Dunyoda "baklashka-lampochka" shiddat bilan ko‘paymoqda

Siz shu kecha-kunduzda tezlik bilan tarqalayotgan eng yorqin va eng arzon ixtiro qaysi ekanini bilasizmi?

G‘oyaki, ham tom ma‘noda va ham ko‘chma ma‘noda yorqin.

Bu oddiy plastik idishning ichiga suv to‘ldirib, qorong‘u xonani yoritish g‘oyasidir.

Dunyoning turli burchaklarida ko‘pchilik bundan foydalanishayapti, biroq ilk bor braziliyalik mexanik Alfredo Mozer o‘zi yashab turgan uyini baklashka-lampochka bilan yoritgani matbuotda ko‘p yoritildi.

Bugungi kunga kelib Alfredo Mozer bu ixtirosini patentlashtirmaganidan afsusda emas.

U jahon bo‘ylab keng tarqalayotgan ixtirosidan bir tiyin ham daromad olmayotgani, hali ham qashshoq yashayotganidan faxrlanishini aytadi.

Alfredo Mozer 2002 yilda oddiy 2 litrlik plastik idishni olib, ichiga suv to‘ldiradi.

Suv ko‘karib, rangi o‘zgarmasligi uchun baklashkaning ichiga ikki tomchi oxor solishga qaror qilgan.

Bu qanday ishlaydi, degan savolga, "oddiy quyosh nurining sinishi tufayli", deb javob beradi Alfredo.

Alfred uyining tomida teshik ochadi va bu teshikka suv to‘ldirilgan baklashkani suqib qo‘yadi.

"Butilkaning atrofini rezin bilan o‘rasangiz, tomdan bir tomchi ham suv tushmaydi", deydi u.

Yaqin orada Alfredoning g‘oyasi bo‘yicha yoritilayotgan xonadonlarning soni bir millionga yetadi, deb taxmin qilinayapti.

Siz bu g‘oyadan daromad qilmayotgan bo‘lsangiz, uning nimasi bilan faxrlanasiz, degan savolga Alfredo shunday javob qaytardi:

"Bilasizmi, bir kishi bor. U tomiga bunaqa lampochkalarni o‘rnatib, kunduz kunlari elektr chirog‘ini yoqmaydigan bo‘ldi. U jamg‘argan pul hali tug‘ilmagan chaqalog‘i uchun kerakli narsalarni sotib olishga yetdi. Tasavvur qilasizmi?", deya savol beradi Alfredo.

Alfredo Mozerning ixtirosi Filippindagi qashshoqlar mavzesini allaqachon yorita boshlagan.

Filippindagi MyShelter Foundation tashkiloti kambag‘al insonlarga ko‘mak berib keladi va qayta ishlash mumkin bo‘lgan materialardan foydalanib kelgan.

Tashkilot asosan bambuk, avtomobil shinalari va qog‘ozni ishga solgan.

"Bizga ko‘pchilik bo‘sh plastik idishlarni topshirgan. Biz bu idishlarni suvga to‘ldirib, odamlarning uylari devoriga o‘rnatardik va "deraza" yasab berar edik. Bir kuni kimdir aytib qoldi: Braziliyada Mozer degan mexanik baklashkalarni tomiga o‘rnatgan. Biz ham shunday qilishni boshladik", deydi MyShelter rahbarlaridan Illas Angelo Dias.

Uning aytishicha, bu ixtiro elektr quvvati yo‘q qashshoq mavzelarga juda qo‘l kelgan.

Qo‘shnisining tomidagi baklashkalarni ko‘rgan odamlar bunday lampochkalarni o‘zlarining uyiga ham o‘rnatib berishni so‘ray boshlaganlar.

"Alfredo Mozer dahshatli darajada ko‘p odamning hayotini o‘zgartirib yubordi", deydi Illas Angelo Dias.