UzWebiston: "noqulay qo‘shni" yoki o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi hodisa matbuot nigohida

Image caption 23 iyul kungi hodisa o‘zbek va qirg‘iz matbuotining diqqat markazida qolmoqda

12news.uz nashri 30 iyul kuni e‘lon qilingan maqolasida o‘zbekistonlik tahlilchi Ahmad Abdurasulovning "Hozirgi Qirg‘iziston O‘zbekiston uchun unchalik ham qulay bo‘lmagan qo‘shnidir", - degan so‘zlarini keltiradi.

Unga ko‘ra, "Qirg‘izistonning boshqa davlatlar bilan chegaralari ham tinch emas".

23 iyul kuni o‘zbek-qirg‘iz chegarasida yuz bergan hodisani sharhlarkan, Abdurasulov hodisada qirg‘iz chegarachilarini ayblagan.

"Hech shubhasiz, hammasiga Qirg‘iziston chegara xizmati harbiylari aybdor. Ular bizning hududimizga bostirib kirganlari yetmaganday, O‘zbekiston chegarachilariga qarshi qurol ham ishlatigan va natijada chegarachilar halok bo‘lgan", - deb aytgan o‘zbek eksperti.

U chegaradagi so‘nggi hodisa bilan shu yilning yanvarida O‘zbekistonning So‘x anklavida yuz bergan voqealar o‘rtasida bog‘liqlik borligini aytgan.

"Men hozirgi voqealar bilan yil boshida O‘zbekistonning So‘x anklavida yuz bergan hodisa o‘rtasidagi bog‘liqlikka e‘tibor qaratishni xohlardim. Har ikki holatda ham qirg‘iz chegarachilari O‘zbekiston hududida turib, O‘zbekiston fuqarolarini nishonga olishgan. Shubhasiz, bunday tendentsiya xavotir uyg‘otmasdan qolmaydi", - deb aytgan Ahmad Abdurasulov.

"Layoqatsiz" rasmiy

Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati raisi Iskender Mambetaliyevning hodisa Qirg‘iziston hududida ro‘y bergan, degan bayonotiga munosabat bildirarkan, Abdurasulov qirg‘iz mulozimining so‘zlarini O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga tahdid, deb talqin qilish mumkinligini aytgan.

"Mambetaliyev o‘zbek chegarachilarini chegarani bilmaslikda ayblabgina qolmay, o‘z qo‘l ostidagilarning o‘zbek harbiylariga qarshi qurol ishlatishini oqlashga ham urindi. Shunday vaziyatda ta‘kidlashni istardimki, amalda hodisa sodir bo‘lgan joy O‘zbekistonga tegishli va Mambetaliyevning DChX ning rasmiy vakili sifatida O‘zbekiston tuproqlariga da‘vosi O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga tahdid deb baholanishi mumkin. Bu xuddi aytaylik, O‘zbekiston chegara xizmatining bironta zobiti chiqib, Bishkek O‘zbekistonga qarashli, deyishi bilan barobar", - deya ilova qilgan o‘zbekistonlik tahlilchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi ziddiyatlarning asosiy sababi qirg‘iz chegara qo‘shinlarida nazoratning yo‘qligida.

"Qirg‘iziston rasmiylari vaziyatni nazorat qilishmaydigina emas, balki nazoratni qilishni istamaydilar ham", - deb aytgan Abdurasulov.

"Farrux" ismli internet foydalanuvchisi Abdurasulovning qarashlarini qo‘llab-quvvatlagan.

"Men ekspertning fikrlariga to‘la qo‘shilaman. Agar byudjet izn bersa, o‘zimizni bu qotillardan baland to‘siqlar bilan o‘rab olishimiz kerak", deb yozgan u.

"Dev" deya nom qo‘ygan boshqa bir foydalanuvchi esa: "Bu voqealarning juda ham to‘g‘ri va oqilona talqini, ammo bu yovvoyi qirg‘izlarni yanada qattiqroq jazolash kerak, aks holda ular yana surbetlashadi", deya sharh qoldirgan websayt o‘quvchisi.

Namanganlik yer zahiralari bo‘yicha ekspert Abdulhay Abdullayev ham Mambetaliyevning chiqishini qoralagan.

Podrobno.uz websahifasi 30 iyul kungi sonida uning "Mambetaliyevning so‘zlari uning layoqatsiz shaxs ekanini ko‘rsatadi. Agar qirg‘iz chegarachilari o‘zbek harbiylarini chegaradan 10 yo deylik, 50 metr uzoqlikda turib otsa ham tushunardik, ammo bizning hududimizga 300 metr ichkari kirib kelib, yana bu bizning hududimiz edi, deyish borib turgan ahmoqlik", - deb aytgan Abdullayev.

Vaziyat barqaror, ammo tahdid arimagan

Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati raisi Kurmanakun Matenov 31 iyul kuni o‘tgan matbuot anjumanida Qirg‘izistonning Tojikiston va O‘zbekiston bilan chegaralaridagi vaziyat "nisbatan barqaror" ekani, ammo tahdid xali ham saqlanib qolayotganini aytgan.

Bu haqda AKIpress agentligi xabar tarqatgan.

Ayni paytda mulozim chegaradagi bahsli hududlar bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolayotganiga e‘tibor qaratgan.

Vechernыy Bishkek websahifasi Matenovning "Qirg‘izistonning davlat chegarasida qo‘shni davlatlar chegarachilari ishtirokidagi yangi hodisalar ro‘y berishi mumkin" degan so‘zlarini keltiradi.

U shuningdek, o‘tgan uch yil mobaynida o‘zbek chegarachilari qirg‘izlarga qarshi qurol ishlatgan 31 ta holat qayd etilganini aytgan.

"Natijada 5 kishi halok bo‘lgan, 10 kishi yaralangan", - degan Matenov.

"Feniks" deb ism qo‘ygan internet foydalanuvchisi O‘zbekiston Qirg‘izistonga qarshi axborot urushi e‘lon qilganini aytgan.

"O‘zbekiston bizning davlatimizga qarshi o‘zining harbiy doktrina va strategiyasiga ega. Hammasi suv zahiralariga borib taqaladi va agar zarur bo‘lsa, O‘zbekiston Qirg‘izistonga bostirib kirishga tayyor. Shuning uchun ham biz hushyor turishimiz va hujumni qaytarish uchun taktikalarni ishlab chiqishimiz kerak", deb yozgan "Feniks".

"Veteran" ismli websayt o‘quvchisi esa Qirg‘iziston rahbariyati davlat chegaralarini mustahkamlash haqida o‘ylamayotganidan shikoyat etgan.

"Bashoratlarga kelsak, deb yozgan u, - shuni ishonch bilan ayta olamanki, bizni oldinda xali ko‘p narsa kutayapti".

"BBC Monitoring" xizmati tomonidan tayyorlangan.