UzWebiston: Mirabror Usmonov va ishqibozlar tortishuvi

Image caption O‘zbek futbolchilarining mag‘lubiyatidan so‘ng, ishqibozlar Futbol Federatsiyasi rahbari Mirabror Usmonovni ham ayamay tanqid qilishdi

O‘zbek Futbol federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov jurnalistlarni tanqid qilib, mutaxassislarni "o‘qitish kerakmas"ligini aytgan.

Sport saytlari O‘zbekistondagi o‘quvchilar orasida mashhur bo‘lib, bu saytlarda jurnalistlar va internet foydalanuvchilar ma‘lum darajada o‘z fikrlarini erkin bildirish imkoniyatiga egalar.

Biroq, O‘zbekiston Terma jamoasining 2014 yilgi Jahon chempionatiga qatnashish uchun saralash o‘yinlariga chiqa olmagani, milliy jamoa murabbiysi Mirjalol Qosimovning rahbarlik salohiyati tanqid qilingan qator maqollalardan so‘ng, jurnalistlar senator Mirabror Usmonovning ham "po‘stagini qoqish"ga ulgurishdi.

22 iyulda Sport TV ning "Futbol sharhi" tok-shousida qatnashgan Milliy Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov futbol muammolari bo‘yicha bloggerlarning e‘tirozlariga e‘tibor qaratdi.

Zafarjon degan jurnalistga qarata, "Men sizning oldingizga borib ko‘rsatuvingizda u yoki bu narsani qilishingizni yoki jarrohga operatsiyani qanday o‘tkazishini o‘rgatolmayman. Bu butunlay boshqa soha", - deb aytgan Usmonov. "Men sakkiz yildan buyon futbol sohasining ichidaman. Ba‘zida men futbolchilar, murabbiylar va hakamlar bilan gaplashishdan oldin tayyorgarlik ishlarini qilaman. Ularga gapirishdan oldin mening talablarim adolatlimi yoki yo‘qmi obdon o‘ylayman. Men ularning tilida gapira olamanmi yo‘qmi? Hatto bugun men hech kim bilan tayyorgarliksiz gaplashmayman. Men buni "nazariyotchilar" va "pragmatiklar"ga aytaman. Federatsiya eshiklari doim ochiq. Imkon boricha men kuniga bir-ikki, ba‘zan ko‘proq ham bo‘lishga harakat qilaman. Men bilan uchrashmoqchi bo‘lgan qaysidir jurnalist aytoladimi, Usmonov ularning iltimoslarini qabul qilmagani haqida? - deb so‘raydi Futbol Federatsiyasi rahbari.

"Ba‘zi bir saytlar Mirjalol Qosimovga iste‘fo berib, Abramov (milliy jamoaning sobiq rahbari Vadim Abramov)ni tayinlashni talab qilmoqda. "Men sizning fikringizga qo‘shilishim mumkin. Lekin mening savolimga javob: Mirjalol qayerda, markaz qayerda, qayerda boshqa narsalar... haqida yozishdan oldin nima uchun o‘ylamaysiz?!? - deb bloggerlarga murojaat qiladi Usmonov.

Janob Usmonov qator jurnalistlarning nomini tilga olib, ularning maqolalari uchun tanbeh beradi.

"Umuman olganda, men (jurnalistlar yozayotgan narsalardan) minnatdorman, lekin Bobur Akmalov, Olimxo‘ja Boronov, Shokirjonov va Qahramon Aslanovlarning yozganlarini o‘qib, shokdaman. To‘xta, sen o‘zing futbol uchun, mamlakatimiz tinchligi, yoshlar faolligi uchun nima qildingu, boshqalarni qilayotgan ishi uchun haqorat qilasan?", deb aytadi Futbol Federatsiyasi Prezidenti.

Shuhrat Shokirjonov 28 iyulda bunga javoban "futbolni amaldorlar uchun emas, ishqibozlar uchun o‘ynash kerakligi"ni yozadi.

"Futbol sharhi" ko‘rsatuvida O‘FF prezidenti Mirabror Usmonov 2012 yil iyunda M.Qosimov terma jamoa ruliga tayinlangach, oralarida suhbat bo‘lib o‘tgani, futbolimizda juda ko‘plab iqtidorli yoshlar yetishib kelayotgani va bosh murabbiy oldiga o‘sha yoshlarga e‘tibor qaratib milliy terma jamoa safiga qabul qilish vazifasi qo‘yilganini aytib o‘tdilar. Garchi Mirabror Zufarovich og‘zidan "Mirjalol Qosimov oldiga JCh-2014ga chiqish vazifasi qo‘yilmagan edi", degan jumla yangramagan esa-da, bunga biror sha‘ma qilinmagan bo‘lsa ham, ko‘rsatuv boshlovchisi nimalargadir asoslanib, "Chindan ham, ko‘rib turganingizdek Mirjalol Qosimov oldiga JCh-2014 ga chiqish vazifasi qo‘yilmagan edi" deb yubordi. Albatta, bu birgina teleboshlovchi tomonidan millionlab o‘zbek futbol muxlislarining ustidan kulish va haqorat sifatidagina baholanishi mumkin. Zero, na Mirabror Usmonov va na Mirjalol Qosimov JCh-2014 vazifasi qo‘yilmaganini aytgan, har ikki mutasaddi intervyularda vazifasi JCh-2014 yo‘llanmasi ekanligi haqida bot-bot takrorlab kelishayotgan edi. Ikkinchidan, milliy terma jamoa oldiga vazifani mutasaddilar emas, futbol muxlislari qo‘yishadi, janob Zafar Imomxo‘jayev! Chunki futbol mutasaddilar uchun emas, muxlislar uchun o‘ynaladi, agar unutib qo‘ygan bo‘lsangiz. Binobarin, muxlislarning vazifasi hech qachon o‘zgarmagan - Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish! Tamom!".

Shu tariqa jurnalist o‘zining oldingi maqolalarida xorij mutaxassisini milliy jamoa rahbari qilib tayinlash haqida yozganini izohlaydi.

"Oldingi chiqishlarimda men bizda 2014 yilki jahon chempionatiga chiqish uchun hali ham imkon borligi, buning uchun xorijning oliy darajali mutaxassislarini olib kelish va Turkiya bilan o‘rtoqlik o‘yinidan oldin jamoani tayyorlashni aytganman. "Men shuni aytishim kerakki, Abramovni Milliy jamoaga qaytarishni yoqlamaganman)", - deydi u.

Internet foydalanuvchilar ham tok-shouni qizg‘in muhokama qilishadi. (Sharhlar o‘z shaklida qoldirilgan, BBC)

"DIMKAESIGN" degan foydalanuvchi: "Ishqilib Turkiya qoqib ketsinda 0:4 gami 0:5 gami(o'yinni sotib qo'ymasdan). Keyin bular harakat qilishadi nimanidir o'zgartirishga".

"RUXSORTV": "Eh, Qosimovga aql o‘rgatadigan ko‘p ekanda!"

"BASHENKI": "Muxlislarni mensimaslik, san kimsan deb oyoq uchida ko'rsatish uzbek futboli uchun yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi, bu ishi bilan Uff va bosh murabbiyni kosasi oqarmasligi aniq! Bu bilan MTJ va xaqiqiy muxlislar jabr ko'radi!"

"SINDROM": "Rahbarni tanqid qilib turganlar uni noto'gri yo'llardan saqlaydi".

"SINDROM" shuningdek, "Rahbar unga qulliq qilganlarni yoqtiradi bu holat rahbarni noto'gri yo'lga yetaklaydi"

"SINDROM" yana yozadi: "Mirjalol hali uni tanqid qilganlarga rahmat aytadi uni maqtaganlar bir tomonlama fikrlaydigan ahmoqlardir".

"SNAYPERUZ": "jurnalistlar va std.uz sayti siz eng zo‘rsiz, biz sizning ishingizdan xursandmiz va omad tilaymiz!"

"REALMADRIDS" shunday deydi: "std.uz va jurnalistlarga rahmat! Xafa bo‘lmang va haqiqatni bosishda davom eting, biz xalq siz bilan...bu yerto‘ladagilarga ham, murabbiyiga ham, stadioniga ham, e hammasiga...".

"SHAVKATFCB": "Shuxrat aka masola juda yaxshi yozilgan, ammo bu maqolangizni ham "quloqlar" M.Usmonovga noto‘g‘ri yetkazishadi! Shuning uchun barcha futbol ichidagi jurnalistlar O‘FFga borib matbuot anjumani otkazishga harakat kilish kerak va bunda Qosimov ham ishtirok etishi shart! Shunda bu yozganlaring biror effekt berishi mumkin...".