London ajoyibotlari

Image copyright AFP

BBCUzbek.com websaytida yana bir yangi rukn.

"Londoniston yo London ajoyibotlariyu g‘aroyibotlari" sarlavhasi ostida biz sizlarni Londonda shov-shuv bo‘lgan hodisalar, g‘aroyib joylar, Londonning bugungi hayoti bilan tanishtirib boramiz. Londonda bo‘lganlar yana bir bor o‘z tanish joylari va sahnalari bilan uchrasha olishadi, bo‘lmaganlar esa biz bilan birga "dunyoning poytaxti" nomini olgan shaharga g‘aybona tashrif buyura olishadi. Buning uchun "Londoniston yo London ajoyibotlariyu g‘aroyibotlari" maxsus sahifamizga boring.

Londonni hayratga solgan o‘g‘rilik

Formula 1 avtopoygasi boshlig‘i milliarder Berni Eklestounning qizi uyidan 500,000 paundlik zargarlik buyumlariyu taqinchoqlar o‘g‘rilangan.

24 yashar Petra Ekklestoun London boyvachchalari yashaydigan Belgraviya mavzesidagi uyini bozorga qo‘ygan chog‘i uning uyini ko‘rgani kelgan odam zargarlik buyumlarini o‘g‘rilagan deb taxmin qilinmoqda.

Bu odam rieltorlarga o‘zini qozoqstonlik Oleg deb tanishtirgan va bu uydan avval bir qancha boshqa muhtasham uylarni ham ko‘rib chiqqan.

Ekklestoun xonimlari bu payt uyida bo‘lmagan va uyiga qaytgach, yotoqxonasidan javohir sirg‘alariyu bir qancha Rolleks soatlari yo‘qolganiga shohid bo‘lgan.

O‘g‘rilik yuz berganidan so‘ng uy xizmatkorlarining bari tekshiruvdan o‘tkazilgan, lekin birontasi aybdor deb topilmagan.

Ma‘lum bo‘lishicha o‘zini qozoqstonlik millioner deb tanishtirgan kishi uyda dallolsiz bir o‘zi qolgan ekan.

"Oleg" haydovchisi bor "Bentli" mashinasida kelib, qora ko‘zoynagini ko‘zdan yechmagan ekan.

"Endi uning qorasi o‘chib, u bizning telefonlarimizga javob berayotgani yo‘q" - deb aytishmoqda rieltorlar.