan. "Men yetmish ikki mazhab bilan birdirman" deyishining o‘zi, barcha mazhablardagi xilma-xil qarashlarning bir maslakka yo‘nalganini anglaganiga dalildir. Najmiddin Komilovning Asqar Mahkam tarjima-sharhidagi birinchi kitobiga yozgan "Rumiyni anglash ishtiyoqi" nomli so‘zboshisida bu haqda batafsil ma‘lumot berilgan. Bir so‘z bilan aytganda, "Masnaviy"da ta‘kidlanganidek: "Ishqqa yorlar mazhabi – yolg‘iz Xudo…"

Umid Xolliyev: Jaloliddin Rumiy ijodi Yevropa adabiyotiga qanday o‘z ta‘sirini o‘tkazgan?

Odil Ikrom: Men "Masnaviy"ni to‘liq tarjima qilmay turib, bu savolga aniq javob berolmayman. Ayrim ishonchli ma‘lumotlarga qaraganda, Rumiy asarlari, xususan, "Masnaviy" dunyoning to‘rt tomonida eng sevib o‘qiladigan asarlar jumlasiga kiradi. Rumiy asarlarining G‘arb adabiyotiga ta‘siri mavzusi katta tadqiqotni talab qiladi. Nimanidir axtarib safarga chiqqan odam izlagan matohini o‘z uyidan topgani kabi, biz mahliyo belgan g‘arb adabiyotining aksariyat yozuvchilari Rumiydan ta‘sirlangani yaqin kelajakda oshkor bo‘lsa, ajabmas. Zero, Rumiy, ta‘bir joiz bo‘lsa, Sharqdan chiqib, Sharqning o‘ziga botadigan quyosh emas. Qolaversa, shoir va tarjimon Ja‘far Muhammadning "Paulo Koeloning "Alkimyogar" asari sharq adiblarining asarlari, xususan, Jaloliddin Rumiyning "Masnaviy"sidagi bir hikoyat ta‘sirida yozilgan bo‘lishi kerak", degan taxminida jon bor deb o‘ylayman.

Muborak (Turkiya): Jaloliddin Rumiy asarini tarjima qilishga nima undadi? Tarjima jarayonida sizga ta‘sir qilgan jihatlar bilan ozroq o‘rtoqlashsangiz.

Odil Ikrom: Xo‘p bo‘ladi. Jaloliddin Rumiyning "Ma‘naviy masnaviy" asariga qizirishim, ancha oldin, Toshkentda ishlab yurgan paytlarimda, ya‘ni, o‘tgan asrning 80-yillarida paydo bo‘lgan. O‘shanda Dushanbeda chiqqan "Hikoyatho az "Masnavii ma‘navii" nomli kitob qo‘limga tushib qoldi va bir-ikki hikoyatlarni o‘zimcha tarjima qilishga urinib ko‘rganman. O‘sha yillarda Jamol Kamol tomonidan hassoslik bilan o‘girilgan Radiy Fishning "Jaloliddin Rumiy" romanini o‘riganimdan so‘ng, Mavlaviy dunyosiga qiziqishim yana kuchaydi. Ammo, tajribasizligim, tirikchilik tashvishlari sabab bo‘lib, bu jarayonda, Mavlono tili bilan aytganda, ma‘lum muddat sukut yuz berdi… Bundan yetti yo sakkiz yil avval alloma Muhammad Iqbolning ruboiy va to‘rtliklari tarjimasiga kirishganimda, Iqbolning butun boshli ijodi Rumiy asarlari, xususan, "Masnaviy" zavqi va sharhidan iborat ekanligining guvohi bo‘ldim. Iqbolni o‘zbek tiliga o‘girishim meni Rumiyga yanada yaqinlashtirdi, desam mubolag‘a bo‘lmas. Butunlay inkor – zimmasida mas‘uliyati bo‘lmagan odamlarning yagona ovunchog‘i. Shu bois, o‘zimdan oldingi tarjimonlarning salmoqli mehnatini qadrlagan holda "Masnaviy" tarjimasiga kirishdim va, iloji boricha, uni o‘zbekchalashtirishga harakat qildim. Mening bu holatim va maqsadim "Masnaviy"ning mendan keyingi tarjimonlarida ham yuz berishi tabiiy hol deb o‘ylayman.

"Masnaviy" tarjimasi jarayonining har lahzasidan ta‘sirlanganimni aytib ado qilolmasam kerak. Muhammad Iqbol aytganiday: "Birgina "Allohu akbar" kalomining azobi, zavqi, ta‘siriyu tafsiri besh mahal ado etilajak namozga sig‘maydi". "Masnaviy" tarjimasi jarayonida shu lahzani yashab, shu haqikatga iqror bo‘ldim desam, xato bo‘lmaydi.

Qo‘qondan Ulug‘bek: Samarqandiyning siz tarjima qilgan "Xotinlar makri"ni internetdan o‘qigandim. Unda ajoyib ibratli hikoyatlar bor. O‘zingiz ham ayollar makriga duchkelganmisiz hayotda?

Odil Ikrom: Ajoyib savol. Kimki, o‘zini ayollar, aniqrog‘i, xotinlar makriga duch kelmaganman desa, u zot yo hali tug‘ilgan emas, yoki o‘lik. Xudoga ming qatla‘ shukurkim, meni ham ko‘p qatori bu ne‘matdan bebahra qoldirmagan. Ammo, nolimayman. Chunki, men boshimni o‘sha devorlarga urib olganimda, boshimga emas, ko‘proq devorlar darziga achinganman.

BBC: Odil aka, qimmatli vaqtingizni ayamay suhbat qilganingiz uchun katta rahmat! BBC tinglovchilari va muxlislaringiz uchun tilaklaringiz bo‘lsa marhamat!

Odil Ikrom: Avvalo, lozim topib, suhbatga taklif qilganlaring uchun rahmat! Tilaklarim ko‘p. Shulardan biri – osmon hech qachon qulab tushmasin va yer chappa aylanmasin! Bunday tilak bildirishimga sabab, o‘quvchiligimda geografiya darsligida ko‘rganim bir suvrat hanuz ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Unda suv, ulkan baliq va baliq ustida bir bahaybat ho‘kiz shoxi va gavdasi bilan yerni ko‘tarib turibdi… Agar yerimiz, ham o‘z ma‘nosida, ham ko‘chma ma‘noda chappa aylansa, ya‘ni, to‘ntarilsa, o‘sha manzaraning teskari ko‘rinishi yuz beradi, ya‘ni, ho'kiz yerni emas, yer ho‘kizni, ho‘kizlarni ko‘tarib yuradi. Bu ko‘rgulikdan Xudoning o‘zi asrasin, deyman va "BBC"ning barcha tinglovchilariga, mehnatkash xodimlariga, erku iymon yo‘lida davomiylik, sobitlik va omad tilayman! Salomat bo‘ling!.