UzWebiston: "O‘zbekiston" telekanali SMS xavfidan ogohlantiradi

Image caption "O‘zbekiston" kanaliga ko‘ra, SMS dan haddan ziyod foydalanish "ma‘naviy qashshoqlik"ka yetaklaydi

"O‘zbekiston" telekanali ogohlantirishicha, SMS-dan haddan ziyod foydalanish "besavodlik" va "ma‘naviy qashshoqlik"ka yetaklaydi.

"O‘zbekiston" telekanali orqali 26 iyul kuni efirga uzatilgan maxsus ko‘rsatuvda SMS xabar yo‘llashda turli alifbolardan foydalanish, grammatika va tinish belgilariga e‘tibor bermaslik tajribasini keskin qoralagan.

Bularning bari yoshlarning ma‘naviy barkamolligi va ta‘limiga ta‘sir ko‘rsatib, ularni "savodsiz"ga aylantiradi va aqllarini zaiflashtiradi, deya ta‘kidlanadi ko‘rsatuvda.

Insonlarning SMS orqali o‘z hissiyotlarini aks ettirish uchun turli belgilardan foydalayontgani, ko‘rsatuvga ko‘ra, ularni "lug‘aviy va hissiy qashshoqlik"ka yetaklaydi.

Unda shuningdek SMS salbiy ta‘siri haqida gapirgan ekspertlar va diniy ulamolar bilan bir necha suhbat namoyish etilgan.

Ana shunday suhbatdoshlardan biri, tilshunos Muhayyor Yo‘ldosheva shunday deydi: "Hozirda, SMS yoshlar orasida eng keng tarqalgan aloqa yo‘liga aylandi. Bu SMS xabarlarni kuzatgan odam ularda grammatika va imloviy tartib-qoidalarga deyarli e‘tibor qaratilmasligiga shohid bo‘ladi. Bir nigohda bu kichik muammoga o‘xshashi mumkin, ammo masalaga chuqqurroq qaralsa, dunyoda faqat qonun-qoidalar saqlangan narsalargina doimiydir".

SMS xabarlarda ham lotin va ham kiril alifbolarining qo‘llanishi haqida gapirarkan Yo‘ldosheva xonim bu yoshlarni "savdosiz" qilib qo‘yuvchi jiddiy muammo ekanini aytadi.

"Qanday insonlar xato bilan yozadi? O‘ziga shionmagan, diqqatsiz va fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lmaganlar", - deydi psixolog Anorxol Boymatova.

"Hozirda, odamlar SMS yozishda so‘zlar o‘rniga turli ishora va belgilar yo bo‘lmasa OK singari qisqa so‘zlardan foydalanishadi. Bu inson idrokining kuchsizlanishi va hattoki hissiyotlarning butunlay o‘lishiga olib keladi... SMS xabarlarni xatolar bilan yozish yoki tugal bo‘lmagan iboralar bilan fikr bildirish insonni ma‘naviy qashshoqlikka yetaklaydi", - deydi Anorxol Boymatova.

Boymatova so‘ngra insonlarning qo‘l telefonlari orqali bir-birlariga yo‘llayotgan diniy mavzulardagi SMS larini tanqid qiladi.

"Bugungi kunda, "Agar Allohga ishonsang, buni yettita do‘stingga yubor" kabi diniy g‘oyalar haqidagi SMS larni yuborish odatiy holga aylanmoqda. Ko‘plab yoshlar o‘yin deb o‘ylab shunday ham qilishayapti", - deydi u.

O‘z intervyusida Toshkent shahar bosh imomi Anvar qori Tursunov ham diniy mavzularda SMS lar yo‘llashning salbiy oqibatlari haqida gapirdi.

"Ba‘zi SMS xabarlarda Makka yoki qandaydir bir ulamoga ishora qilinadi. Bunday xabarlarni yo‘llash shirkdir. Faqat Allohgina g‘ayb ilmiga ega. Bunday xabarlarni yo‘llash katta gunohdir. Faqat ulamolargina diniy masalalarni insonlarga tushuntirishadi", - deydi Anvar qori Tursunov.

Ko‘rsatuvga ko‘ra, SMS xabarlardan haddan ziyod foydalanish mamlakatda tarqalib borayotgan ommaviy madaniyatning yana bir isbotidir.

Shu yilning may oyida O‘zbekiston hukumati universitetlar va maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni cheklovchi qonnuni chiqargandi. Bu qadam yoshlarni "yod g‘oyalar"dan saqlashga qaratilgani ta‘kidlandi.