O‘zbek elchixonasi Moskva lageridagi yurtdoshlari taqdiri bilan qiziqmayapti

Image caption Muhojirlarning saqlanishi qamoq sharoitlarini eslatadi

Ko‘pgina nashlarda "kontsentratsion lager" deya tavsirlanayotgan Moskva shahrining Golyanovo mavzesidagi maxsus jamloqda mehnat muhojirlari saqlanishda davom etmoqda. Besh kun avval tashkil etilgan bu lagerda 600dan ziyod muhojirlar sud hukmini kutishmoqda. Ular Vetnam, Misr, Marokash, Suriya, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolaridir. Ulardan taxminan 100 nafari o‘zbeklardir.

Ular orasida noqonuniy ishlab yurgan "kelgindi"lardan tashqari, qonuniy ish ruxsatnomasiga ega muhojirlar ham talaygina.

Rossiya rasmiy idoralari rad etayotganiga qaramay, jurnalistlar talabiga ko‘ra ma‘lumot bergan shifokor lagerda 20ga yaqin homilador ayol borligini ma‘lum qildi. Ularning biri o‘zbek ayolidir.

Moskvadagi muxbirimiz bilan suhbatlashgan va o‘zini Sevinch deb tanishtirgan bu ayolning aytishicha, lagerda issiq suv yo yuvinishga sharoit yo‘q. "Berayotgan ovqatlariga qorin to‘ymaydi. Homiladorligim ham hisobga olinmayapti. Chodirning ichi issiq va dim, toza havo yo‘qligidan bosh aylanadi. Diqqatchilikka asablarimiz ham chidamayapti", - deb aytdi ayol.

Rossiya qonunchiligiga zid deb ko‘rilayotgan bu jamloqdagi o‘zbekistonlik muhojirlarning ahvoli bilan O‘zbekiston elchixonasi umuman qiziqmagan. BBC Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi va konsulligidan o‘z yurtdoshlariga qanday amaliy yo huquqiy yordam berayotganini bilishga urindi, biroq urinishlar zoye ketdi. Elchixona web sahifasida bu borada biron bayonot yo‘q.

Rossiyada, norasmiy raqamlarga ko‘ra, 5 million o‘zbekistonlik ishlab yashab kelayotgani xabar qilinsada, O‘zbekiston elchixonasida mehnat muhojirlariga qandaydir huquqiy yordam taklif etilishi borasida ma‘lumot yo‘q.

Moskvadagi muxbirimizning aytishicha, lagerdagi o‘zbek muhojir ayol telefon qilib yordam berishlarini so‘raganida, elchixonadan kimdir "Qanday borib qolgan bo‘lsang, shunday chiqib ketaver", deya javob bergan.

Moskvada faoliyat yurituvchi inson huquqlari faoli Bahrom Hamroyevning BBCga aytishicha, Matveyevsk bozorida dog‘istonlik kishi tomonidan rus politsiya zobitining do‘pposlanishi ortidan boshlangan poytaxt bozorlaridagi "tozalashlar" muhojirlarni vahimaga solgan.

"Yotoqxonalariga guruh-guruh bo‘lib politsiyachi va askarlar bostirib kirib, o‘zbeklarni olib ketishgan. Ular kutilmaganda huddi urush boshlangan deb o‘ylab, qo‘rqib qolganlar. Kecha men 29 o‘zbekning Podmoskovedagi bo‘limdan ozod qilinishlariga yordam berdim. Ular garajlarga qamalib, qattiq do‘pposlanganlar. Ba‘zilari juda og‘ir jarohatlar olishgan", - deydi janob Hamroyev.

Uning aytishicha, bu 29 muhojir so‘ngra yordam istab O‘zbekiston elchixonasiga borganlarida, yosh xodim ularning qarshisiga chiqib, pasportlaridan nusxa ko‘chirib olgan va ortlariga qaytargan. Xodim bu jabrlangan mardikorlarga elchixonaga boshqa murojaat qilmaslikni tavsiya qilgan.

Tojikiston elchixonasi ham "tozalashlar"ga munosabat bildirmayapti.

Ayni damda Qirg‘iziston elchixonasi vakili muhojirlar lagerida bo‘lib qaytgan va hibsga olingan qirg‘iz fuqarolariga yordam ko‘rsatmoqda. Prezident Almazbek Atambayev buyrug‘i bilan o‘tgan yili elchixonaga ishga safarbar qilingan to‘rt huquqshunos bu safargi "tozalashlar"da qo‘lga tushgan 11 qirg‘izni ozod qilishga muvaffaq bo‘lganlar. Hozir yana to‘rt qirg‘iz politsiya qo‘lida qolayotgani aytiladi.

BBC bilan suhbatlashgan bir mardikorning aytishicha, Moskvada muhojirlar orasida qo‘rquv va vahima yuzaga kelgan, lekin ruxsatnomasi bor ishchilar qo‘rqsalarda bozorlarga savdo qilishga chiqayaptilar. "O‘zbekistonimiz prezidentining o‘zi bizni dangasa deb haqorat qilib turganda, elchixonasi qanaqa yordam berardi?", - deydi bu savdogar.