UzWebiston: Hayit bayramida Toshkentda narxlar oshdi

Image caption O‘zbekistonda Hayit kunlari narxlar sun‘iy ravishda ko‘tarilgani kuzatilgan

Olam.uz hayit kuni Toshkent bozorlarida narxlarga nazar solgan.

"Iyd al-Fitr arafasi, bayram kunlari xayr-ehsonlar va albatta bayram dasturxoni uchun bozorlik qilinadi.

Bir qancha musulmon davlatlarida muqaddas Ramazon oyida oziq-ovqat mahsulotlariga narxni oshirmaslik uchun qishloq xo‘jalik yarmarkalari o‘tkaziladi", deb yozadi Olam.uz.

Biroq O‘zbekistonda aynan Hayit kunlari narxlar sun‘iy ravishda ko‘tarilgani kuzatilgan.

myday.uz saytining o‘tkazgan kichik tadqiqoti ko‘rsatishicha, 31 iyulda Farhod bozorida 17 ming so‘m bo‘lgan go‘sht 7 avgustda 18,500 ga ko‘tarilgan.

Turli pishiriqlar uchun zarur tuxumning o‘ntasi ilgari 3500 ga sotilgan bo‘lsa, 7 avgustda va hayit kunlari 5000 so‘mga chiqqan.

Muxbirning kuzatishicha, qishloq xo‘jalik mahsulotlariga narx bozorda oshgan bo‘lsa, supermarketlarda pasayibdi.

Maqola tagida qoldirilgan izohlardan qaysi bozor arzonu, qaysisi qimmatligi ham biroz anglashiladi.

f.aripjanov. deb izoh qoldirgan kishi "Yunusobod bozoriga borish kerak, narxlar arzon", deb maslahat beradi.

Ismsiz o‘quvchiga ko‘ra, "supermarketdan bozor qilishiga sabab, u yerda plastik kartochkalarni ishlata oladi". Yana uning yozishicha "Chorsu bozori juda qimmat".

Boshqa biri "Mashinasozlar bozorida shakar va go‘sht arzon, qassoblardan go‘shtni hatto plastikda olish mumkin"ligidan xabar beradi.

Toshkentda "Paxtakor"chilar xotirasiga yodgorlik o‘rnatildi

Image caption "Paxtakor-79"ga o‘rnatilgan yodgorlik (Gazeta.uz saytidan olindi)

Gazeta.uz internet nashriga ko‘ra, 11 avgust kuni Toshkentdagi Botkin qabristonida 34 yil oldin halok bo‘lgan "Paxtakor-79" futbol jamoasi xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlikni ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan.

Yodgorlikni Futbol faxriylari kengashi raisi Narimon Jalolov va Mixail Anning o‘g‘li Dmitriy ochib berishgan.

Marosimda futbol muxlislari, halok bo‘lgan futbolchilarning yaqinlari va do‘stlari, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi vakillari, "Paxtakor", "Lokomotiv", "Bunyodkor" va "Mash‘al"jamoalari sportchilari qatnashib, marhum futbolchilar xotirasini yodga olishgan.

Bug‘doy uniga soliq tushirildi

"O‘zbekistonda bug‘doy uniga aktsiz solig‘i 15 foizdan 11 foizga tushirilgan. Bu mamlakatga olib kiriladigan un mahsulotlarining xilma-xilligini ko‘paytirish uchun qilingan".

Bunga javoban izoh yozgan ismsiz o‘quvchi "o‘zimizning 7,61 million tonna bug‘doyimizchi?" degan savolni beradi Olam.uz sahifasida.

Haydovchilar diqqatiga

Olam.uzdagi yana bir xabar "Toshkentning Taras Shevchenko ko‘chasida xavfli chuqur paydo bo‘ldi", deya haydovchilarni ogohlantiradi.

Unda yozilishicha, shahar markazida yo‘lning o‘rtasidagi chuqur haydovchilar uchun xavfli vaziyatni paydo qilmoqda.

"Ko‘p haydovchilar qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketishga majbur bo‘lishmoqda, bilmaganlari to‘satdan qattiq tormoz bosishlariga to‘g‘ri kelmoqda", deyishgan guvohlar.

Aytilishicha, bir oy oldin bu yo‘ldagi quvurlar ta‘mirlanib, yangi asfalt yotqizilgan. Lekin "o‘ziga xos usul"da qo‘yilgan asfaltdan hozir asar ham qolmagan.

Rossiyada o‘qishni bitirganlar uch yil ishlab berishi kerak

UzDaily.uz va boshqa internet saytlariga ko‘ra, bundan keyin Rossiya Oliy o‘quv yurtlarini Maorif vazirligi tavsiyasi bilan bitirgan yoshlar O‘zbekistonda uch yil majburan ishlab berishlari lozim.

O‘zbekiston Maorif vazirligining saytida yozilishicha, Rossiya Federatsiyasi o‘quv yurtlariga kirmoqchi bo‘lgan yoshlar avvalo vazirlik bilan shartnoma tuzishlari, shuningdek shartnomada ota-onalarining imzosi ham bo‘lishi talab qilinadi.

Yangi tartibga muvofiq, o‘qishni bitirgan talabalar shartnoma talabini buzsa, ular uchun mas‘uliyatni bo‘yniga olgan tomon, ya‘ni ota-ona shartnoma talablariga javob berishi, ketgan xarajatni to‘lashi kerak bo‘ladi.

O‘zbekistondagi Roshen shokoladlari sifatli

CA-NEWS saytining yozishicha, Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi Rospotrebnadzordan Ukrainaning Roshen shokoladini mamlakatda taqiqlash so‘ralgan xat olgan.

Oldinroq Roshen shokoladida zararli benzapiren moddasi borligi aniqlangani sababli Rossiyada taqiqlangandi.

12news.uzning keltirishicha, O‘zbekistonda Roshen mahsulotlari bilan muammo yo‘q.

O‘zbekiston sanitariya-epidemiologiya xizmati esa Roshenda hech bir zararli moddalar topilmaganini bildirgan.