Mursiy tarafdorlarini tarqatish amaliyotida ko‘plab insonlar halok bo‘lgan

Image copyright AP
Image caption Kamida 15 inson halok bo‘lgani xabar qilingan

Misrda favqulodda holat e‘lon qilingan.

Kechki soat 19 dan ertalabki soat 6 gacha komendantlik soati amal qilishi xabar qilingan.

Misr politsiyasi Qohira shahridagi qudratdan ag‘darilgan prezident Mursiy tarafdorlarining o‘tirib o‘tkazayotgan norozilik amaliyoti jamloqlarini tozalashga kirishgan.

14 avgust kuni ertalabdan Qohira sharqidagi "Raba al-Adaviya" masjidi atrofida hamda shahar g‘arbidagi Nahda xiyobonida qurilgan chodir jamloqlar tomonga zirhli buldozerlar haydaldi.

Politsiya ovoz kuchaytirgichlardan namoyishchilarni tarqalishga chaqirdi.

Otishma ovozlari eshitilgan va Misr xafsizlik kuchlari ko‘zdan yosh sizdiradigan gaz qo‘llagani haqida xabar qildilar.

Oradan bir necha soat o‘tib rasmiylar Nahda xiyoboni tozalangani haqida xabar tarqatdilar.

Biroq hokimiyatdan ag‘darilgan prezident Muhammad Mursiyning o‘z lavozimiga qayta tiklanishi talabi bilan chiqqan norozilik amaliyoti ishtirokchilarini dastaklayotgan "Musulmon Birodarlar" guruhi Misr xavfsizlik kuchlari qirg‘in sodir etayotgani haqida xabar qilmoqda.

Amaliyotlar kechayotgan hududlar osmonini qalin tutun qoplagan, tepada charx urayotgan tikucharlarni ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Qohiradagi BBC muxbiri "Raba al-Adaviya" masjidi oldida 50 jasadni ko‘rgan.

Jurnalistlar shaharning turli joylaridagi amaliyotlar borasidagi ma‘lumotlarni tekshirish mushkulligini aytadilar.

Misr sog‘likni saqlash vazirligi 149 inson halok bo‘lganini tasdiqlagan.

Biroq "Musulmon birodarlar" guruhiga ko‘ra, 2000 dan ortiq odam o‘ldirilgan.

Guruh o‘z tarafdorlariga murojaat qilib, yaralanganlarni shifoxonalarga eltish uchun avtomobillar yuborishni so‘ragan.

"Musulmon birodarlar" guruhining qator a‘zolari hibsga olinganlar.

Tushga yaqin rasmiylar Nahda xiyobonini namoyishchilardan kam talofotlar bilan tozalash amaliyotini o‘tkazgani uchun xavfsizlik kuchlarini maqtab televizion bayonot tarqatgan.

Xiyobonda Muhammad Mursiy tarafdorlari qolmagani aytilmoqda.

Ayni paytda Misrning boshqa hududlarida tartibsizliklar yuz bergani haqida xabarlar olinmoqda.

Xususan, Misr markazidagi qobtis nasroniylari ko‘p yashaydigan Sohag shahrida uch cherkovga hujum sodir etilgan.

Aleksandriya shahrida Mursiy tarafdorlari yo‘llarni to‘sib olishgani, Assiut va Minya shaharlarida ular xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashganlari haqida xabarlar olinmoqda.

Noroziliklarga Misr hukumati tomonidan ko‘plab viloyat hokimi lavozimlariga eski armiya zobitlari tayinlangani ham sabab bo‘lgan.

Muhammad Mursiy tarafdorlari 3 iyuldan buyon Nahda xiyoboni va "Rabaa al-Adaviya" masjidini egallab olishgan, ular janob Mursiyning o‘z lavozimiga qayta tiklanishini talab qilmoqdalar.

Oldinroq BBC bilan suhbatda Misr Tashqi ishlar vaziri Nabil Fahmiy namoyishlarga tez orada barham berilishi haqida aytgan.

U norozilik "benihoya davom etishi mumkin emasligini", agar ikki tomonlama muloqotlar ish bermasa, norozilik chiqishlari qonun doirasida tarqatilishini aytgandi.

"Musulmon birodarlar" guruhiga ko‘ra, 3 iyuldan buyon noroziliklarni bostirish chog‘ida 250 inson halok bo‘lgan, 5000 dan ortiq kishi yaralangan.