UzWebiston: Buyuk Komiljon Otaniyozov va to‘yda oshig‘i olchilar

Image caption darakchi.uz O‘zbekistonda yoshlar ko‘p o‘qiydigan web sahifalardan biri hisoblanadi

Faqat o‘zbek xalqi emas, balki Markaziy Osiyo va hatto undan tashqarida yashaydigan xalqlarning sevimli san‘atkori Komiljon Otaniyozov haqida darakchi.uz bergan maqolani ko‘rdim-da, o‘qib chiqdim.

Marhum san‘atkorning qo‘shiqlari, xalq orasida u borasida yurgan yaxshi gaplar yodimga tushdi.

Komiljon Otaniyozovning Toshkentdagi sobiq "Yubiley" sport saroyida aytgan qo‘shiqlari shundaygina qayta-qayta eshitilgandayin bo‘ldi.

O‘shanda O‘zbekistonning manaman degan san‘atkorlari qatnashgan bu konsertda Komiljon Otaniyozov o‘tirgan holda, qo‘llarida tor qo‘shiq aytgandilar.

Lekin sinchiklab qaragan tomoshabin torni u kishi emas, yonlarida o‘tirgan shogirdlari Ortiq Otajonov chalayotganini sezishi mumkin edi.

Uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng yana sahnaga qaytgan buyuk san‘atkorni tomoshabinlar yuraklardan ko‘pirib chiqayotgan gulduros qarsaklar bilan olqishlashgandi.

Uzoq olqishlashgandi.

Men o‘shanda yosh yigit edim.

Atrofimga qarab, juda ko‘pchilikning ko‘zida yosh ko‘rdim…

Mayli, bu xotiralar, men qandaydir bir ichki turtki bilan darakchi.uzda berilgan maqolani qancha odam o‘qigani bilan qiziqdim.

522 kishi o‘qibdi.

Komiljon Otaniyozov haqidagi maqoladan biroz oldinroq berilgan "To‘y "mavsumi" oldidan: eng oshig‘i olchi san‘atkorlar reytingi" maqolasini 3541 kishi o‘qishga ulguribdi.

Bu raqamlar qiyoslanganda ikkinchisi deyarli yetti baravar ko‘proq.

To‘g‘ri, men bunga unchalik ajablanmayman.

Chunki internetga ko‘proq yoshlar kirishadi va hozirgi yoshlar Komiljon Otaniyozovni yaxshi bilishmas.

Ikkinchidan, keyingi maqolaning sarlavhasiyoq o‘quvchilarni o‘ziga tortgan bo‘lishi mumkin.

Mayli, bu yo‘l-yo‘lakay tug‘ilgan mulohazalar. Lekin har ikki maqola ham e‘tiborni tortgani uchun bugungi sharhga ularni tanlab oldik.

"Xalqdan ayro tushgan kunim – o‘lgan kunim"

"Komiljonni ko‘rsam, xuddi Amudaryoni ko‘rgandek bo‘laman", - degan edi buyuk musiqashunos olim, akademik Yunus Rajabiy.

Biz ushbu bitiklarni ham buyuk hofizni yaqindan bilgan, unga chin dildan muxlislik qilgan insonlarning xotiralari asosida tayyorladik, deyiladi buyuk san‘atkor haqidagi maqolada.

"Komiljon og‘a nafaqat buyuk hofiz, beqiyos san‘atkor, balki mehridaryo inson, ibratli oila boshlig‘i ham edi. Bu haqda hofizning umr yo‘ldoshi, marhum Imsinoy aya Polvonovaning xotiralariga murojaat qilamiz", deb yoziladi maqolada.

"Komiljon aka san‘atni sevgan, qo‘shiqlarsiz yashay olmaydigan ijodkor edi. Hatto falaj bo‘lgan paytlarida shifokorlar u kishiga qo‘shiq kuylashni taqiqlaganlarida ham Toshkentda kontsert berganlar. Xavotirda o‘tirganman, "chiqmay qo‘yaqoling" deganimda, "Yo‘q, sahnada ko‘rinmagan, xalqdan ayro tushgan kunim – o‘lgan kunim", - degandilar. Armon nima ekanligini ikkalamiz ham yaxshi bilardik, besh yoshli qizchamiz Diloromning vafoti ikkalamizning ham dilimizni o‘rtab, kuydirgani haqiqat. Farzand dog‘i yomon ekan, Komiljon aka bu dog‘u hasratni o‘z qo‘shiqlarida kuyladilar", - degan ekanlar Imsinoy aya.

Komiljon Otaniyozovni ikki marta operatsiya qilgan tibbiyot fanlari doktori, professor Said A‘zamxo‘jayev xotiralarini o‘qiyotib, san‘atkorning kuchli irodasi haqida o‘yladim.

"Komiljon aka umrining 20 yilini bemorlikda o‘tkazgan, to‘rtta operatsiyani boshdan kechirgan. Biroq, shuncha xastalik, uning azoblari san‘atkorning ijodiga, jo‘shqinligiga o‘z ta‘sirini o‘tkaza olmadi. Uning ruhan tetikligi, kasbiga bo‘lgan sadoqati har qanday kasallikni ham yengishga qodir edi".

Nohaq mazaxlagan o‘zi mazaxlanadi

Maqolaning keyingi jumlalarini o‘qiyotib "Mushtum" jurnalida o‘rilgan sochini oldiga tashlab olgan ko‘yi mazax qilingan san‘atkorning chizilgan surati ko‘z oldimga keldi.

"Afsuski, shuncha kasalliklarga bardosh bera olgan inson tuhmat malomatini yenga olmadi. "Mushtum" jurnalining 1963 yil 2-sonida bosilgan tanqidiy maqola ustozni qattiq ruhiy iztirobga soldi. Hozir K. Otaniyozovga qo‘shiq matni qanaqaligining ahamiyati qolmadi. U kishi shunchalikka borib yetdilarki, sahnada ham, televizorda ham xotinlarning ashulasini aytaveradilar.

"Tohir va Zuhra" dostonidan

Zuhra bilan bog‘da kezgan chog‘ingda

Mohin otlig‘ bu dildoring unutma...

deb aytiladigan "Mohin" qo‘shig‘ini qanday qilib erkak kishi kuylashi mumkin?! K. Otaniyozov aytayaptilarmi, demak, mumkin ekanda..."

Bunday kinoya va haqoratli so‘zlar nishi san‘atkorning yuragiga o‘qdek qadaldi. O‘sha davrda dostonlar asosan erkaklar tomonidan ijro etilganligi sababli K. Otaniyozov ham shu qadimiy udumga amal qilgan edi. Biroq, buni boshqacha talqin qilgan ayrim kimsalar san‘atkorni haqoratlab, xasta ko‘nglini yana iztirob bilan to‘ldirishga intilgan edilar".

Bizning o‘quvchilik paytimizda berilgan bu ko‘r-ko‘rona tanqid Komiljon san‘atkor-ning millionlab muxlislarini ranjitdi, tuhmat toshi otishdan oldin tuzukroq o‘ylab ko‘rmaganlarga, aslida o‘zlari masxaraga aylanganlarga nisbatan nafrat uyg‘otdi.

Esimda bor, o‘shanda tuhmat toshining ne sabab otilgani borasida el orasida mish-mishlar tarqaldi.

Ustoz qaysi bir qo‘li uzunning to‘yiga bormagan ekanlar.

U necha marta aytsa ham, "men oddiy bir odamga va‘da berganman, o‘sha to‘yni o‘tkazib beraman", - degan ekanlar…

Shu o‘rinda darakchi.uz maqolasidagi Komiljon Otaniyozov bilan yillar davomida birga bo‘lgan doirachi Otanazar Abdalniyozovning xotiralariga murojaat qilaylik:

"Ustozning kontsert dasturlarida yoki to‘ylarda biron martayam pul so‘raganlarini ko‘rmaganman. Pul yig‘adigan odatlariyam yo‘q edi. "Qora kunga deb yig‘ish kerak deganimda", "O‘ladigan dunyoda mol dunyoga hirs qo‘yma, bugun topganingni o‘rtaga qo‘y, ko‘pchilik bilan ye, ortganini beva bechoralarga ber", - derdilar. Odamgarchiligi yuqori bo‘lgan ustozdan juda ko‘p narsalarni o‘rganganman. "Halol ye, to‘g‘ri yasha, muhtojlarga ko‘mak ber," degan nasihatlarni ko‘p ta‘kidlardilar". - deydi Otanazar Abdalniyozov.

"San‘atkorning muxlislaridan biri, yangibozorlik To‘rabek Bo‘ronov ham u kishi bilan bog‘liq bir voqeani hikoya qilgandi", deb yozilgan maqolada.

"Bir kuni Gurlandagi bir to‘yga Komiljon og‘a kelarkan, deb eshitdik. Dadamizdan yashirincha uydan chiqib, ukam ikkalamiz 40 kilometr yo‘lni yayov bosib to‘yxonaga borganmiz. Bolaligimiz borda, yo‘lda botinkamiz tosh ko‘chada yeyilmasin deb, uni yechib, yalangoyoq yurganmiz. O‘sha to‘yda Komiljon aka o‘z sozandalari bilan davrani aylanib yurib qo‘shiq aytgan, to‘y yakunida esa xonadon egalariga o‘rtadan tushgan pulni to‘yona qilgan edi. Hozir to‘ylarda navbat talashayotgan yoki to‘ydagi xizmatlari uchun o‘ziga narx belgilagan xonandalarni ko‘rsam g‘ashim keladi. Ular shunday buyuk san‘atkordan nafaqat ijodda, balki, odamgarchilik borasida ham ibrat olishsa qani edi..."

"Mavsum" keldimi, foydalanib qol!

"To‘y "mavsumi" oldidan: eng oshig‘i olchi san‘atkorlar reytingi".

Yuqorida eslatganimiz bu maqola darakchi.uzda o‘quvchilar e‘tiboriga tez tushdi.

"Bugun o‘zbek shou-biznesidagi aksariyat xonandalar tezroq tanilib, to‘y xizmatlariga borish uchungina san‘atga qadam qo‘yishyapti desak, mubolag‘a bo‘lmas. Axir, to‘y ortidan topiladigan mablag‘ kim uchundir arzimas ko‘rinsa-da, bir xonanda bu bilan oyoqqa turib oladi-da. Yoki bor-yo‘g‘i 20-30 million so‘mga olingan filmlar o‘z namoyishidan keyin sarflangan mablag‘ni bir necha barobar qoplashi ham ehtimoldan xoli emas. Xullas, bugungi sahifamiz orqali shou-biznes, kino olami va xonandalar faoliyatidagi "mavsum" tushunchasiga e‘tiboringizni qaratishni lozim topdik", - deb yoziladi maqolada.

"Xonandalarning fikriga ko‘ra, bizda mavsum yozning o‘rtalaridan boshlanib, to noyabr oyining oxirlari – dekabrning birinchi yarmiga qadar cho‘zilarkan. Biroq, Ramazon oyi munosabati bilan bu yil yangi mavsumning boshlanishi o‘z-o‘zidan avgustga ko‘chdi. Shuning uchun ko‘pchilik xonandalar "o‘lik payt"da yangi qo‘shiqlarini TV orqali aylantirib, boshlanajak mavsumni o‘ziniki qilish niyatida."

Kimning oshig‘i olchiroq?

Ana shu kirish so‘zlaridan so‘ng avvaliga poytaxt, ya‘ni Toshkent to‘ylarida eng "oshig‘i olchi"lar ro‘yxati keltiriladi:

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mavluda Asalxo‘jayeva ancha yillardan buyon "birrov"ga boradigan xonandalar safida birinchi o‘rinni egallab turibdi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, mavsum avjida xonanda bir kunda kamida 5 yoki 6 ta "birrov"ga borarkan.

Ayni damda ikkinchi o‘rinda bo‘lsa-da, biroq Mavluda Asalxo‘jayevaning o‘rniga jiddiy da‘vogarlik qilayotgan xonanda – Munisa Rizayeva.

Uning ham to‘ylar mav-sumida kuniga kamida 4 ta "birrov"i bo‘lar ekan.

Uchinchi o‘rinni esa ikki yildan buyon xonandalar Ulug‘bek Rahmatullayev, Shohruxxon va Nilufar Usmonova egallab kelishyapti.

Ma‘lumotlarga qaraganda, ularni mavsum paytida kuniga 3 yoki 4 marta "birrov"da ko‘rishingiz mumkin.

Istasangiz, inglizcha aytadi

Maqolada ta‘kidlanishicha, mavsumga qaramaydigan xonanda ham bor ekan.

"Xonanda Alisher Ro‘zmetovni ijodkorlar ham, muxlislar ham har qanday mavsumga qaramay eng "xaridorgir" xonanda sifatida bilishadi. Ro‘zmetov "navbat" o‘tkazish bo‘yicha poytaxtda dong‘i ketganlardan sanalsa-da, "birrov"larni ham unutmaydi. Ko‘pchilikning fikricha, u navbatchilik qilayotgan to‘ylarga boshqa xonandalarni chaqirishning hojati yo‘q. Istasangiz xorazmcha, istasangiz turkcha va ta‘bga ko‘ra ingliz tilidagi qo‘shiqlarni ham maromiga yetkazib kuylab beradi."

O‘zining bunchalik mashhurligi sababini izohlagan Alisher Ro‘zmetov shunday degan:

"- Ochig‘i, men mavsum qachon boshlanib, qachon tugashini unchalik yaxshi bilmayman. Asosan, Ramazon oyida dam olaman, xolos. Lekin to‘y ekan deb pulning ortidan quva-digan xonanda emasman. Odamlar niyat qilib aytishgach, qo‘limdan kelganicha xizmat qilaman. Darvoqe, kuni kecha hisoblab ko‘rsam, 5 mingga yaqin qo‘shiq bilar ekanman. Balki shuning uchun to‘y xizmatlariga meni ko‘proq taklif etishar".

Viloyatlarda Toshkentdagidan farqli o‘laroq, "birrov"chilar deyarli uchramas ekan..

Viloyatlarda to‘yga eng ko‘p boruvchilar orasida birinchilikni Farhod Saidov egallab turgan ekan.

"Ma‘lumotlarga qaraganda, bu yil uning oktyabr oyi oxiriga qadar deyarli har kuni navbatchilik xizmatlari bor ekan".

Salom va charlarlar bekasi, boshlovchilar

"Kelin salom va charlarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova bu borada so‘zsiz birinchi o‘rinni egallab turibdi", - deya ma‘lumot beradi darakchi.uz.

Websaytda to‘ylarda boshlovchilik qilayotganlar borasida ham ma‘lumotlar keltirilgan:

"Bir necha yildan buyon Rixsitilla Abdullayev va Nigora Karimboyeva juftligi birinchilikni egallab kelmoqda".

Endi albatta qayerda, qanday xizmat qilishmasin, san‘atkorlar quruqqa borishmaydi.

Web sahifada "Nihol" mukofoti sovrindorlari Oybek va Nigoraning fikrlari keltirilgan:

"- Har bir xonanda yil davomida qilgan mehnatining samarasini ko‘rishni, ya‘ni kliplari va reklama uchun sarflagan mablag‘ o‘rnini mavsumda qoplab olishni o‘ylaydi. Chunki tirikchilik manbaimiz shundan, buni yashirishning hojati yo‘q".

Har davrning o‘z talablari, o‘lchovlari, qarashlari, tamoyillari bo‘ladi.

Men darakchi.uzdagi ikki maqolaga yuzlanar ekanman, nimagadir ana shu talablar, o‘lchovlar, qarashlar, tamoyillar haqida o‘yladim.