Navoiy qamoqxonasidan diniy mahkum jasadi chiqdi

Image caption O‘zbekiston davlat televideniyesi Abdurahmonov va sheriklari to‘g‘risida maxsus ko‘rsatuv namoyish etgandi

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, 46 raqamli Navoiy jazoni o‘tash koloniyasidan diniy ekstremistik guruhga a‘zolikda aybdor deb topilib, shu yil aprel oyida Toshkent shahar sudi tomonidan 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Abduvohid Abdrurahmonov jasadi chiqqan.

Juma kuni tuproqqa qo‘ilgan Abduvohid oila a‘zolariga ko‘ra, uning badanida qiynoq izlari bo‘lmagan.

36 yoshli Abduvohid Abdurahmonov noyabr va dekabr oylarida Toshkentda hibsga olinib, uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilgan olti shaxsdan biridir.

Ularning barchasi mahkama tomonidan mustaqil imom Obidxon qori Nazarovning tarafdorlari va "Jihodchilar" guruhi a‘zolari deb topilganlar.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Uch Tepa tumanida istiqomat qilgan Abduvohid Abdurahmonov va uning sheriklari dindor tanish-bilishlaridan pul to‘plab, O‘zbekiston qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan dindor mahkumlarga yordam berib kelganlar.

Ularga nisbatan diniy ekstremistik guruhga a‘zolik va Konstitutsion tuzumga tajovuz qilish kabi qator ayblar qo‘yilgani xabar qilinadi.

Bir guruh a‘zolari sifatida ko‘rilgan olti shaxs o‘tgan yilning noyabr va dekabr oylarida huquq tartibot idoralari tomonidan hibsga olingandi.

Shayxontohur tumanidan bo‘lgan 39 yoshli Abdurashid Horunov 26 noyabrda uyidan olib ketilgan.

Ichki ishlar xodimlari uning turmush o‘rtog‘ini ham 15 sutkaga qamashgan.

Oradan bir oy o‘tib huquq-tartibot idoralari xodimlari ayni tumanda yashagan 45 yoshli Shuhrat Tojiboyev va Olmazor tumanidan 33 yoshli Bobur Karimovni hibsga olganlar.

Besh farzandli Shuhrat Tojiboyev 2000 yil yozida ayni ayblovlar bilan 18 yilga ozodlikdan mahrum qilingan va uch yil jazo muddatini o‘taganidan keyin ozodlikka chiqqandi.

Yaqinlarining aytishicha, Shuhrat Tojiboyev oxirgi paytlarda "yana qayta qamalishidan xavfsirab, berkinib yurishga majbur bo‘lgan".

45 yoshli Ahmadjon Karimov esa 29 dekabr kuni pasport stoliga borgan payti hibsga olingan.

Tergov xulosasiga ko‘ra, hozirda mazkur shaxslar bir-birlarini yaxshi tanishgan va 90-yillarda taniqli ulamo Obidxon qori Nazarov imomlik qilgan Toshkentdagi To‘xtaboy masjidida jamoat namozlariga qatnashishgan.

Yaqinlari ularning hech biri biron bir diniy guruhga a‘zo emasliklari, dindor bo‘lganliklari uchungina tazyiqqa uchrayotganlarini aytishadi.

O‘zbekistonlik inson huquqlari faollarining xabar berishlaricha, 14-dekabrda Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tergov izolyatoridan 40 yoshli Shovkatjon Nurmatovning jasadi chiqqandi.

Huquqbonlar xabariga ko‘ra, Shovkatjon Nurmatov hibsga olingan 5-noyabr kunida birgina Toshkent viloyati Zangi Ota tumanida yana yigirmaga yaqin dindor hibsga olingan.

2012 yilning 12 dekabr kuni esa jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar mahkamasi "Turkiston islomiy harakati"ga mansublikda ayblangan 16 nafar dindorni uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etgandi.

O‘tgan noyabrda Toshkent viloyat mahkamasi Parkent tumanida yashab kelgan 9 nafar dindorni "noqonuniy diniy tashkilot tuzish" va "jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish" ayblari bilan mahkum etgandi.