O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegarasida cheklov kiritdi

  • 12 Август 2013
Image caption Cheklovlar chegara osha savdoning beliga tepadi

O‘zbekiston o‘zining Qirg‘iziston bilan chegarasidagi o‘tish nuqtasida yo‘lovchilarning qatnoviga cheklovlar kiritgan. Bu haqida Qirg‘iziston davlat chegara xizmati o‘z matbuot bayonotida bildirdi.

Bayonotda aytilishicha, 9 avgust soat 08:00dan "Dostuk-avtodorojny" (Qirg‘iziston) - "Do‘stlik-avtodorojny" (O‘zbekiston) chegara o‘tish nuqtasida qarindoshlarning kasalligi haqidagi telegramma, maraka va to‘ylarda ishtirok etish uchun taklifnoma va qarama-qarshi tomonning aeroportlaridan uchib ketish uchun aviachiptalar bo‘lgandagina fuqarolarga chegarani kesib o‘tish ruxsat beriladi.

Qirg‘iz chegara xizmati voizi Usen Polotovning BBCga aytishicha, cheklov faqat eng serqatnov hisoblanmish "Dostuk-avtodorojny" (Qirg‘iziston) - "Do‘stlik-avtodorojny" (O‘zbekiston) chegara o‘tish nuqtasida kiritilgan.

Unga ko‘ra, boshqa chegara nuqtalaridagi o‘tish rejimida o‘zgarishlar yo‘q.

Uchinchi mamlakat fuqarolari "Dostuk-avtodorojny" (Qirg‘iziston) - "Do‘stlik-avtodorojny" (O‘zbekiston) chegara nuqtasida cheklovlarsiz o‘ta oladilar.

Qirg‘iz chegara xizmati bayon qilishicha, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolariga nisbatan cheklovlar O‘zbekistonda 1 sentyabrda bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan Mustaqillik kuni munosabati bilan kiritilgan.

Biroq, odatdagidek, O‘zbekiston tomoni bu cheklovlar borasida rasmiy bayonot chiqargani yo‘q. Milliy Xavfsizlik Xizmatiga qarashli O‘zbekiston chegara xizmati BBCga ma‘lumot bermay keladi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, cheklovlar kiritilishidan avval qo‘shni mamlakatga safar qilgan fuqarolar o‘z mamlakatiga qaytish uchun chegarani kesib o‘tishlari mumkin.

O‘zbekiston Mustaqillik kuni munosabati bilan qo‘shni davlatlar bilan chegaralarida har yili cheklovlar kiritib keladi. Lekin, bu cheklovning 20 kun avval kiritilishi g‘ayrioddiy holdir.

Ayni damda Bishkekdagi 24.kg xabar agentligiga gapirgan Qirg‘izistonning chegara masalalari bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Tokon Mamitov O‘zbekiston tomoni 23 iyulda chegara yuz bergan hodisa tufayli cheklovlarni kiritayotganini iddao qilgan.

Mazkur hodisada qirg‘iz chegarachilari bir o‘zbek chegarachisini otib o‘ldirganlar, ikkinchisini esa yaralaganlar. Ikkinchi chegarachi ham keyinroq shifoxonada jon bergan.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 15ta chegara o‘tish nuqtasi bor, 2010 iyunida O‘sh va Jalol-Obodda yuz bergan qonli zo‘ravonliklar ortidan ulardan qariyb yarmi yopilgan va yopiqligicha qolmoqda.

"Dostuk-avtodorojny" (Qirg‘iziston) - "Do‘stlik-avtodorojny" (O‘zbekiston) chegara o‘tish nuqtasi ikki mamlakat orasidagi eng serqatnov nuqta bo‘lib, undan chegaraning ikki tomonida savdo qiladigan tujjorlar kundalik ravishda foydalanib keladilar.

Chegaraga kiritilgan cheklov, mahalliy kuzatuvchilar fikrida, mazkur savdo ortidan kun ko‘rayotgan oilalar farovonligiga salbiy ta‘sir qiladi.