AQSh mahkamasi: Bredli Manning xoinlikda aybdor emas

Image copyright AFP

Minglab maxfiy hujjatlarni Wikileaks websahifasiga uzatgan Bredli Manning "dushman bilan hamkorlik qilish"da aybdor emas, deya topildi.

Lekin u josuslik, o‘g‘rilik va kompyuter yordamida qalloblik doxil boshqa 20 ta ayblov bo‘yicha aybdor, deya topildi.

Ushbu ayblovlar bo‘yicha Bredli Manning uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi kutilmoqda.

Wikileaks websahifasi asoschisi Julian Assanj Manningni josuslikda aybdor, deya topilishini qoralab chiqdi.

Julain Assanjning aytishicha, bu "milliy xavfsizlikni ta‘minlash yo‘lidagi ekstremizm" bilan barobardir.

"Bredli Manning hech nimada aybdor emas. U hukumatdan oshkoralikni va hisob berishni talab qilgan, Amerika hukumati tomonidan amalga oshirilgan jinoyatlarni halqqa va jahonga namoyish qilgan qahramondir", dedi WikiLeaks asoschisi.

Bredli Manning AQSh tarixida maxfiy hujjatlarni eng ko‘p miqdorda oshkor qilgan shaxs, deya ko‘rilmoqda. Qoralovchi tomonning fikricha, hozirgi kommunikatsiyalar asrida oshkor etilgan har qanday maxfiy hujjat tez orada Internetda paydo bo‘lib, "dushman kuchlari" qo‘liga tushishi ehtimoli juda kattadir.

Oshkor etilgan hujjatlarda O‘zbekiston haqida nimalar bor edi?

Bredli Manning Iroqda xizmat qilgan vaqti Wikileaks ga oshirgan hujjatlari orasida AQSh harbiylariga tegishli tikuchardan Bag‘doddagi bir guruhga qarata o‘q ochilgani va o‘sha hujum oqibatida o‘nlab halok etilganlar oraisda Reuters agentligi muhbiri bo‘lgani tushirilgan videotasvirlar ham bor.

U shuningdek jahon bo‘ylab AQSh diplomatik vakillarining Vashingtonga minglab maxfiy maktublarini oshkor etgan.

Ular orasida AQShning O‘zbekistolndagi elchixonasi xodimlarining yozishmalari ham bor.

Wikileaksda e‘lon qilgan bu kabi maxfiy diplomatik yozishmalar biridan ayon bo‘lishicha, "O‘zbekiston korruptsiya quchog‘iga botib ketgan, uyushgan jinoyatchilik, paxta dalalaridan majburiy mehnat qo‘llaniluvchi va qiynoqlar amalda bo‘lgan o‘ta xavotirga loyiq davlatdir".

Shuningdek, web sahifa tomonidan oshkor qilingan aksariyat maxfiy hujjatlarda prezident Islom Karimovning "jozibali, ammo shaxsi o‘ta ziddiyatli" bo‘lgan qizi Gulnora Karimovaning xulq-atvori haqida so‘z boradi.

Hujjatlarda, "Gulnora Karimova O‘zbekistonda aksariyat eng ko‘p nafratlanadigan shaxs", deya tasvirlanadi.

Shuningdek, Gulnora Karimova O‘zbekistondagi har qanday daromadli biznesdan do‘q-po‘pisa yo‘li bilan o‘z ulushiga ega bo‘lgani aytiladi va prezidentning kizi "o‘g‘ri baron" sifatida tasvirlanadi.

25 yoshli Bredli Manning 2010 yil iyul oyida dastlab maxfiy hujjatlarni o‘g‘irlash ayblovi asosida hibsga olingandi.