"Jahon go‘zali" konkursida o‘zbek qizining ishtiroki haqida bahslar

Image copyright none

O‘zbekistonlik 18 yoshli Rahima G‘aniyevaning bu yil Indoneziyada o‘tadigan "Jahon go‘zali" konkursida ishtirok etishi haqidagi xabar Internet sahifalarida qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda.

1951 yildan beri o‘tkazilib kelinayotgan qizlarning go‘zallik musobaqasida O‘zbekiston vakilasi ilk bor qatnashmoqda.

"Jahon go‘zali" konkursi rasmiy websahifasida aytilishicha, Rahima G‘aniyeva 20 iyul kuni Toshkentda o‘tkazilgan tanlovda g‘olib chiqib, umumjahon konkursida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.

Turli webforum ishtirokchilari tomonidan qoldirilgan fikrlardan ba‘zilarida g‘arb ommaviy madaniyati ko‘rinishlarini noaxloqiy, deya qoralab kelingan O‘zbekistondan vakilaning bu kabi musobaqada ishtirok etishiga hayrat izhor etilgan.

"Lekin mayli ko‘raylikchi, bikinida bu qiz qanday ko‘rinar ekan...", deya fikr qoldirgan "Ferghana.ru" o‘quvchisi.

Shuni ilova qilish kerakki, bu yilgi tanlov aksar aholisi musulmon bo‘lgan mamlakatda o‘tkazilayotgan bo‘lgani uchun qatnashchilarning cho‘milish kostyumlarida sahnaga chiqishlari bekor qilingan.

Aytilishicha, tanlovning hamma 130 nafar qatnashchilari buning o‘rniga Bali orolining ayollar milliy ust-boshida ko‘rinish beradilar.

"Qanday qilib bizdan yana bir malika chiqib qolibdi. Axir bizda malika bitta emasmidi? Gugusha?" - deya hayratini bildirgan yana qator o‘quvchilar.

Boshqalarning fikricha, bu qiz vatanga xizmat qilmoqda.

"U vatanimizni yaxshi nom bilan dunyoga tanitmoqchi. Buning uchun tanasini sotsa ham arziydi", deya aytilgan yana bir fikrda.

Bunga javoban aytilgan fikrga ko‘ra, vatanni tanitaman deb, yarimyalang‘och sahnaga chiqish kerak emas. "Bu musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi".

Yana ba‘zi fikrlarga ko‘ra, go‘zal qiz-ayollarning mavjudligi mamlakat obro‘siga obro‘ qo‘shmaydi.