Afg‘oniston: Kobul shimoliga tabiy ofat yopirildi

Image caption Aholining pasxalardan qurilgan uylari suv ostida qolib ketgan

Keyingi kunlarda yoqqan tinimsiz yomg‘ir Afg‘onistonda suv toshqinlarini keltirib chiqargan.

Tabiiy ofat natijasida 20 dan ortiq inson halok bo‘lgani xabar qilinmoqda, ularning oltitasi yosh bolalardir.

Jabrlanganlar soni juda ko‘p bo‘lishi mumkin. Ularning ba‘zilari Iyd al-Fitr bayramini nishonlash uchun qarindoshlarinikiga kelgan bo‘lganlar.

Paxsalardan qurilgan ko‘plab uylar vayron bo‘lgan.

Masjidlar, uylar, maktablar va ekin maydonlariga ziyon yetgan.

Suv toshqinlaridan eng ko‘p Shakardara va Pag‘mon tumanlari ziyon chekkan.

Rasmiylar mamlakat qishloq xo‘jaligiga ham katta zarar yetkazilganini aytishgan.

Bundan oldin ham Kobuldan sharqdagi Surubi tumanida tabiiy ofat 60 insonning umriga zomin bo‘lgan.

Yanvar oyida Kobul daryosi qirg‘og‘idan chiqib yuzlab uylar, jumladan badavlat kishilar-deputat va vazirlarning hashamatli saroylarini ham suv ostiga olgan edi.

So‘nggi tabiiy ofat Afg‘onistonda, xuddi mintaqada bo‘lgani kabi, bu yaqin o‘n yilliklarda kuzatilmagan jazirama issiq manzarasida kuzatilmoqda.

Jumladan, o‘tgan hafta mamlakatning qator sharqiy va janubiy-sharqiy viloyatlarida yuz bergan suv toshqinlari o‘nlab insonlarning umriga zomin bo‘lgan, yuzlab gektar ekin maydonlarini vayron qilgan va yuzlab insonlarni boshpanasiz qoldirgandi.

Bahor va kuz oylari mintaqada ko‘pincha kuchli suv toshqinlari bilan kechadi. Shundoq ham qashshoq mamlakat aholisi tabiiy ofatlar natijasida yanada aziyat chekadi.