Iroq: shialar nishonga olingan portlashlarda 50 dan ortiq odam o‘lgan

Image copyright Reuters
Image caption Musulmonlar uchun muqaddas sanalgan Ramazon oyida ro‘y bergan ushbu zo‘ravonliklar Iroqda sunniylar bilan shialar o‘rtasidagi taranglik tobora kuchayib borayotganidan dalolatdir

Iroqning bir necha shahrida sodir etilgan avtomobil portlashlari oqibatida kamida 51 inson halok bo‘lgan.

Rasmiylar 200 dan ortiq kishining jarohatlangani haqida xabar qilganlar.

Musulmonlar uchun muqaddas sanalgan Ramazon oyida ro‘y bergan ushbu zo‘ravonliklar Iroqda sunniylar bilan shialar o‘rtasidagi taranglik tobora kuchayib borayotganidan dalolatdir.

Bag‘dod politsiyasiga ko‘ra, poytaxtning bir necha joyida bombalar o‘rnatilgan avtomobillar portlatilgan.

Avtomobillar odamlar bilan gavjum bozorlar va avtomobil qo‘yish joylarida portlagan.

Eng ko‘p inson Bag‘dodning sharqiy shialar istiqomat qiladigan Sadr-Sitisidagi portlashlarda halok bo‘lgan.

Bir kishi Bag‘dod janubidagi Habibiya tumanidagi portlashlar oldidan avtomobillarni qo‘yish joyiga bir necha avtomobil kirib kelayotganini ko‘rganini aytgan.

Yana bir bomba poytaxtning janub qismidagi Mahmudiya qismida portlashi oqibatida ikki inson halok bo‘lgan.

Poytaxtdan janubi-sharqda joylashgan Kot shahrida ham ikki mashina portlatilgan.

Oqibatda kamida yetti kishi halok bo‘lgan.

Iroqning ikkinchi yirik shahri Basrada ham avtomobil portlatilgan.

BBC Arab xizmatining Bag‘doddagi muxbiri Haddad Solih aytishicha, Ramazon oyi ekaniga qaramasdan, iyul oyi Iroqda eng ko‘p inson halok bo‘lgan oy bo‘lishi mumkin.

Oy boshidan buyon 700 dan ortiq kishi hayotdan ko‘z yumgan.

BMTga ko‘ra, Iroqda eng ko‘p zo‘ravonliklar yuz bergan 2008 yildan keyin bu yil ko‘p qon to‘kilmoqda.

Shu yil aprelidan buyon 2500 dan ortiq iroqlik halok bo‘lgan.