BMT va AQSh Misrdagi qonli zo‘ravonlikni qoraladi

Image copyright Reuters
Image caption O‘lim tahdidi mavjudligiga qaramasdan, namoyishchilar tarqalmasligini aytmoqdalar

Hokimiyatdan chetlatilgan prezident Muhammad Mursiy tarafdorlarining Misr poytaxti Qohiradagi norozilik namoyishi qonli bostirilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan qoralandi.

BMT xavfsizlikni ta‘minlashga chaqirgan, AQSh to‘qnashuvlarni xolis tergov etilishini talab qilgan.

Jumadan shanbaga o‘tar kechasi "Musulmon birodarlar" harakatining tarafdorlari o‘tiruvchi norozilik aktsiyasi tashkil qilgan Rabaa al-Adaviya masjidi atrofida politsiya bilan namoyishchilar to‘qnashdilar.

"Musulmon birodarlar" harakati 100 dan ortiq inson halok bo‘lgani haqida xabar tarqatdi.

Misr Tibbiyot vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, 78 inson Qohira shahrida, 8 kishi mamlakatning ikkinchi yirik shahri Aleksandriyadagi tartibsizliklar payti halok bo‘lgani haqida xabar tarqatdi.

Rasmiylarga ko‘ra, "Musulmon birodarlar" tarafdorlari Qohiraning asosiy ko‘chalaridan birini Rabaa al-Adaviya masjidi oldida to‘sib olganlar.

Yo‘lni politsiya tozalashga harakat qilgan, namoyishchilar politsiyachilarga hujum qilganlar.

Politsiya xodimlariga qarata yoqilg‘i to‘ldirilgan idishlar otilgan.

Politsiyaga qarata o‘t ochilgani haqida ham xabarlar tarqalgan.

Misr Ichki ishlar vazirligi namoyishchilarga qarata o‘qotar qurollar ishga solinmadi, deb chiqdi.

Misr politsiyasiga ko‘ra, qon to‘kilishi uchun asosiy aybdorlar Mursiy tarafdorlaridir.

"Musulmon birodarlar" harbiylarga qurolli hujum qilgani va shundan keyin ularga javoban o‘q otilgani haqida aytgan Misr armiyasi generallaridan biri.

Yakshanba kuni Ichki ishlar vaziri Muhammad Ibrohim namoyishchilarni tarqalishga chaqirgan.

Biroq o‘lim tahdidi mavjudligiga qaramasdan, Muhammad Mursiy tarafdorlari uning o‘z lavozimiga qayta tiklanmaguncha tarqalmasligini aytmoqdalar.

Qohiradan BBC muxbiri xabar qilishicha, ular qo‘shimcha barrikadalar qurib, o‘z xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirganlar.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun zo‘ravonlikdan tiyilishga chaqirib bayonot e‘lon qilgan.

BMT Bosh kotibi Misr hokimiyatiga murojaat qilib, insonlarning tinch namoyish o‘tkazishlari uchun mas‘uliyat hokimiyat zimmasida ekanini eslatgan va mamlakat fuqarolarining xavfsizligini ta‘minlash lozimligini ta‘kidlagan.

"Zo‘ravonlik siyosiy qarorga muqobil yechim bo‘la olmaydi", deb aytgan Bosh kotib Pan Gi Mun.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining yozma bayonotida ham Misrda taranlik ortib borayotganidan xavotir bildirilgan.

Janob Kerrri Qohira va Aleksandriya shaharlarida ro‘y bergan namoyishchilarning o‘limi mustaqil tekshirilishiga chaqirgan.

"Hokimiyat chegaradan ortga chekinishi" lozimligi urg‘ulangan AQSh Davlat kotibi bayonotida.

Ayni paytda Misr vitse-prezidenti Muhammad al-Baradey namoyishchilar o‘limiga olib kelgan amallarni qoralashini aytgan, hokimiyat "ortiqcha kuch ishga solgan"ini tan olgan.

Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Misr xalqini birdamlikka chaqirgan.

"Biz barcha tomonlarni mas‘uliyat bilan ish ko‘rishga va zo‘ravonlikdan tiyilishga chaqiramiz. Misr xalqi birdamlikka erishish uchun yanada ko‘proq harakat qilishi lozim", deyiladi bayonotda.