Turkmaniston: maktab o‘quvchilari endi "Ruhnoma"dan ruhlanishmaydi

Turkmanistondagi maktablarda marhum prezident Saparmurod Niyozov tomonidan yozilib, "muqaddas" sanalib kelgan "Ruhnoma" darslik sifatida o‘tilishi to‘xtatiladi, deb xabar beradi "Xronika Turkmenistana" va boshqa internet nashrlari.

Xabarga ko‘ra, Maorif vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi o‘quv loyihasiga "Ruhnoma" kitobi kiritilmagan.

Loyihaga asosan, 1 sentyabrdan boshlab "Ruhnoma"ning o‘rnini boshqa darsliklar egallaydi.

Jumladan, turkman o‘quvchilari uning o‘rniga "Iqtisod asoslari", "Ekologiya asoslari", "Turkmanistonning madaniy merosi", "Jahon madaniyati" kabi darslarni o‘rgana boshlaydilar.

Bunday qarorga nima sabab bo‘lgani ko‘rsatilmagan. Biroq, hozircha bu faqat maktablarga taluqli bo‘lib, Turkmaniston Oliy o‘quv yurtlariga kiruvchilar "Ruhnoma" dan imtihon topshirishda davom etishadi.

"Ruhnoma"("Qalb kitobi") 2002 yildan nashr qilina boshlangan. Kitobdagi axloqiy qoidalar va Saparmurod Niyozovning tarix haqida o‘ylari Turkmanistonda o‘qish va o‘rganishga majburiy sanalgan."Ruhnoma"ni nafaqat talabalar balki davlat mulozimlari, amaldorlar ham o‘rganishlari shart hisoblangan.

Muxolifat tomonidan Niyozovning kitobi shaxsga sig‘inish belgisiga aylanganini tanqid ostiga olingandi.

Saparmurod Niyozov kitobni yozib tugatgan kuni mamlakatda bayram deb e‘lon qilinadi.

"Ruhnoma" sharafiga hatto sentyabr oyi va shanba kuni nomi o‘zgartirilib, kitob nomi beriladi. "Ruhnoma"ga haykal ham qo‘yiladi.

Ashxabotta 2006 yil Saparmurod Niyozovning to‘satdan vafotidan so‘ng Gurbanguli Berdimuhammedovning qudratga kelishi bilan sobiq prezidentning shaxsiga e‘tibor kamaya boshlaydi.

Turkmaniston maktablarida marhum prezident Saparmurod Niyozovning "Ruhnoma" kitobi bo‘yicha bitirish imtihonlari bekor qilinadi.

So‘ngra, Saparmurod Niyozovning quyoshga qarab aylanadigan 15 metrli oltin haykali va uning 75 metrlik marmar ustuni poytaxt Ashxobod markazidan olib tashlangandi.

Maktablarda ham "Ruhnoma"ni o‘rganish soatlari ancha qisqaradi.

Xabarlarga ko‘ra, odamlardan "Ruhnoma" nusxalari yig‘ib ham olinib, yangi prezident asarlari egallay boshlaydi.

Kuzatuvchilar, Ruhnomaning maktab programmasidan chiqarilishi katta o‘zgarish emasligi, Turkmaniston avtoritar davlatligicha qolishi, bir shaxsning o‘rnini boshqa shaxsning qiziqish va manfaatlari egallashini aytishadi.

Ayni paytda "Ruhnoma"ning bundan buyon maktab darsligi hisoblanmasligi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilina boshlangan.

"Xudoga shukur! Arqadag‘dan hech bo‘lmasa bitta foydali narsa chiqdi", deydi bir foydalanuvchi.

Boshqa o‘quvchi esa, "qayg‘uli xabar", - deya kinoya qiladi, - "Kulguli bir kitob edi baribir, ayniqsa Turkmaniston dorivor o‘simliklari to‘plamidan ko‘ra", deb yozadi u.

Boshqasi "Juda to‘g‘ri qaror. Olib tashlash emas, butunlay yo‘qotish kerak bunday narsani! Nima uchun odamlarni, ayniqsa bolalarning miyasini keraksiz narsalar bilan to‘ldirish kerak? - deya fikr bildirsa,

"Yaxshi xabar. O‘ylaymanki, Ruhnomaning o‘rniga endi miyamizni otlar va dorivorlar haqida kitob bilan yuvishmasa yaxshi", deydi yana bir internet foydalanuvchi hozirgi prezident qiziqishlariga ishora qilib.