Suriya qo‘shinlari pistirmada 62 isyonchini o‘ldirgan

Image copyright Reuters
Image caption Suriya prezidenti Assad isyonchilar ustidan g‘alabaga erishayotganini aytgan

Suriya armiyasi uyushtirgan pistirmada kamida 62 isyonchi jangchilar o‘ldirilgan. Bu haqida Suriya inson huquqlari kuzatuv guruhi xabar tarqatdi.

Isyonchilar Damashq sharqidagi Adra shahri yaqinida tongda yuz bergan pistirmada halok bo‘lganlar.

"Kamida 62 isyonchi shahid bo‘ldi, aksari yoshlar edi", deb aytiladi guruh bayonotida.

Sana davlat xabar agentligi pistirmada necha odam halok bo‘lganini ochiqlamadi, ammo isyonchilar al-Qoidaga aloqador al-Nusra Fronti guruhidan bo‘lganlarini aytdi.

Sana isyonchilarning avtomatik qurollari va granatamyotlari musodara qilinganini xabar qildi.

BMTga ko‘ra, Suriyada 28 oydirki davom etayotgan urushda 100 mingdan oshiq odam nobud bo‘lgan, 1.7 million suriyaliklar esa qo‘shni mamlakatlardan boshpana topishga majbur bo‘lishgan.

Suriya armiyasi Damashqning aksar qismi va g‘arbga eltuvchi yo‘llarni nazorat qilayapti, isyonchilar esa poytaxt shimoli va sharqidagi hududlarni qo‘llariga olganlar.

Seshanba kuni isyonchilar Turkiya bilan chegara yaqinidagi Halab viloyatida joylashgan muhim havo qo‘nalg‘asini qo‘lga kiritganlar.

Menag‘ bazasi Turkiya bilan bog‘lovchi muhim ta‘minot yo‘lida joylashgan.

Isyonchilar yaqin kunlarda, shuningdek, Prezident Bashar al-Assadning Alaviy oqimi markazi hisoblangan Latakiya viloyatida bir necha qishloqlarni qo‘lga olganlar.

Biroq, prezidentga sodiq qo‘shinlar ham yaqin kunlarda Damashq va Halab shaharlari, hamda Halab viloyati bo‘ylab qator g‘alabalarga erishdilar.