Karimov ishsizlik masalasini tan olgani kimda qanday fikr uyg‘otmoqda?

Image copyright bbc
Image caption Risq ilinjida...

BBC O‘zbek Xizmati websahifasidagi Karimov ishsizlik masalasini tani olgani haqidagi maqola Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘idagi o‘quvchilar orasida qizg‘in bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan.

"Sizlarga bitta haqiqat O‘zbekistonning 60% aholisi O‘zbekistondan tashqarida yurishibdi, O‘zbekistonda qanday ham ishlardi", deb yozgan Bahrom ismli Odnoklassniki foydalanuvchisi.

Ahmad Shoymardonov esa, bu raqamga e‘tiroz bildirgan: "60% emasu, lekin 20% fuqaro chet elda".

Aytish joiz, o‘zbekistonliklarning qanchasi xorijda ishlab yurgani haqida rasmiy raqamlar yo‘q, bu BBCning bahsga sabab bo‘lgan maqolasida ham aytib o‘tilgan.

Ammo, masalan, Rossiya Federal muhojirlik xizmati 2009 yilda bergan raqamga ko‘ra, ushbu raqam 2 millionga yaqin. Aslida esa, bundan ham ko‘proq, deb ishoniladi.

Feruza ismli o‘quvchimiz: "Ishlaydigan odam O‘zbekistonda ham ishlasa bo‘ladi. Ko‘pchilik ishyoqmas va tanbalga aylangan", deb yozgan.

Xushnudbekning ham fikri shunga yaqinroq: "Inson qayerda bo‘lsa ham o‘z ishini topish kerak, kim bo‘lishdan qat‘iy nazar, xoh shoh bo‘lsin, xoh gadoy", deydi u.

Ahmad Shoymardonov: "Shu yilnig boshida yangi qaror chiqaribdi: o‘zbek fuqarolari, chet elda yurganlar o‘z yurtiga qaytgach, 5-8 yilgacha qamoq jazosi beriladi, shu rostmi?" deb so‘ragan.

Ammo, BBC O‘zbek Xizmati bu tartib haqida hech eshitgani yo‘q.

Yana Feruza ishsizlik muammosi faqat O‘zbekistonga xos emasligini yozgan: "Chet elda ham ishsizlar juda ko‘p", deydi u.

"Man o‘zim bormaganman chet elga ishlashga. Borgilik ham qilmasinu, lekin begona joyda non topish ham o‘g‘il bolaga emas", debdi yana bir Odnoklassniki foydalanuvchisi.

"Baribir o‘z yurting yaxshi", deb yozgan Xushnudbek ismli Odnoklassnikidagi BBCO‘ZBEK sahifasidagi do‘stimiz.

Ammo, unga Adham Shaymardonov ismli o‘quvchimiz: "To‘g‘ri, lekin hozirgi vaqtda O‘zbekistondagi ishchilarga ish yo‘g‘u, chet eldagi fuqarolar qaytishsa, nima bo‘ladi?" qabilida javob qaytargan.

Fors Shaxzoda ismli Odnoklassniki foydalanuvchisi: "Chet elda ishlamaslik uchun o‘qish kerak", deb yozsa, Islombek ismli yana bir foydalanuvchi: "O‘qishga puli yo‘qlar o‘qishim kerak, deb chet elda ishlayapti-ku", deya javob bergan.

Xullas, ishsizlik mavzusi Odnoklassnikidagi o‘quvchilarimiz orasida qizg‘in bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan. Bahslar hanuz davom etmoqda.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

Fikr va mulohazalarni BBCning tahririy mezonlari bilan ko‘rib chiqqandan keyin e‘lon qilishimiz mumkin.