"Zimbabvedagi prezidentlik saylovi "ulkan soxtakorlik"

Image copyright AFP
Image caption Prezident Mugabening Zanu-PF partiyasi ovozlarni soxtalishtirilgani da‘vo qilinmoqda

Zimbabve Bosh vaziri Morgan Changiray mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovini "ulkan soxtakorlik" deb atadi.

Zanu-PF partiyasiga ko‘ra, bu saylovda ham Zimbabveni 33 yildan buyon boshqarib kelayotgan Robert Mugabe ko‘p ovoz to‘plagan.

Bu 89 yoshli janob Mugabening o‘z nomzodini 7-marta prezidentlikka ilgari surishi.

U saylov oldidan agar shu marta o‘zi va partiyasi - Zanu-PF yutqazadigan bo‘lsa, hokimiyatdan voz kechishi haqida e‘lon qilgan edi.

Zimbabve poytaxti Harareda "Demokratik o‘zgarishlar uchun harakat" partiyasi qarorgohida gapirgan Morgan Changirayga ko‘ra, Zanu-PF partiyasi rosa ko‘p ovozlarni soxtalashtirgan.

Mamlakatda Zimbabve Saylovni dastaklash tarmog‘i deb nomlangan mahalliy kuzatuvchilar tarmog‘i ZESN tashkil etilgan.

ZESN Zimbabve saylovlarini eng ko‘p nuqtalarda kuzatishga muvaffaq bo‘lgan eng yirik guruh.

Ushbu tarmoqqa ko‘ra, 1 millioncha zimbabvelikning saylovda qatnashishiga yo‘l qo‘yilmagan va ovoz berish natijalariga "jiddiy shikast yetgan".

Zimbabveda ovoz berish huquqiga ega 6 miillion 400 ming saylovchi ro‘yxatga olingan.

"Demokratik o‘zgarishlar uchun harakat"iga ko‘ra, ko‘p joylarda mahalliy qavmlar rahbarlari o‘z qo‘li ostidagi odamlarni majburan saylov uchastkasiga yetaklab olib borib, Zanu-PF uchun ovoz berishga majbur qilganlar.

Shuningdek, o‘qish-yozishni bilmaydigan savodsiz odamlarning ham ovozlari Zanu-PF uchun tashlangani aytilgan.

Biroq Zanu-PF partiyasi soxta ovoz berishlar va odamlarning saylovda qatnashishiga to‘sqinlik qilingani ayblovlarini rad etadi, janob Mugabe partiyasiga ko‘ra, ovoz berish hamma joyda "silliq kechgan".

Afrika Ittifoqi kuzatuvchilari missiyasi rahbari, sobiq Nigeriya prezidenti Olusegun Obasanjoning aytishicha, ovoz berish haqidagi ilk baho uning erkin va adolatli bo‘lganidir.

Boshqa mintaqaviy kuzatuvchilar prezidentlik saylovi zo‘ravonliklarsiz o‘tganini yuqori baholaganlar.

Zimbabveda norasmiy saylov natijalarini e‘lon qilish taqiqlanadi.

Politsiya ovoz berish natijalariga oid ma‘lumotni yashirincha sizib chiqarish urinishiga qarshi jiddiy chora ko‘rilishi haqida ogohlantirgan.

Qonunchilikka ko‘ra, Zimbabve Saylov Komissiyasi ovoz berish natijalarini besh kunda e‘lon qilishi lozim.

Saylov komissiyasiga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab saylov uchastkalaridagi byulletenlar sanab chiqilgan va ularning haqiqiyligi tekshirilmoqda.

2008 yildagi prezidentlik saylovining birinchi bosqichi ham tinch o‘tgani uchun maqtalgan edi.

Biroq Morgan Changiray Robert Mugabega nisbatan ko‘p ovoz to‘plagani ma‘lum bo‘lgan natijalar e‘lon qilinganidan so‘ng ikki siyosatchi tarafdorlari o‘rtasida zo‘ravonliklar boshlanib ketgan edi.

Ko‘plab insonlar o‘limiga olib kelgan hodisalardan so‘ng 2009 yilda Prezident Mugabe rahbarligidagi Zanu-PF va Morgan Changirayning "Demokratik o‘zgarishlar uchun harakat" koalitsion hukumat tashkil etish kelishuviga erishgan, shundan keyin janob Changiray bosh vazirlikka rozi bo‘lgan edi.