Suriya hukumati Bashar al-Assad karvoni o‘qqa tutilganini rad qildi

Image copyright AFP
Image caption Suriya rasmiylari isyonchilarning hujum haqidagi murojaati "uydirma va xayolparastlik" ekanini aytgan

Suriya televideniyesi mamlakat prezidenti Bashar al-Assadning masjidda namoz o‘qiyotganini namoyish qilgan.

Bundan oldin Suriya isyonchilari Damashqda prezident avtomobil karvoni o‘qqa tutilganini xabar bergan edi.

"Taxrir al-Sham" guruhi" o‘z jangchilari tomonidan hujum uyushtirilgani va Allohdan ko‘zlangan natijani kutayotgani"ni bildirgan.

Boshqa isyonchilarga ko‘ra, "Prezident qarorgohi joylashgan Malkiy tumanida artilleriya hujumi bo‘lgan, prezident atrofidagi kishilar jarohat olgani haqida xabarlar bor".

Suriya Axborot vaziri Umron Zuabiy Bashar al-Assad bilan birga masjidda namoz o‘qigani, isyonchilarning murojaati esa "uydirma va xayolparastlik" ekanini aytgan.

"Al-Arabiya" telekanalining oldinroq bergan xabariga ko‘ra, Bashar al-Assad avtokarvoni boradigan yo‘l qattiq qo‘riqlanganiga qaramasdan, jangarilar hujum qilishga muvaffaq bo‘lishgan.

Isyonchilar rahbarlaridan Firas Bitarning al-Arabiyaga aytishicha, prezident karvoniga 15 marta minomyotdan o‘q uzilgan.

Vohid Sagar ismli boshqa isyonchi guruh a‘zosining bildirishicha, Bashar al-Assad boshqa avtokarvon orqali o‘tib ketgan bo‘lishi ehtimol.

Muxbirlarga ko‘ra, Suriya davlat televideniyesida ko‘rsatilgan lavhalar oldindan yozilgan bo‘lishi mumkin, lekin bu aniq emas.

Chorshanba kuni hukumat kuchlari Damashq chekkasida 60dan ortiq isyonchilarni o‘ldirgani xabar berilgan.

Ularning Al-Qoidaga aloqador "Al-Nusra Fronti" jangarilari bo‘lgani aytilgan edi.

Shuningdek, prezident Assad avvalroq Suriya xalqiga mamlakatni inqirozdan olib chiqish rejasini bayon qilgan.

Unga ko‘ra, inqirozdan olib chiqishning bosqichma-bosqich yo‘llari mavjud.

Xorij davlatlarining jangarilarni moliyaviy ta‘minlashiga chek qo‘yish, milliy kelishuv bo‘yicha muzokaralar boshlash, yangi hukumat tuzish va yangi konstitutsiya loyihasini ishlab chiqib, umumxalq muhokamasiga qo‘yish Assad ilgari surgan rejalarga kiradi.