Shri-Lankada buddoyi olomon masjidga hujum qilgan

Image copyright AP
Image caption Xabarlarga ko‘ra, oxirgi oylarda buddoyi ruhoniylar Grandpass shaharchasidagi masjidni ko‘chirishni talab qilib kelganlar

Shri-Lanka poytaxti Kolombo atrofidagi Grandpass shahrida shanba kechki namoz payti buddoyilarning olomoni masjidga hujum qilgan.

Oqibatda kamida besh kishi jarohatlangan.

Hududga politsiya va maxsus kuchlar tashlangan va komendantlik soati e‘lon qilingan.

BBCning Kolombodagi muxbiri A‘zam Aminning xabar qilishicha, masjid atrofida istiqomat qiladigan insonlar Xufton namozi ado etilayotgan paytda olomon masjidga qarata tosh ota boshlaganlarining guvohi bo‘lganlar.

Masjid atrofidagi bir necha xonadonga ham shikast yetkazilgan.

Yaralanganlardan ikki nafari masjidni qo‘riqlash uchun maxsus qo‘yilgan politsiya xodimlari bo‘lganlar.

Politsiya so‘zchisining BBCga aytishicha, masjidga hujumdan ko‘p o‘tmay, u yerga politsiya va maxsus qo‘shinlar yuborilgan va vaziyat nazorat ostiga olingan.

Xabarlarga ko‘ra, oxirgi oylarda buddoyi ruhoniylar Grandpass shaharchasidagi masjidni ko‘chirishni talab qilib kelganlar.

Buddoyilarning go‘yoki Ramazon oyi oxirigacha musulmonlarga bu masjidda ibodat qilishlariga ijozat berganlari aytilgan.

Hududda yashaydigan musulmonlar Shri-Lanka diniy ishlar bo‘yicha vazirligiga murojaat qilganlari, vazirlik masjiddan bundan keyin ham foydalanaverishga ijozat berganini hamda qo‘riqlash uchun politsiyani jalb etganini ma‘lum qilganlar.

Oxirgi bir yil davomida Shri-Lankada buddoyi guruhlarning mamlakatdagi musulmon va nasroniylarga qarshi chiqishlari ko‘paygani kuzatilmoqda.

Buddoyilar musulmon va nasroniylarni ekstremizm va mahalliy buddaviy aholini o‘z dinlariga jalb qilayotganlikda ayblashmoqda.

Musulmonlar ham nasroniylar ham prozelitizm ayblovlarini rad etadilar.

Buddoyi guruhlar masjidlar va cherkovlar, musulmonlarga tegishli bizneslarga hujumlar uyushtirganlar.

Fevral oyida bir guruh Shri-Lankadagi oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarga halol sertifikatini berish tartibini bekor qilish chaqirig‘i bilan chiqqandi.

Buddoyi Sinxala jamoasi Shri-Lankaning 20 millionlik aholisining uchdan bir qismini tashkil etadi.

Bu mamlakatda musulmonlar 9 foizni tashkil etadi va ular Tamil tilida so‘zlashadilar.

Shri-Lankadagi fuqarolar urushi davrida musulmonlar e‘tiborda bo‘lmaganlar.

Biroq musulmonlar hozir etnik ko‘pchilikni tashkil etadigan buddoyilarning o‘zlarini nishonga olishlaridan xavotirlanib yashayotganlarini aytadilar.