Vatandosh.com websaytiga bir nazar

Image caption Vatandosh.com saytiga bir nazar

Amerika Qo‘shma Shtatlarida nashr etilayotgan "Vatandosh" gazetasi Amerikada yashayotgan o‘zbeklar uchun mo‘ljalangan. Ayni bir paytda gazetaning vatandosh.com web-saytini dunyoning hamma tomonida o‘qish mumkin.

Web-sayt o‘z o‘quvchilarini O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan yangiliklar bilan tanishtirib turishga harakat qiladi. Keyingi yangiliklar orasida RIA "Novosti" axborot agent-ligiga tayanib berilgan bir xabar diqqatni tortadi.

"Toshkent shahar xo‘jalik sudi "Unitel" MChJ ("Beeline" savdo belgisi ostida faoliyat yuritadi)ning monopoliyaga qarshi organlar tomonidan monopol tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgani haqidagi qarori bo‘yicha shikoyatini qanoatlantirmadi. O‘z navbatida, sud "Coscom" MChJ XK ("Ucell" savdo belgisi ostida ish olib boradi)ning xuddi shunday shikoyatini qanoatlantirgan," deya boshlangan bu xabar.

Sud vakiliga ko‘ra, sud taqdim etilgan materiallarni o‘rganib chiqqan hamda "Unitel" O‘zbekiston aloqa bozorida yetakchi o‘rinni egallashini belgilagan va bunday taomil doirasiga "Coscom" MChJ XK tushmasligini ma‘lum qilgan.

Beeline vakili kompaniya yaqin kunlar ichida sud qarori bo‘yicha apellyatsiya berishini ma‘lum qilgan. O‘zbekistondagi mobil operatorlari – "Unitel" XK MChJ ("Beeline") va "Coscom" XK MChJ (Ucell) joriy yilning iyun oyida Toshkent shahar Xo‘jalik sudiga da‘vo arizasini bergan edi.

Shu o‘rinda vatandosh.com may oyida Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi ikkita operatorni yuqori mavqega ega bo‘lgan korxonalarning davlat reyestriga kiritganligini eslatadi. Qo‘mita ma‘lumotlariga ko‘ra, uyali aloqa bozorida "Unitel"ning ulushi 54 foiz, "Coscom"ning ulushi 41 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, O‘zbekiston xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni ri-vojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekistondagi ikkita mobil aloqa operatorini kelish-gan holda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi uchun umumiy hisobda 30 mil-lion so‘m jarima solgandi.

Tojikistonni chetlab o‘tadigan temir yo‘l

Web-saytdagi Qamchiq dovoni bo‘ylab temir yo‘l qurish ishlari boshlangani borasidagi xabar ham qiziqib o‘qilmokda.

"O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbe-kiston Respublikasini 2013 yilning birinchi yarmida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlan-tirish yakunlari to‘g‘risida rasmiy axborot e‘lon qildi. Unda qayd etilishicha, O‘zbekis-ton "Angren-Pop" yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasini qurish ishlari boshlan-di. Temir yo‘l liniyasi haqida boshqa ma‘lumotlar keltirilmagan," deyiladi xabarda.

Web-saytda eslatilishicha, xalq deputatlari Andijon viloyati kengashining may oyi-dagi navbatdan tashqari majlisida nutq so‘zlagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Toshkent viloyatining Angren shahri va Namangan viloyatining Pop tuma-nini bog‘laydigan temir yo‘l qurilishini ma‘lum qilgan edi. U Angren-Pop yo‘nalishida umumiy uzunligi qariyb 125 kilometr bo‘lgan elektrlashtirilgan temir yo‘l qurish loyi-hasini amalga oshirishni ma‘lum etgandi.

"Shuni aytish kerakki, Farg‘ona vodiysi viloyatlari temir yo‘l qatnovlari Tojikiston Respublikasi hududi orqali amalga oshirilgan. Ammo keyingi paytlarda ikki davlat o‘r-tasida ayrim masalalarda savollarning tug‘ilishi temir yo‘l aloqasini amalga oshirishga halaqit bera boshlagan edi," deya yangi temir yo‘l qurish sabablari haqida to‘xtalar ekan vatandosh.com.

Islom Karimov "…Bugungi kunda Farg‘ona vodiysida 10 milliondan ortiq aholi yashaydi. "Oltin vodiy" deb nom olgan bu mintaqani O‘zbekistonning boshqa hududlari bilan temir yo‘l orqali bog‘lash masalasini e‘tibordan chetda qoldirishga bizning haqqimiz yo‘q", degan.

Angren-Pop temir yo‘li qurilishi 2016 yilda nihoyasiga yetkazilishi rejalashtiril-gan. So‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, ushbu loyihani ro‘yobga chiqarish 2 milliard dollarga aylanishi mumkin.

Favqulodda hodisami?

web-saytdagi militsiya xodimi o‘z aybini boshqaga o‘tkazmoqchi bo‘lganligi xabar ham o‘quvchilarda qiziqish uyg‘otayotgani tabiiy. Chunki tahlilchilar fikriga ko‘ra O‘zbekis-tonda militsiya xodimlari aybdor bo‘lgan holda ko‘pincha aybsiz topiladilar.

" Qarshi shahar ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi qo‘riqlash bo‘limi xodimi Hamdam Komilov ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Oqibatda mahalliy akademik litsey o‘qituvchisi Abdinazar To‘laganov halok bo‘ldi. Bu haqda "Iste‘molchi" gazetasiga tayanib, 12uz.com sayti xabar tarqatdi. Masalaning muhim jihati shundaki, Hamdam Komilov muqaddam sudlangan Yuldash Moyliyev bilan kelishib, aybni o‘z bo‘yniga olishga ko‘ndiradi", deya yoziladi xabarda.

Sud ishi jarayonida militsiya xodimi tergov idoralari vakillarini aldagani ayon bo‘la-di. Natijada jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi Hamdam Komilovni 7 yilga ozod-likdan mahrum etadi. Shu bilan birga, sud halok bo‘lgan To‘laganovning turmush o‘rtog‘iga 15,3 million so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha 7,2 ming dollar) moddiy va ma‘naviy jarima to‘lash haqida hukm chiqaradi. Yolg‘on guvohlik bergani uchun Yuldash Moyliyevni 2,5 yilga axloq tuzatish ishiga hukm qiladi.

Yurt sha‘nini ko‘tarmoq uchun Vatanda bo‘lish muhim emas

"Vatandosh"da Amerikada yashayotgan o‘zbeklar hayoti haqida maqolalar, ularning o‘zlari bilan suhbatlar berib boriladi. Ana shunday suhbatlardan biri "O‘zbek ayoli Amerikada: sabr, mehnat va yutuq" sarlavhasi bilan berilgan.

Suhbatdosh Sanobar opa Boboxonova 1946 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagan. "Poliz ekin-larini yetishtirishda suv rejimi" mavzusida dissertatsiya yoqlab, "Qishloq xo‘jaligi fan-lari nomzodi" unvoniga sazovor bo‘lgan olima.

To‘rt nafar farzandning mehribon onasi hamda o‘n bir nafar nabiraning sevimli buvijonisi bo‘lgan Sanobar Boboxonova hozirda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu York shahrida istiqomat qiladi. Amerikada Sanobar opa "O‘zbek-Amerika Jamiyati" ga asos soldi.

Sanobar Boboxonova "Vatandosh" muxbirining savoliga javob berar ekan, o‘zining olis Amerikaga kelishini shunday eslaydi:

"- Mustaqilligimizning ilk yillarida xalqimiz 130 yillik mustamlakachilik azob-lari sababli hali hanuz butunlay oyoqqa turib olmagan paytlari edi. Men esa farzand-larim, ularning kelajagi uchun har narsa qilishga tayyor edim. Ayni tijorat bilan shug‘ullanayotgan paytlarimda juda ziyoli olima va professor ayol bilan tanishib qoldim. U kishi qizlarini Amerikadagi bir o‘zbek yigitiga uzatayotganini aytdi va bu holat meni ozroq o‘ylantirdi. Men esa shunday madaniyatli ayolning bu qaroridan jasoratlandim va menda ham farzandlarim uchun imkoniyatlar doirasini kengaytirish fikri uyg‘ondi. Shundan keyin Allohning amri bilan men ham 13 va 15 yoshli ikki qizim - Madina va Maftunalarni oldimda, 1995 yil Amerikaga yo‘llandim. Kelganimizdan uchalamiz ham ishga joylashdik. Men "Oltin kalitcha" do‘konining oshxonasiga ishga kirdim. Bir kuni menejerimiz barcha ishchilarni yig‘ib shunday: "Menga qaranglar, Sanobar Toshkentdan kelgan. Toshkent – bu non shahri, bilasizlar-a, u yerning odamlari urush yillari biz yahudiylarni, ruslarni bag‘riga olgan, bir burda nonini baham ko‘rgan. Biz ularning farzandlari bilan bir ko‘rpada yotib, birga-birga katta bo‘lganmiz. Toshkentliklarning bergan nonu tuzi hurmati, shu o‘zbek qizimizni hech kim xafa qilmasin" dedi. Men uchun bu so‘zlarning har biri bir olam g‘urur bergandi, aynan o‘sha damda O‘zbek farzandiligim-dan butun vujudim bilan faxrlangandim. Farzandlarimni esa men yoshligidan mehnatga, halollikka o‘rgansin deb ozroq muddatda ishga qo‘ygandim."

Yangi yerda oyoqqa turish oson kechmaydi. Sanobar Boboxonova ham kattami-kichikmi mashaqqatlarga duch kelgan. Lekin irodali ayol mashaqqatlar oldida sira dovdirab qol-magan.

"- 50 yoshlarda bo‘lishimga qaramay, ingliz tilini o‘zlashtirish maqsadida men til kurs-lariga qatnaganman. Yanada o‘z ustimda ishlash maqsadida keyinchalik uy hamshirasi bo‘lib ish boshladim va boshlig‘imdan ingliz bemorga qarashni xohlashimni iltimos qildim va o‘z qizimday bo‘lib qolgan amerikalik qizdan onalik mehrini ko‘rsatish evaziga ingliz tilini o‘zlashtirib oldim. Barchamizga ma‘lumki hozir deyarli butun dunyoni, har bir sohani texnologiya boshqaradi, usiz taraqqiyotni tasavvur qilish qiyin, shu sababli 65 yoshimda kompyuter kurslariga qatnab tugatdim. Bu ishni, avvalo,oilamiz farovonligi uchun, farzandlarim kelajagi uchun, va albatta, qizlarimga o‘rnak bo‘lish va ularni yanada ruhlantirish maqsadida qildim," degan mashaqqatlarni yengib o‘tish borasida gapirayotib olima.

Olima Amerikada O‘zbek-Amerika jamiyatiga asos solgan. Bu jamiyat Bruklin shahrida tashkil topgan. Sanobar Boboxonovaning aytishicha mazkur jamiyat Amarikadagi o‘zbeklar uchun ko‘p xayrli ishlarni amalga oshirayotir:

- Bruklinda o‘zbeklarimiz safi juda ham kengayib bormoqda edi, va tabiiyki Ameri-kaga yangi tashrif buyurganlar yordamga muhtoj bo‘lishadi. Shunday paytlarda Turkiston-Amerika Jamiyati qanchalik yordam berishga urinmasin, ularning uzoqda joylashgani noqulaylik yaratardi. Shu maqsadda men shunga o‘xshash jamiyatni Bruklinda tashkillash-tirishga qaror qildim. Bu taklifni eshitgan konsulimiz ham juda mamnun bo‘ldilar va ularning ko‘maklari bilan ma‘lum bir muddatdan so‘ng jamiyat ishga tushdi. Jamiyatimiz-ning asosiy maqsadi AQShda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga har tomonlama yordam berish, qog‘ozbozlik va qonuniy ishlarida, to‘y va ma‘rakalarini o‘tkazib berishda ko‘maklashish, maslahatlar berish, bayram va kontsertlar tashkillashtirish edi. Maqsadi-mizga muvofiq ravishda jamiyatimiz ancha ishlarni amalga oshirdi, xayriya mablag‘lari-dan tushgan daromad bilan yuzlab yurtdoshlarimizga yordamlashdik, marosimlarini o‘tka-zib berdik, Obid Asomov, "Bolalar" guruhi kabi ko‘plab xalqimiz suygan san‘atkorlarni olib kelib kontsertlar o‘tkazdik. 2005 yil 8 Mart kuni esa jamiyatimiz nodavlat notijo-rat tashkiloti nomi bilan litsenziyaga ega bo‘ldi.

"Sanobar opa, eslatib o‘tganingizdek, AQShda yurtdoshlarimiz safi kengaymoqda, ular-ga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz," deya so‘ragan "Vatandosh" muxbiri.

"Eng avvalo, har bir musofir o‘zi kelib istiqomat qilayotgan yurtni qadrlamog‘i, uning har bir jihatiga hurmat bilan munosabat qilishi lozim. Musofirlikda qiyinchilik bo‘lishi bu tabiiy hol, ammo ularni yenga ola bilishi kerak, buning uchun esa intilish, yaxshilik, sabr va eng asosiysi, birlashmoq lozim. Yurtdoshlarimizga maslahatim aynan shu: qayerda bo‘lmasin, mehnat va tashabbus, chin vijdon bilan yashasinlar. Zero, o‘zbekning bunday noyob fazilatlarini butun dunyo ko‘rib hayratlansin, uni butun dunyo tanisin, qanday buyuk tarixga ega ekanligimizga guvoh bo‘lsin. Buning uchun, ya‘ni yurt sha‘nini ko‘tarmoq uchun Vatanda bo‘lish muhim emas, maqsadi bor inson har yerda ham unga erishi-shi mumkin. Navoiy bobomiz ham o‘z yurtlarida yashamay turib butun o‘zbek xalqiga bebaho xizmat ko‘rsatganlar."

Haqiqiy Adabiyot mangu yashayveradi!

"Sharq yulduzi" jurnalining 3-sonida iste‘dodli yozuvchi Isajon Sultonning "Inter-net adabiyoti" maqolasi e‘lon qilindi. "Vatandosh" bu maqolaga e‘tibor qaratgan.

Isajon Sultonning fikricha, adabiyot internetga ko‘chib o‘ta boshlaganiga bir necha yil bo‘ldi. Lekin shu holatning o‘ziyoq kelajakda bosma nashrlar va Internet adabiyoti ora-sidagi chegara yo‘qolib, adabiyot Internetga tamomila ko‘chib o‘tsa nima bo‘ladi, degan xavotirlarga olib keldi. "Mazmunan qarasak, Internetning adabiyotga ta‘siri, bor-yo‘g‘i, ikki omildan iborat. Birinchisi – ko‘p yillardan beri yakkahokimlik qilib kelayotgan qog‘oz va matbaa sanoatining chetga surilishi. Ikkinchisi, adib bilan o‘quvchi orasidagi masofaning (shuningdek, nashriyot va kitob savdosi nomi ostidagi tijoriy vositachi-ning) yo‘qolishi", degan yozuvchi.

Isajon Sultonning fikrlarini o‘z o‘quvchilari uchun muhim deb bilgan nashr yozuvchi maqolasini ko‘p ham sharhlab o‘tirmaydi.

"Bizlar ko‘p yillardan beri kitob ortidagi ijodkorni va goho televizor ekranida ko‘rinib turadigan ijodkorni taniymiz. Lekin Internetdagi ijodkor tamomila "bosh-qa", imkonlari cheksiz ijodkordir. U asarini o‘zi xohlagan shaklda, rang va dizaynda, xohlagan bezaklari bilan e‘lon qila oladi, izohlar kiritadi, ayni vaqtning o‘zida tah-rir ham qila oladi. Ayni vaqtda o‘quvchining fikrlariga, ijtimoiy hodisalarga muno-sabat ham bildiradi, masalan, shu damda nimani o‘ylayotganini ham bildira oladi. O‘quv-chi esa muayyan asar yuzasidan istagan vaqtida adib bilan muloqotga kirishishi, mulohaza-larini bayon etishi, hatto maxsus dasturlar orqali yuzma-yuz muloqotga ham kirishishi mumkin. Muloqotning rivoji shu tarzda yuz beradi va "faol o‘quvchi"ni paydo qiladi. Buning yaxshi tomonini ko‘ra olishimiz kerak. Aynan shu bois "yo‘qolgan o‘quvchi"ni topish imkoni paydo bo‘ladi", deb o‘z fikrini asoslaydi," deb yoziladi web-saytda.

"Yozish jarayonida adib o‘quvchini, mutolaa jarayonida o‘quvchi adibni tasavvur qiladi. Muallif bo‘shliqqa xitob qilishi sira mumkin emas. Shu nuqtai nazardan qarasak, adabiyotning Internetga ko‘cha boshlashi yangi hodisalarni, o‘z yozuvchilarini kutayotgan yangidan-yangi o‘quvchilar qatlamlarini ochishi mumkin. To‘g‘ri, o‘quvchilarning asosiy qatlami hozircha Internet bilan uncha tanish emas. Lekin taraqqiyotning bugungi sur‘atiga qarab, bir necha yildan keyin Internet xuddi televideniye kabi kundalik ehtiyojga aylanishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilish qiyin. U holda, hozirgi Internet qo‘llanuvchilarni sirayam "olaquroq olomon" deb atab bo‘lmaydi, ular – ertangi kunning postindustrial jamiyatining ilg‘or qismi, yigirma-o‘ttiz yosh orasidagi bugunning yoshlari ertangi kunning professionallaridir," deya fikrlagan adib.

Yozuvchiga ko‘ra, internet yangi, hali notanish mualliflarning paydo bo‘lish makoniga aylanib borayotir. U – o‘z uslubini va so‘zini aytishni endigina o‘rganayotgan yoshlar uchun mashq maydoni, shuningdek, mashaqqatli shu yumushni eplay olmaganlar uchun ham tinch-gina, betashvish bir makon hamdir.

Internet afzalliklarini ta‘kidlash bilan birga Isajon Sulton yuksak adabiyot masalasiga to‘xtaladi. Uning bu boradagi so‘zlarini ham "Vatandosh" o‘quvchilariga biron-bir sharhsiz taqdim etgan:

"Yuksak adabiyotga kelsak, bu o‘rinda ahvol boshqacharoq. Faollik nuqtai nazaridan qarasak, Internet o‘quvchilari ko‘proq "ikkinchi darajali" adabiyot ekanini, taqdim qilinayotgan asarlarda diletantlik, takrorlar va taqlidlar ko‘pligini ko‘ramiz. Lekin kimdir qaysidir sahifaga nimadir yozsa, bu hali uni kishilar o‘qiydi va yuksak san‘at namunasi sifatida qabul qilinadi, degani emas. Mo‘‘tabar nashrlarning elektron sahifalaridan yoki kutubxonalardan o‘rin olish uchun o‘sha nashr talablari asosida sara-lash bosqichidan o‘tish lozim. Ya‘ni adabiy hayotning asosiy markazlari – jurnallar, tanlovlar va hokazolar Internetga ko‘chishi bilan ularning ahamiyati kamayib qolmaydi, balki ortadi".

Isajon Sultonning maqola xulosasidagi fikri albatta har bir adabiyot muxlisini quvontiradi: "Xullaski, tahlillar va kuzatishlar so‘nggida shuni to‘la ishonch bilan ayta olamanki, Internetda bo‘ladimi, boshqa netdami, har qanaqasiga ham, oldi-sotdi munosa-batlariga asoslangan tijoriy yozmalar emas, balki betakror, go‘zal hodisa bo‘lmish Inson fikru tafakkuri, qalbining favqulodda go‘zal va takrorlanmas bayoni, insoniyat orzu-lariyu iztiroblari, millat tilining va ruhiyatining aql bovar qilmas ajoyib go‘zallik-larini aks ettira olgan adabiyot, ya‘ni haqiqiy Adabiyot mangu yashayveradi!"

"Vatandosh" - vatandosh.com bilan tanishgan har bir kishi tobora ko‘proq o‘zini qiziqtirgan mavzularni topa olayotganligini ta‘kidlab o‘tish joiz.