Uzmetronom web-sayti faoliyatini qayta boshlaganini e‘lon qildi

O‘zbekistonda mustaqil axborot tarqatib keladigan va hukumat xavfsizlik idoralariga yaqin deb baholangan Uzmetronom.com web-sayti yana faoliyatini davom ettirishini ma‘lum qilgan.

Saytda O‘zbekistonga oid rus tilidagi yangiliklar e‘lon qilina boshlagan.

Uzmetronom.com asoschisi, Toshkentda joylashgan jurnalist Sergey Yejkov "Biz o‘ylab ko‘rdik va men qaror qabul qildim" deb sarlavhalangan qisqa xabar e‘lon qilgan.

"Maxsus holatlar yuzaga keltirgan uzoq davom etmagan sukutdan keyin UzMetronom.com ijodiy jamoasi o‘z ishini qayta boshlashga qaror qildi. Bunday qaror qabul qilishga bizning nashrimiz pochtasiga kelib tushgan o‘nlab maktublarda izhor etilgan mushtariylarimizning ishonchi asos bo‘ldi. Shuningdek, biz umid qilamizki, bir va hatto juda yuksak mansabli bo‘lsa ham amaldorning siltovi - ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish yo‘nalishini tanlagan davlatning siyosati emas. Bunday umidlar asoslimi yoki navbatdagi adashishmi, buni vaqt ko‘rsatadi", deb yozgan sayt Bosh muharriri Sergey Yejkov.

25 iyul kuni Uzmetronom.com o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatayotgani haqida e‘lon qilgan edi.

Bunga web-saytning O‘zbek-Qirg‘iz chegarasida chegarachilar o‘rtasida otishma ro‘y berib ikki O‘zbekiston chegarachisi halok bo‘lgani haqidagi axboroti sabab bo‘lgan.

Sergey Yejkov BBC bilan suhbatda o‘ziga O‘zbekiston Harbiy prokuraturasidan ogohlantirish berilganini aytgan.

Bu ogohlantirishda harbiy prokuratura UzMetronom.com saytini "Qirg‘iz-O‘zbek chegarasidagi mojaro haqida vakolatli idoralar bilan muvofiqlashtirmay xabar" tarqatganlikda ayblagan.

"O‘zi aslida nimalar bo‘layotganini tushunib yetishim uchun va bu yerda yashab kelayotgan fuqaro sifatida haqqoniy ma‘lumotni tarqatishim naqadar oqilona ish ekanini tushunib yetishim uchun vaqt kerak. To‘g‘risini aytsam, meni hukumat shu kungacha tushunib kelgan. Menga buni ochiqcha aytmaganlar, lekin hukumatning mening Uzmetronom sahifamda chop qilingan xabarlarga munosabati va muammolarga javoban choralar ko‘rayotganining guvohi bo‘lganman. Bundan juda qoniqqanman. Masalan, Rossiyada istaganingcha yoz, hukumatdan hech qanday munosabat ololmaysan. Lekin, bizda bunday emas. Bundan juda xursand edim. Lekin, afsus, nimadir noto‘g‘ri bo‘lgan ko‘rinadi", deb aytgan Sergey Yejkov.

Faoliyatini qayta boshlaganidan keyin UzMetronom.com e‘lon qilgan ilk xabar O‘zbekistonda nashr etiladigan ro‘znmalarning sharhi bo‘lgan.

Bu sharhida UzMetronom.com web-sayti "Turkiston" ro‘znomasidagi maqola Prezident Islom Karimovni podshoh deb ataganiga e‘tibor qaratgan.