Xitoy va Markaziy Osiyoda o‘ta issiq yoz

Image copyright AFP

Xitoyning ba‘zi hududlarida jazirama issiq rekord darajaga ko‘tarilgani sabab rasmiylar birinchi bor "issiqdan ogohlik" vaziyatini e‘lon qildilar.

Shanxayning o‘zida issiqdan 10 kishi vafot etgani ma‘lum qilingan.

Shahar oxirgi 140 yil mobaynidagi eng issiq haraortani boshdan kechirayotgani aytilgan.

Mahalliy jurnalistlar asfaltda go‘sht pishirib, issiq harortani namoyish qilganlar.

Shanxay televideniyesida ko‘rsatilgan lavhada jurnalistlar 10 daqiqa mobaynida bino tashqarisidagi marmar zinapoyada go‘sht pishirishga muvaffaq bo‘lganlari tasvirlangan.

Buning ortidan tamoshabinlar baliq va boshqa mahsulotlarni havo tig‘ida pishirishga harakat qilganlari tushirilgan suratlarni yubora boshlaganlar.

Mamlakat bo‘ylab 9 viloyatda issiqdan ogohlik e‘lon qilingan.

Shanxay Metereologik Byurosi ma‘lumoltlariga ko‘ra, oxirgi 24 kun mobaynida shaharda havo darajasi mutassil ravishda 35 dan yuqori bo‘lgan.

Rasmiylar odamlarni iloji boricha ko‘chaga chiqmaslikka va o‘zlarini salqin ushlashga da‘vat qilmoqdalar.

Markaziy Osiyoda ham havo juda issiq

O‘zbekiston Meterologiya Markazi ham avgust oyi boshlarigacha respublika hududida harorat yuqori bo‘lishini bildirishgan.

Ayni paytda kunduz kuni havo harorati 37-42, janubiy viloyatlarda esa 43-45 darajagacha ko‘tarilgani aytilmoqda.

Mutaxassislarga ko‘ra, Erondan yetib kelgan issiq havo oqimi havo haroratini rekord darajaga yetkazgan.

O‘zbekiston Favqulloda Holatlar vazirligi mobil telefonlar orqali xabarlar tarqatib, kunning eng issiq soatlarida ko‘proq suyuqlik ichish, alkogol ichimliklar va yuqori kaloriyali ovqatlarni iste‘mol qilmaslikni tavsiya bermoqda.

"Issiq soatlarda soyada bo‘lishga harkat qiling. Yengil kiyinib, bosh kiyim va quyoshga qarshi ko‘zoynak taqish, eshik-derazalarni yopish va iliq dush qabul qilish tavsiya qilinadi", deyiladi vazirlik tarqatgan xabarlarda.

Facebook ijtimoiiy tarmog‘ida kecha mashinadagi harorat o‘lchagichlarda tashqaridagi harorat 50 darajani ko‘rsatgan fotosuratlar chop qilingan.

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda ham oxirgi bir necha kun mobaynida havo harorati 40 daraja atrofida ekanligi aytilgan.