"Ilk bor qush tumovi odamdan odamga yuqqan"

Image copyright Reuters
Image caption Xitoy sharqida 133 kishining H7N9 virusini yuqtirgani aniqlangan

Tadqiqotchilarga ko‘ra, qush tumovi virusi insondan insonga yuqqani holati ilk bor Xitoyda aniqlangan.

British Medical Journal xabar qilishicha, virusni yuqtirgan otasini parvarishlagan 32 yoshli ayol otasidan qush tumovini yuqtirgan va ikkovi ham vafot etgan.

Shu paytgacha H7N9 virusi faqat parrandalar yonida bo‘lgan insonga parrandalardan yuqqan, biroq bu virusning bir insondan ikkinchisiga o‘tganining isboti bo‘lmagan edi.

Biroq ekspertlarga ko‘ra, so‘nggi holat qush tumovi virusi bir insondan ikkinchi insonga osonlik bilan o‘tish qobiliyatini ishlab chiqish darajasiga yetganini anglatmaydi.

Shu yilning 30 iyunigacha Xitoy sharqida 133 kishining H7N9 virusini yuqtirgani aniqlangan.

Shulardan 43 nafari olamdan o‘tgan.

Bu odamlarning aksari virus yuqtirgani aniqlanganidan bir yoki ikki xafta ilgari tirik parranda bozorlarida bo‘lishgan yoki parrandalar bilan yaqin aloqada bo‘lganlar.

Tadqiqotchilar aniqlashicha, shu yilning mart oyida 60 yoshli kishi qush tumovini yuqtirib shifoxonaga yotqizilgan, unga 32 yoshli qishi qaragan.

Otasi kasal bo‘lishidan bir hafta ilgari parranda bozorida bo‘lgan.

Qizi parrandalar yaqinida bo‘lmagan, ammo otasi bilan oxirgi marta kontakt qilganidan olti kun o‘tib kasallangan.

Ikkalasida ham bir necha organlari ishlamay qolishi kuzatilgan, so‘ng shifoxonaning intensiv davolash bo‘limiga yotqizilganlar.

Davolanishlarga qaramasdan ularning hayotlarini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.

Ikki mijozdan olingan virus nusxalari genetik bir xil bo‘lgan.

Bu narsa ayol organizmidagi virus manbasi boshqa emas, aynan otasidagi virus ekani haqidagi nazariyani tasdiqlaydi.

Shifokorlar bu turdagi bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan 43 kishini tekshirganlar, biroq tekshiruvlar natijalarining hammasi H7N9 virusiga salbiy chiqqan.

Bu esa virusning tarqalish qobiliyati cheklanganini namoyon etadi.

Tadqiqotchilar virusning bir insondan ikkinchisiga osonlik bilan o‘tishini tasdiqlovchi isbot hozircha yo‘q deydilar, ushbu holat qush tumovining odamdan odamga "ehtimoliy yuqishi"ning birinchisi ekanini aytmoqdalar.

Tadqiqotchilar o‘zlarining so‘nggi topildiqlari qush tumovi pandemik tarqalish xususiyatiga ega ekani borasidagi xavotirli to‘xtamga kelganlarini aytadilar.

London Gigiyena va Tropik tibbiyot maktabidan professor Jeyms Rudj aytishicha, qush tumovining bir insondan ikkinchisiga, undan esa uchinchi shaxsga va yanada ko‘p odamga yuqishi xavotir uyg‘otadi, deydi.

Shunday bo‘lgan taqdirda ham bir insondan ortiq kishining virusni yuqtirishi "biz epidemiyaning dastlabki bosqichida turgan bo‘lishimiz mumkinligining kuchli belgisi", deb aytgan professor Jeyms Rudj.