O‘zbekistonda taqiqlangan "Nafs" filmining prodyuseri ekstraditsiya qilinmaydigan bo‘ldi

Image caption O‘zbekiston xavfsizlik hodimlari uni kutayotganlarini eshitib Hamidqoriyev kecha ikki qo‘lidagi tomirlarni kesgan

Moskvadagi taniqli inson huquqlari markazi "Memorial"ning bildirishicha, 10 iyul kuni Rossiya politsiyasi Mirsobir Hamidqoriyevni O‘zbekiston so‘roviga binoan hibsga olgan.

7 avgust kuni esa Golovinskaya tumanlararo prokuraturasi Hamidqoriyevni O‘zbekistonga topshirishga asos yo‘qligi bois hibsdan ozod qilgan.

Biroq o‘sha kuni kechqurun u Voykovskiy tuman IIB xodimlari tomonidan qayta hibsga olinadi.

Aytilishicha, Hamidqoriyevning migratsiya hujjatlarida qonunbuzarliklar aniqlangan.

Oldinroq, 36 yoshli Hamidqoriyev vataniga deportatsiya bo‘lishi mumkinligi haqida xabar qilingandi.

Mirsobir Hamidqoriyev O‘zbekistonda 2011 yil diniy-ekstremistik tashkilotlarga aloqadorlikda ayblanib qidiruvga berilgan.

Hamidqoriyev himoyachisi Illarion Vasilevning BBCga aytishicha, ayni paytda hujjatlar o‘rganib chiqilgan, politsiya tomonidan "tushunmovchilik" bo‘lgani aytilib, Hamidqoriyev ozod qilingan.

Illarion Vasilev: Uni hozir ozod etishgan, u mashinaga o‘tirib noma‘lum tomon jo‘nagan. U Voykovskiy ROVD binosida chiqayotganida uni slavyan millatiga o‘xshash ikki shaxs kutib olgan. Nazarimda, ular Rossiya xavfsizlik xizmatlaridan bo‘lishgan. Izolyatorda men uni borib ko‘rganimda, u yerda ikkita noma‘lum o‘zbekni ko‘rdim, ehtimol ular O‘zbekiston xavfsizlik xizmati xodimlari bo‘lishlari mumkin. Ularni Hamidqoriyev taqdiri o‘ta qiziqtiradi, deb o‘ylayman. O‘zbekistonda Hamidqoriyev ikki ektremistik tashkilotning ta‘sis etilishida ayblanmoqda. Lekin mening nazdimda u haqiqiy o‘zbek dissidenti, ijodiy ziyolilar guruhiga kirgan shaxs. U menda juda ijobiy tasavvur qoldirgan. Shuni aytishim kerakki, boshidanoq prokuraturaga topshirilgan ro‘yxatdan o‘tganlik haqidagi hujjatning haqiqiyligi shubha tug‘dirgan. Chunki unda hujjat bergan tashkilotning muhri ham, hech qanday raqam ham bo‘lmagan. O‘zbekiston hukumati shu tariqa vaziyatdan foydalanib, soxta hujjat bilan o‘ziga kerakli qidiruvdagi shaxsni chaqirtirib olmoqchi bo‘lgan.

BBC: Nima sabablarga asoslanib, uning ektraditsiyasini O‘zbekiston tomoni talab qilayapti deb o‘ylaysiz?

Illarion Vasilev: Uni ekstraditsiya qilish talabi O‘zbekistondan kelgan, mening qo‘limda barcha hujjatlar jamlangan. Hamidqoriyev O‘zbekistonni kutilmaganda tark etgan shaxs sifatida O‘zbek xavfsizlik xizmatlaridan qo‘rqishiga asos bor. U o‘z vatanida diniy ekstremizmda ayblangan, guyoki u o‘z tarafdorlari bilan "Islom jihodchilari" tashkilotini yaratgan va mamlakatning iqtidorli elitasi bilan konfliktga tushgan. U O‘zbekistonda hozirda ma‘n etilgan "Nafs" filmini ishlashda ishtirok etgan. Uning akasi ham hozirda qamoqxonada, bu faktlarni bilib turib va O‘zbekiston xavfsizlik hodimlari uni kutayotganlarini eshitib, Hamidqoriyev kecha ikki qo‘lidagi tomirlarni kesgan. Bu uning nochorlikdan bu amalga qo‘l urganini anglatadi.

BBC: Siz himoyachi sifatida endi qanday harakatlarni kutayapsiz, Hamidqoriyev nima qilmoqchi?

Illarion Vasilev: Juda ko‘p holatlarda biz ozodlikka chiqargan O‘zbek fuqarolarini keyin o‘g‘irlashadi va O‘zbekistonga olib ketishadi. U Rossiyadan siyosiy boshpana so‘ragan bo‘lsa ham, biz Hamidqoriyevni uchinchi mamlakatga olib chiqmoqchimiz. Chunki ishonishimizcha, Rossiya va O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlari orasida yozilmagan shartnoma bor. Rossiya xodimlari bizning mijozlarimizni O‘zbek hamkorlari yashirincha O‘zbekistonga olib chiqishlariga ko‘z yumadilar. Lekin xalqaro tashkilotlar tomonidan O‘zbekistonda inson huquqlari muntazam ravishda poymol etilayotgani tan olingan.

Hamidqoriyev diniy guruhga haqiqatdan aloqadormi?

O‘zbekistonda sobiq prodyuserga 2011 yil 3 yanvarda sirtdan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

2011 yil 1 aprelda qidiruvga berilgan, 7 iyunda Rossiya IIV federal qidiruv xizmati ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘zbekiston huquq tartibot idoralari ishonishicha, 2009 yil Hamidqoriyev bir guruh toshkentliklar bilan "Islom jihodchilari" terroristik guruhini tuzadi.

Ularga ko‘ra, guruh tarkibiga taniqli sportchilar, san‘atkorlar, kinochilar, tadbirkorlar kirib, qidiruvdagi Nurillo Saidxo‘jayev tomonidan boshqarilgan.

"Memorial" markazi keltirishicha, guruh tarkibida kinoaktyor Farrux Soipov, bastakor Aziz Xolmurotov, musiqachi Surat Qosimov, kinooperator Temur Primqulov va boshqa kishilar bo‘lgan.

O‘zbekistondan chiqib ketishga ulgurgan Hamidqoriyev va sportchi Ulug‘bek Shukurov qidiruvga beriladi.

Ma‘lumotlarga binoan, "Islom jihodchilari" diniy guruhiga aloqadorlik bilan jami 40 kishi ushlangan, keyinchalik ularning 30tasi pora (60 ming dollargacha) evaziga ozodlikka chiqarilgan, qolgan 9 kishi, jumladan Hamidqoriyevning ukasi ham uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilingan.

Ayblanganlarning bir qanchasi O‘zbekistonda taqiqlab qo‘yilgan "Nafs"filmining ijodkorlari bo‘lishgan.

Hamidqoriyev himoyachisining aytishicha, 40 kishi, jumladan Hamidqoriyevni "ekstremistik tashkilot" ga aloqadorlikda ayblash soxta bo‘lib, ayblanganlardan biri ko‘p yil davomida prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan juda yaqin aloqada bo‘lib kelgan.

Do‘stlarining maslahati bilan u Gulnora Karimova bilan aloqani uzganidan so‘ng, bu diniy ayblovlar o‘ylab topilgan.

Himoyachi Illarion Vasilevning keltirishicha, Hamidqoriyev Toshkentda 1,5 million dollarlik mol-mulkidan ayrilgan.

Unga tegishli "Mir elektroniki" do‘koni olib qo‘yilgan.

Shuningdek u prodyuserlik qilgan "Nafs" filmi namoyish etilishdan mahrum bo‘lgan.

Hamidqoriyevning xotini "Memorial"ga aytishicha, eri namoz o‘qisa ham, uning diniy guruhga aloqasi "umuman aqlga sig‘maydigan gap".

Uning so‘zlariga qaraganda, Mirsobirning muammolari 2010 yilda boshlanadi.

Qurollangan noma‘lum kishilar niqoblarda uning "Mir elektroniki" do‘koniga bostirib kirishadi va u yerdagi narsalarni olib ketishadi.

So‘ngra 24-dan 25-dekabrga o‘tar kechasi er-xotin o‘tirgan mashina o‘qqa tutiladi.

Ikki soatdan so‘ng Milliy Xavfsizlik xodimlari Mirsobirning akasi Mirazizni hibsga olganlari ma‘lum bo‘ladi.

Shu kuni Mirsobir Hamidqoriyev va oilasi O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lishadi.