Ishga qaytgandan keyin maktubga javob yozish azobi

Bu holat sizga tanishmi?

Ish yoki faoliyati elektron maktub bilan bog‘liq insonlar yozgi ta‘tildan qaytganidan keyin yig‘ilib qolgan emaillarga javob yozish olgan hordig‘ini "burnidan chiqarib yuboradigan" jarayon ekanini yaxshi bilishadi.

Bu boshog‘riqdan qutulish yo‘lini olmoniyalik Yona Bridenbax o‘ylab topibdi.

Bu elektron pochtasiz oy joriy qilish.

Odatda siz yozgi ta‘tilga yo‘l olarkansiz, "men falon kundan falon kungacha idorada bo‘lmayman. Sizning maktubingizga ishga qaytganimdan keyin javob qaytaraman" mazmunidagi avtomat javob yozadigan qurilmani ishga solib ketasiz.

Ammo ishga qaytgandan keyin o‘nlab, balki yuzlab elektron maktub yig‘ilib qoladiki, qulaylikni ko‘zlab avtomat javob beruvchini elektron pochtasida moslab ketgan kishi ba‘zan afsuslanib ham ketadi.

Chunki ayrimining muddati o‘tib ketgan bu emaillar orasidan qay biri muhimu, qaysi birini o‘chirish uchun ham kamida bir ish kunini sarflash lozim bo‘ladi.

Olmoniyadagi "Bettepleys" deb nomlangan xayriya tashkiloti xodimasi Yona Bridenbax esa o‘ziga maktub yozganlarni boshqacha ogohlantiradi: "Yozgan xatingiz uchun katta rahmat. Afsuski, men sizning xatingizni o‘qiy olmayman. Boisi, men hozir yillik pochta hordig‘idaman. 1 avgustdan 29 avgustgacha menga kelgan hamma xat avtomatik o‘chirib yuboriladi. Sentyabrda ko‘rishguncha omon bo‘ling! Hurmat bilan Yona".

BBC muxbiri Stiven Evans bilan uchrashganida Yonaning aytishicha, 2011 yildan buyon har yili avgust oyini elektron pochtasiz o‘tkazadi va bu narsa uni ancha bo‘shashtirgan.

Yona Bridenbaxga har kuni 100 tacha elektron maktub keladi.

Va "ta‘tildan qaytganimdan keyin yig‘ilib qolgan bu hamma emaillarga javob berishim kerak, degan fikr har doim meni ezardi", deydi Yona.

Yonaning so‘zlariga ko‘ra, elektron pochtadan bir oy voz kechish asabni asrashning bir yo‘li.

"Aslida men har xil texnologiya yangiliklarini yaxshi ko‘radigan odamman. Biroq endi men o‘zimni elektron maktublar tog‘ining ostida qolganday his qilmayman. Men u xatlarni olmayman, bor-yo‘qligini ham bilmayman", deydi u.

Ta‘tilga chiqquncha Yona o‘zining hamkasblarini agar juda zarur bo‘lib qolsa u bilan qanday bog‘lanish mumkinligi haqida ogohlantirib ketadi.

U faqat SMS-xabarlarni, Twitter va web-saytlarni ko‘rib borishini aytib ketadi.

Yonaning aytishicha, bir oylik elektron pochtasiz hayot unga o‘z fikr-xayollarini boshqa narsalarga yo‘naltirishga imkon beradi.

"Bu narsa menga boshqa narsalar haqida fikr yuritishga yordam beradi. Aynan o‘sha bo‘sh paytlarimda miyamga juda zo‘r g‘oyalar keladi", deydi Yona.

Siz ham keyingi gal elektron pochtangizdagi "Maktubingizga idoraga qaytganimdan keyin javob beraman", degan avtomat javob qaytaruvchini ishga solishdan oldin Yonaning yangi usuli haqida o‘ylab ko‘rarsiz?