Islom dini o‘zgarmoqdami?

Image copyright AFP
Image caption Islomning tamal amallari o‘zgarmasdan kelmoqda

Yahudiylar va yo Nasroniylar o‘zgargani haqida aytuvchi musulmonlar ularning ilohiy kitoblari buzilganiga ishora qilishadi. Ayni fikr tarafdorlariga ko‘ra, Qur‘oni Karim buzilmagan va shu bois Islom dini ham aslo o‘zgarmaydi.

Ammo dunyo dinlari tarixan ko‘plab o‘zgarishlarni boshdan kechirishgan. Bunga milliy an‘analar, siyosiy ta‘qiblar va yo hayot tarzi hamda dindorlar yashagan sharoitlar undagan.

Bir asrda cherkov davlatni boshqargan, boshqa asrga kelib din davlatdan ajratilgan. Bu kabi din ta‘siri kuchaygan va zaiflashgan davrlar nafaqat Ibrohimdan keladigan uch din - Yahudiylik, Masihiylik va Islomda ko‘rinadi, balki boshqa dinu inonchlarda ham mavjud.

Hindiston shimolini ishg‘ol qilgan musulmonlarga qarshi siyosiy va milliy norozilik kuchi sifatida yuzaga kelgan, o‘zida ham Islom, ham Hinduizmga xos jihatlarni mujassamlashtirgan Sikx dini Panjobda katta ijtimoiy va siyosiy ta‘sirga ega.

Ammo dinlar sharoitga moslashganida yangi oqimlar yo mazhablar ham yuzaga keladi.

Ovro‘podagi texnologik taraqqiyot jarayonida katolik dini to‘siq sifatida ko‘rildi va natijada protestanlik nufuzi hamda ta‘siri oshdi. Protestant dini yetakchilik qiladigan shimoliy Ovro‘po katolik dini hukmron janubiy Ovro‘podan va pravoslav sharqiy Ovro‘podan taraqqiyotda o‘zib ketdi.

Image copyright AFP Getty
Image caption "Podshoh - Ollohning soyasi" degan fikr Islomdan kelishi aytilsa-da, bugun musulmon olamidagi zulmkor hukmdorlarga qarshi chiqishlar ko‘paymoqda

Islom dini, masalan, inson qiyofasini tasvirlashni ma‘qullamagan. Biroq bugungi kunda musulmonlar foto- va videokameralardan bemalol foydalanishadi va bu uchun hech kim ularni dinga zid ish tutishda ayblayotgani yo‘q.

Bir necha asr oldin katolik dini barcha yahudiylarni nasroniylikka kiritishni maqsad qilgandi. Bugun katoliklar uchun bu ahamiyatli vazifa emas.

O‘zgarayotgan Islom

"Men taqvodorman. Ammo bir narsani aytishim mumkin, ya‘ni din o‘zgarmaydi va uning o‘zgarishi xatodir, deguvchi insonlar yanglishadilar. To‘g‘ri, din o‘z asoslaridan voz kechmaydi. Lekin ma‘qul keladigan o‘zgarishlarin boshidan kechiradi" - Nasroniy Keytlik Fleyk - "Tarixga qarasangiz, o‘zgarmagan dinlar yer yuzidan yo‘qolib ketgan".

Ammo mana bir yarim aksrki Qur‘oni Karimdagi biron nuqta ham o‘zgarmasdan kelmoqda. Shunga qaramay, Islom dini jadal yoyilmoqda va musulmonlar soni oshayapti.

"Qur‘oni Karimning o‘zgarmay kelayotgani aslo Islom dini urf-odatlari ham o‘zgarmasdan saqlanmoqda degan gapni anglatmaydi" - deydi professor Muqtado Xon - "Agar ilk sahobalardan e‘tiqodingiz manbasi qayerda, deb so‘rasangiz, shaksiz, Muhammad Payg‘ambar (S.A.V) og‘zidan eshitgan gaplarimiz-da, deb aytishgan bo‘lurdi".

"Biroq Muhammad Payg‘ambar (S.A.V)dan bir necha asr keyin yashagan musulmonlar esa o‘z e‘tiqodlari manbai sifatida faqat Qur‘on va Hadislarni ko‘rsatishardi".

Image copyright Getty
Image caption Futbol olamida musulmon o‘yinchilar nufuzi va tabiiyki, Islomiy amallar ijrosi ham kuchaygan

"Keyinchalik esa bir musulmon o‘zini Hanafiy deb atasa, boshqasi o‘zini Shofiy yo Hanbaliy deb atadi" - davom etadi professor Xon - "Bu shuni anglatadiki, Islom asoslari o‘zgarmaydi. Biroq insonlar uni qanday tushunishlari va yo izohlashlari bois muayyan o‘zgarishlar yuzaga keladi".

Eronda Islomiy inqilob ortidan Shia mullalari fatvo chiqarib, tug‘ilishni nazorat qilishni harom, deb atashgandi.

Bugun esa ko‘plab musulmon davlatlarida tug‘ilishni nazorat qilish, ya‘ni oilani rejalashni umuman diniy e‘tiqod poydevoriga zarba beradigan amal deb ko‘rishmaydi.

"Bir asr oldin ulamolar ovozkuchaytirgichlarni ishlatish harom, deyishgan. Hatto radio tinglash ham harom qilingandi" - deydi tarixga nazar tashlab Muqtado Xon - "Bugun esa musulmonlar internetda o‘z websahifalari hamda teleradiokanallariga egalar".

Surat va siyrat farqi

Hozir dunyodagi mavjud bir yarim milliard musulmon VII asrdagi Arabistondan butkul o‘zgacha sharoitlarda yashaydilar. Bunday sharoitda esa e‘tiqod asoslariga sodiq qolish oson ish emas. Ya‘ni o‘zgaruvchan surat bilan o‘zgarmas siyrat o‘rtasidagi farqni anglash ba‘zida oson emas.

"O‘zgarmas tamoyillar va tarixiy shakl-shamoyillar orasidagi farqlarni ilg‘ash juda muhimdir. Chunki Islomdagi tarixiy shakl-shamoyillar mavjud jamiyatlardagi siyosiy, tarixiy va yo ijtimoiy sharoitlarga qarab o‘zgarib boradi" - deydi islomshunos Tariq Ramazon.

Ovro‘podagi eng boobro‘ musulmonlardan bo‘lmish doktor Tariq Ramazon Britaniyadagi eng yetakchi Oksford universitetida zamonaviy Islom bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi. Uning bobosi Misrdagi "Musulmon Birodarlari"ga asos solgan.

Image copyright yulduz.uz
Image caption Tarixda ayol kishi omma oldida kuylamagan, bugun ko‘plab yurtlarda muslima xonandalar obro‘ e‘tiborga moliklar

"Islom bir imoratga mengzaydi" - deydi amerikalik yosh musulmonlardan biri - "Siz imoratning poydevorini almashtira olmaysiz. Lekin eshik-derazalari ranglarini o‘zgartirish, gulqog‘ozlarini yangilash va eskirib qolgan joylarini sal boshqacharoq ko‘rinish yo shaklda ta‘mirlashingiz mumkin. Lekin binoning asil poydevori o‘zgarmay qolaveradi".

Ko‘plab musulmonlarga ko‘ra, qayerda va qachon yashashingizga qarab, siz amal qiladigan Islom ham muayyan jihatdan farqlanishi mumkin.

Lekin qator musulmonlar bu kabi tarixiy va yo madaniy jihatlarni butunlay rad etishadi.

"Biz Vahhobiy deb noto‘g‘ri ataydigan Salafiylar, masalan, tarixiy jihatlarni tan olishmaydi" - deydi olim Tariq Ramazon - "Ularning ishonishicha, Qur‘onda nimani topsang, o‘shanga qat‘iy amal qilishing kerak".

"Boshqa musulmon toifalarida esa bunaqa tushunchalar yo‘q. Shunday holatda atrofdagi turfa xil musulmonlarga qarab, Islomda asil taqvo o‘zi nima, degan savol oldida qolasan kishi".

Tariq Ramazonning bu kabi fikrlari Salafiylarni g‘azablantirgan va Saudiya Arabistonida uning kitoblari taqiqlangan.

Shariatda shakl bormi?

"Shariatni har joyda har xil tushunishadi" - deydi professor Muqtado Xon - "Masalan, Saudiya Arabistonida ayol kishining mashina haydashi harom sanaladi".

Image copyright RIA Novosti
Image caption Urfga kirayotgan Islomiy kiyimlar tomoshasi hijob qoidalariga amal qiladi, ammo qator musulmonlar nazdida bu Islomga ziddir

Qur‘ondagi qonuniy an‘analarda quldorlik, shohidlik va meros bobida ayollar erkaklarga berilgan huquqning yarmiga haqli ekani haqida ishoralar bor. Biroq aksariyat musulmon jamiyatlarida mazkur ishoralar inobatga olinmaydi.

"Avvalo, musulmonlar Qur‘onga e‘tibor berishlari lozim" - davom etadi Muqtado Xon - "Qur‘oni Karimda quldorlik to‘xtatilishi kerakligi uqdirilgan. Ayol kishini urish borasida faqat bir jumlada aytilgan. Aksincha, qiz bola tug‘ilganida uni o‘ldirganlar qoralanadi".

"Muhammad Payg‘ambar (S.A.V) o‘zlari uyda ayollarga qo‘l ko‘tarmaganlar. Uyda ayolni urishni Islom qabul qilmaydi va bunga shak-shubha yo‘q".

Ayni damda, "Islomda ayol kishining haq-huquqi kamsitiladi" kabi fikrlar keng tarqalgan. Ushbu fikr tarafdorlari bugungi musulmon jamiyatlaridagi holatlarni misol qilib keltirishadi.

Lekin Islom dini o‘ziga to‘liq erkinlik berayotgani haqida aytayotgan muslima xotin-qizlar ham oz emas.

"Mening Islomiy e‘tiqodim, oilaviy hayotim va ish hamda o‘qishda muvaffaqiyatga erishishim o‘rtasida hech qanday ixtilof yo ziddiyat yo‘q" - deydi G‘arbda yashayotgan yosh muslima - "Agar kimki bu o‘rinda ziddiyat yo to‘siqlarga yuz tutsa, sabablarini Islomdan emas, balki o‘zi mansub madaniyatdan yoxud oiladagi holatdan izlashi kerak".

Image copyright BBC World Service
Image caption Karen Armstrongga ko‘ra, odamlar dinni juda jo‘n qabul qilishmoqda

Bugun muslima ayollarning ishbilarmonlik bilan shug‘ullanishi, mashina haydashi va yo oliy ta‘lim olishi odatiy holga aylangan. Qator musulmon o‘lkalarida ayollar ham erkaklar qatorida masjidga kira oladilar. Shu jihatdan olganda, urf-odat va qarashlar o‘zgarmoqda.

Ammo Olloh va uning Rasuliga imon keltirish va yo ro‘za tutish kabi jihatlar o‘zgarmaydi.

"Din emas, biz jo‘nmiz"

"Biz Xudo haqida hozir qanday gapirishimizni Ibn Sino va yoki boshqa musulmon allomalari eshitishsa, bizning fikrlashimizni juda jo‘n va to‘pori deb topishardi" - deydi "Xudoning tarixi" nomli kitob muallifi, dinshunos olima Karen Armstrong.

"Biz kitoblarni o‘qiganda, ulardagi so‘zlarni din tarixiga qiyosan tushunmaymiz, balki nima yozilgan bo‘lsa, shundayligicha qabul qilamiz. Chunki bizga diniy manbalarga xolisona yondashishni o‘rgatishmagan".

Qator olimlarga ko‘ra, o‘z davrida o‘zgarishga qattiq qarshilik qilgan Yahudiylik va Nasroniylik zamonga qarab moslashishga majbur bo‘lishmoqda.

Biroq Islom o‘zgarmaydi, degan toifa yonida bugun tamomila boshqacha qarashdagi musulmonlar ham bor. Bu mo‘‘minlarga ko‘ra, Islomda o‘zgarishlar to‘xtagani yo‘q.