Rossiya: muhojirlarga qarshi kampaniya miqyosi kengaymoqda

Image copyright RIA Novosti
Image caption Huquq faollari jamloqdagi sharoitlarni tanqid qilishmoqda

Moskva sharqida noqonuniy muhojirlar uchun barpo etilgan chodirli jamloqqa olib borilganlar soni 600 dan oshib ketgan.Ularning orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.

Ayni paytda muhojirlarga qarshi ov Rossiyaning boshqa mintaqalariga ham yoyilgan.

Bugun politsiya Moskva viloyati, Kursk va Xabarovskda reydlar o‘tkazgani haqida xabarlar olingan.

Xabarovsk bozorida olib borilgan reyd chog‘ida 200 nafar o‘zbek, qirg‘iz, turk va hind fuqarolari ushlangani aytiladi.

Muhojirlarni hibsga olish to‘lqini 2 avgust kuni politsiya Moskvada, asosan v‘etnamliklar ishlab kelgan bir necha yashirin to‘quv tsexlarini aniqlashi ortidan boshlanib ketgan edi.

Tahlilchilar joriy kampaniyani Moskva shahar hokimligiga saylovlar bilan bog‘lashadi.

Ayni paytda Rossiyaning inson huquqlari bo‘yicha vakili Vladimir Lukin chodirli jamloqdagi sharoitlardan xavotir bildirgan.

Moskvadagi "Memorial" inson huquqlari markazining "Muhojirlik va huquq" tarmog‘i rahbari Svetlana Gannushkina BBC bilan suhbatda Rossiya rasmiylarini muhojirlarga qarshi kampaniya olib borishda aybladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, noqonuniy muhojirlar uchun barpo etilgan maxsus jamloqning hech qanday huquqiy maqomi yo‘q.

Svetlana Gannushkina: Birinchidan, shuni aytishni istardimki, hibsga olinganlar faqatgina noqonuniy muhojirlar emas. Ularning orasida qonuniy muhojirlar, xali Rossiyada yashash va ishlash uchun ruxsatnomasining muddati tugamagan muhojirlar ham anchagina. Ularni farqlab o‘tirishmagan. Hammasini yoppasiga bosib, chodirlarga olib kelib, tiqishgan. Mening o‘zim ikki marta, juma kuni va yakshanba kuni kunning ikkinchi yarmida bu lagerda bo‘ldim. Xususan, yakshanba kuni u yerda xali ruxsatnomasi tugamagan bizning sobiq vatandoshlarimiz- o‘zbekiston va tojikistonlik mehnat muhojirlarini ko‘rdim. Bundan tashqari, bir suriyalikni ko‘rdim, qo‘lida xali uch oylik vizasi bor. U bechorani ertalab yugurishga chiqqan payti sport kiyimida olib ketishgan. Qarorda esa, lagerdan topib oldik, deb yozilgan. Qanday qilib lagerdan topib olish mumkin?. Sudlar ularning maqomini aniqlashga nafaqat yetarli vaqt sarflamagan, balki umuman, vaqt sarflamagan. Sud qarorlarida ularni huquqbuzarlar, deb atab, jarimaga mahkum etilib, Moskvadagi xorij fuqarolari saqlanadigan markazga jo‘natish aytilgan. Ammo o‘rniga ularni palatkali lagerga olib kelishgan. Bu mutlaqo noqonuniy bir amal, muhojirlarga qarshi kampaniyachilikdan boshqa narsa emas.

BBC: U yerdagi yashash sharoitlari haqida nima deya olasiz?

Svetlana Gannushkina: Bilasizmi, yashash sharoitlari meni eng kam bezovta qilayotgan narsa. Asosiy masala bu lagerning maqomi. Garchi ellik metrlik bir palaikada 40 ta odamni saqlashni hech qandaq sharoit deb atab bo‘lmaydi. Tiqilinch, issiq va noqulay. Tizzagacha suv, ichimlik suvi yo‘q. Yakshanba kuni biz u yerda bo‘lganimizda, mobil aloqasi ishlamayotgan va telefon qilishning imkoni yo‘q edi. Biz suhbatlashgan v‘etnamliklar yaqinlariga xabar bera olmayotganliklarini aytishdi. Yaqinlari esa ularning taqdiridan xavotir olib, elchixonaga qo‘ng‘iroq qilishgan. Ular nima uchun o‘zlariga do‘st bir davlatda qanaqadir lagerga tiqib qo‘yganliklarini tushunolmay hayronlar. Umumuna, lager so‘zi ular uchun urushdan qolgan qo‘rqinchli bir narsani anglatadi. Qisqasi, muhojirlar orasida qo‘rquv, vahima...

BBC: Viza va ruxsatnomasi tugamagan muhojirlar mahkamaning qaroridan biron joyga shikoyat qilishlari mumkinmi?

Svetlana Gannushkina: Yo‘q, albatta. U yerda qog‘oz -qalam yo‘q. V‘etnamliklar esa umuman, rus tilida gapirishmaydi. Qanday qilib shikoyat qilishi mumkin?. Biz hozir bir afg‘on va ikki suriyalik muhojirlar uchun himoyachi yolladik. Ulardan biri boshpana so‘ragan, suriyaliklarga esa xatto hujjatlarini olishga ham ruhsat berishmagan. Sud qarorida esa, lagerda hujjatsiz yurganini aniqladik, deb yozishgan. Bizning himoyachilarimiz ularga mahkama qarori ustidan shikoyat qilishga yordam berishayapti. Ammo qolganlar nima qilishadi, men bilmayman. Muhojirlar uchun palatkali lager, bu - mutlaqo noqonuniy va hech qanday huquqiy asosga ega bo‘lmagan bir ko‘rinishdir.

BBC: Ammo Federal muhojirlik xizmati bunga o‘xshash lagerlar Ovro‘poda ham borligi va Rossiyaning boshqa shaharlarida ham bu kabi jamloqlar qurilishini aytayapti. Buning uchun maxsus qonun loyihasi ham ishlab chiqilgan ekan...

Svetlana Gannushkina: Bilasizmi, men Ovro‘podagi jamloqlarda bo‘lganman. Ammo ular palatkali lagerlar emas. Men Olmoniyada bo‘lganman. U yerda turli ko‘rinishdagi jamloqlar mavjud va ular insonning yashashi, tirik organizmning faoliyat yuritishiga moslab qurilgan. Va asosiysi, u yerdan odamlarni tashqariga chiqarishadi. U yerda odamlarni qo‘riqlab o‘tirishmaydi va bemalol telefon qila oladilar. Rossiyada esa, odamlarni hech qanday huquqiy maqomga ega bo‘lmagan bir hududda, qo‘riqchilar nazoratida hibsda ushlab turishibdi.

BBC: Bu jamloqda muhojirlarni qancha muddatgacha ushlab turish mumkin? Rasmiylar nima deyishayapti?

Svetlana Gannushkina: Meni aminmanki, rasmiylarning o‘zlari bundan keyin nima bo‘lishini bilishmaydi. Bizda hokimiyat avvaliga nimanidir boshlab qo‘yadi-da, keyin "nima qilmoq kerak?" degan savolni so‘raydi. Muhojirlarning yana qancha turishlarini hech kim bilmaydi. Bu amaliyotning hammasiga politsiya boshchilik qilayapti. OMON nazorat qilmoqda. Ya‘ni politsiya o‘ziga xos bo‘lmagan ijtimoiy xodim vazifasini bajarayapti. Hozir bu kampaniya butun Rossiya bo‘ylab yoyilmoqda. Boshqa shaharlardan ham muhojirlarning ushlangani haqida xabarlar kelayapti. Umuman, vaziyat ayanchli va hech kim yuzaga kelgan holatga huquqiy baho berishga shoshilmayapti. Nazarimda, bu faqat Moskva hokimligiga saylovlar bilan bog‘liq emas, balki undan kengroq miqyosdagi bir siyosiy kampaniyaga o‘xshab tuyulayapti.