HRW Rossiyada muhojirlarning ommaviy ushlanishini qoraladi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Muhojirlar uchun jamloq

Inson huquqlari tashkiloti Human Right Watch Rossiyada ommaviy ravishda muhojirlarning tutilayotgani va ushlab turilganini "irqiy ko‘zqarash, asossiz ushlab turish va muvaqqat jamloqlardagi yomon sharoitlar" deya tanqid qilmoqda.

Hozirda yuzlab muhojirlar maxsus jamloqlarga to‘plangan va noinsoniy sharoitlarda tutib turilmoqda.

Rossiya zudlik bilan bu kabi qo‘lga olish va tutib turish amallarini to‘xtatishi kerak, muhojirlarga insoniy munosabat ko‘rsatmog‘i lozim, deyiladi inson huquqlari tashkilotining bayonotida.

Moskva politsiyasining o‘tgan oy oxirlarida muhojirlarga qarshi boshlagan amaliyoti oqibatida 4000 dan ortiq kishi qo‘lga olingani xabar qilinadi.

Ular orasida O‘zbekiston, Tojikiston, Vetnam, Suriya, Afg‘oniston, Marokash, Misr va Qirg‘iziston fuqarolari bor.

"Bu yirik "tozalash" amaliyoti to‘laligicha Rossiyaning xalqaro qonunlar qarshisidagi ma‘suliyatiga ziddir", - deydi HRW Rossiya dasturi direktori Tatyana Lokshina.

Inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, Rossiya hukumati qo‘lga olingan har bir shaxsning fundamental huquqlarini hurmat qilishi kerak.

Tashkilot hozirga qadar davom etayotgan "tozalash" amallaridan xavotirlarini izhor etgan.

HRW tashkiloti xodimlari slavyan ko‘rinishida bo‘lmagan shaxslarni Rossiya politsiyasi Moskva markaziy metro bekatlarida to‘xtatib tekshirayotganiga guvoh bo‘lishgan.

Tashkilotga ko‘ra, bu aniq etnik ko‘zqarash asosiga qurilgan bir amaliyotdir.

Noinsoniy sharoitlar

Image copyright AFP
Image caption Politsiya "etnik ko‘zqarash" asosida ishlamoqda

Hujjatlarsiz muhojirlar va jinoyatchilik mavzusi Sentyabrda kechishi ko‘zlangan Moskva hokimligi uchun saylovoldi kurashining markaziga chiqqan.

Muhojirlarga qarshi bu yirik amaliyotga shimoliy qovqozlik shaxs yaqinlarining go‘yo politsiyachini kaltaklagani sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Politsiya idoralari va muvaqqat hibsxonalar to‘lib ketgani uchun mulozimlar qo‘lbola palatka jamlog‘i tiklashga qaror qilganlar.

Bu yerda elektr energiyasi va aloqa yo‘q, tashkilotga ko‘ra, sanitariya vaziyati abgor, oziq-ovqat yaxshi emas va yuvinadigan suv yetarlicha berilmayapti.

Maxsus amaliyotlar chog‘ida qo‘lga olingan muhojirlarga na tarjimon va na himoyachi beriladi.

Shuningdek, tashkilotga ko‘ra, ularning aksariyati o‘z yaqinlarini vaziyatdan ogoh etishmagan va bunga izn berilmagan.

Qo‘lga olinganlarning ba‘zilari boshpana izlovchilar va yoki Rossiyada muqim yashash huquqiga ega bo‘lgan shaxslardir.

Rossiya ombudsmeni Vladimir Lukin matbuotga jamloqlardagi sanitariya vaziyati yomon ekanini aytgan.

"Muhojirlik va huquq" tarmog‘i rahbari Svetlana Gannushkina ayni jamloqni borib ko‘rgan va HRW tashkilotiga, "vaziyat noinsoniy" deb aytgan.

"Etnik asoslarga ega bo‘lgan bu ommaviy qo‘lga olish amaliyotini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Agar mulozimlar Moskvada xavfsizlikni yaxshilash va tartibni tiklash rejalarida jiddiy bo‘lishsa, unda ular jinoyatchilikka qarshi kurashga ko‘proq e‘tibor berishlari kerak. Muhojirlarni balogardon qilib ko‘rsatib, jamoatchilik noroziligidan qochib qolish harakatini to‘xtatishlari lozim", - deb aytgan Inson huquqlari tashkilotining Rossiya dasturi direktori Tatyana Lokshina.