Frantsiyada masjidga hujum bartaraf etildi

Image copyright Reuters
Image caption Islom Frantsiyada ikkinchi eng keng tarqalgan dindir

Frantsiya xavfsizlik kuchlari Lion shahrida masjidga hujum tayyorlashda gumon qilingan harbiyni qo‘lga olganlar. Bu haqida Frantsiya Ichki ishlar vazirligi xabar tarqatdi.

23 yoshli askar Lion yaqinidagi Mon Verden havo bazasida xizmat qilib kelgan.

Rasmiy ma‘lumotga binoan, u "o‘ta o‘ng qanotga yaqin" qarashlarga ega bo‘lgan.

Gumondor avval ham politsiya nigohiga tushgan: o‘tgan yili u Bordo shahridagi masjidga yoqilg‘i solingan shishani otgan. U hujumda hech kim jarohat olmagan.

Vazirlik u Lion yaqinida qo‘lga olinganini tasdiqladi, ammo uning aynan qachon qo‘lga olinganini ochiqlamadi.

Vazirlik bayonotida gumondorni Frantsiya ichki tergov boshqarmasi so‘roq qilgani, hamda u terror amalini bajarish va muqaddas joyni tahqirlash maqsadida qurol saqlashda ayblangani aytiladi.

Frans Press agentligi manbasiga ko‘ra, gumondor Lion tashqarisidagi Venisyo masjidida muqaddas Ramazon oyining oxirida hujumni amalga oshirishga tayyorlangan.

Man etilgan guruhlar

Frantsiyada oxirgi vaqtlarda radikal maqsadlarga ega guruhlar faollashgan. Birgina o‘tgan oyning o‘zida uchta ulьtra o‘ng qanot tashkilotlar man etildi.

Ular Parijda do‘pposlab ketilishi ortidan jon bergan 18 yoshli chap qanot faoli Klement Merikning o‘limiga ham aloqador ekanliklari aytiladi.

Ichki ishlar vazirligi ekstremistlar qilmishlari jazosiz qolmasligini va‘da qildi.

Frantsiyaning Ichki ishlar vaziri Manuel Valsa "respublikaning qadriyatlarini xavf ostiga qo‘yayotgan ekstremizmning har qanday ko‘rinishi bilan kurash" olib borishga bel bog‘laganini aytdi.

"Zo‘ravon amallarga hech qancha toqat qilinmaydi", - deyiladi vazirning bayonotida.