Dunyoning aksar musulmon davlatlarida Hayit namozlari o‘qildi

Mintaqada Iyd al-Fitr Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistonda bayram qilinmoqda.

O‘zbekistonda Hayit bayrami Prezident qaroriga binoan ertaga nishonlanadi.

Shuningdek, Eron, Pokiston, Hindistonda ham Ramazon Hayiti 9 avgust, juma kuni bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Arab va musulmon davlatlari rahbarlariga tabrik yo‘llagan.

Qozog‘iston Prezidenti xalqini musulmonlar bayrami bilan qutlagan.

Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev o‘z hamqishloqlari bilan Hayit namozini o‘qigani aytildi.

Tojikiston Islom partiyasi rahbari Muhammad Kabiriy tojik musulmonlariga birdamlik va sabr-toqat tilab, bu xislatlar jamiyatni to‘qnashuvlardan saqlashini aytdi.

Turkmanistonda ham 8 avgust dam olish kuni deb e‘lon qilingan. Bayram arafasida Prezident Gurbanguli Berdimuhammedov 1166 mahbusni avf etish haqidagi farmonga imzo chekkan edi.

Rossiya Prezidenti musulmonlarni bayram bilan tabriklagan.

Moskvada o‘n minglab musulmonlar Hayit namozlarini ado etishgan.

Rossiya muftiylar kengashi raisi Ravil Gayniddin hozir bo‘lgan Jome‘ masjidida Iroq, Turkiya, Quvayt va Markaziy Osiy davlatlari elchilari ham hayit namozlarini o‘qishgan.

Moskvadagi masjidlar atrofi har galgiday namozxonlar bilan to‘lgan, transport harakati cheklangani xabar qilinadi.

Xabarlarga ko‘ra, Peterburg shahrida 80 mingga yaqin musulmon namozga chiqqan, 700 dan ortiq politsiya xodimlari tartibni saqlashga jalb qilingan.

Image copyright b

Muborak Ramazon oyi tugashi munosabati bilan bayram marosimida chiqish qilgan Prezident Karzay Tolibonni Afg‘oniston manfaatlari yo‘lida harakat qilishga, tinchlik jarayoniga qo‘shilishga chaqirdi.

Afg‘onistondan olingan so‘nggi xabarlarga qaraganda, mamlakat sharqidagi Nangarxar viloyatida bomba portlashi natijasida 14 ayol va bolalar halok bo‘lishgan.

Portlash Karzay siyosatini quvvatlovchi mahalliy oqsoqolning xotini qabri oldida sodir etilgan. Odamlar marhum xotirasini yodlashga kelgan bo‘lganlar.

Bayram munosabati bilan Yaqin Sharq mamlakatlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Misrda namoyishlar davom etayotgan bo‘lsada, hayit namozi to‘qnashuvlarsiz o‘tgan.

Ayni paytda Suriya Prezidenti Bashar al-Assad avtomobil karvoni masjidga borish payti o‘qqa tutilgani aytiladi.

Biroq rasmiy Damashq bu xabarni rad etgan.

Suriya muftiysi bayram namozida Prezident Bashar-al Assad haqqiga ham duo qilgan.

Saudiya Arabistonida Iyd-al-Fitr sharafiga bir haftalik bayram ta‘tili boshlanadi.