Eron siyosiy mahbuslari AQShdan jazo choralarini bekor qilishni so‘rashdi

Image copyright AP
Image caption Hasan Ruhoniy "so‘nggi imkoniyat"...mi?

Ellikdan ortiq siyosiy mahbuslar Amerika prezidenti Barak Obamani Eronga nisbatan o‘rnatilgan jazo choralarini bekor qilishga da‘vat qilganlar.

Britaniyaning The Guardian gazetida chop etilgan maktubda ayni jazolari eronliklarni ommaviy jazolashga aylanib qolganini urg‘ulashgan.

Mualliflarga ko‘ra, Eronda Hasan Ruhoniyning prezidentlikka saylanishi "o‘zaro tushunish uchun yangi davr yetilganidan" darak beradi.

Bu maktubga imzo chekkanlar orasida Eronning yetakchi muxolifat rahbarlari bor.

Islohotparvar siyosatchi Muhsin Aminzoda va sobiq prezident Hoshimiy Rafsanjoniyning qizi Fayzeh Hoshimiy ham ayni maktubni imzolashgan.

Amerika-Eron munosabatlari Mahmud Ahmadinejod prezidentligi davrida ancha sovuqlashgan edi.

G‘arb davlatlari Eronni yadroviy qurol dasturi ustida ishlayotganlikda ayblashadi.

Eron esa bu yo‘ldagi tadqiqotlari faqatgina tinch yo‘lda energiya quvvatiga ega bo‘lish ekanini urg‘ulaydi.

Eron bir necha bor uranni boyitishni to‘xtatishga doir chaqiriqlarni rad etgan edi.

"So‘nggi imkoniyat"

Image copyright AP
Image caption Mahmud Ahmadinejod davrida AQSh-Eron munosabatlari o‘ta yomonlashgandi

"Biz, quyida maktubni imzolaganlar sobiq va hozirda siyosiy mahbuslarmiz. Sizning e‘tiboringizni iqtisodiy jazo choralarining vayronagar oqibatlariga qaratmoqchimiz", deyiladi maktubda.

Maktubni imzolaganlar Eron atom dasturi ikki orada "dahshatnok poyga"ga aylanib qolgani va bu o‘zaro ishonchga rahna solayotganini yozishadi.

Ammo siyosiy mahbuslar Hasan Ruhoniyni muloqotga ochiq inson ekanini ta‘kidlashadi.

Ularga ko‘ra, Eronning yangi hukumati bilan muloqot ehtimol "so‘nggi imkoniyat" bo‘lishi mumkin.

Janob Ruhoniy o‘tgan Yakshanba kuni Eron prezidentligiga qasamyod keltirgan edi.

O‘zining ilk chiqishida yangi prezident xalqaro hamjamiyat bilan "jiddiy va zalvorli" muzokaralar boshlash niyati haqida gapirgan edi.

Oq Uy ham o‘zining muloqotga ochiqligi haqida bayonot bergan edi.