Hakamlar hay‘ati: "Qozoq talabalar ashyoviy dalillarni yo‘q qilishga yordamlashgan"

Image copyright AP
Image caption Dias Qodirboyev va Azamat Tajayakov 2011 yilda AQShga universitetga o‘qishga borishgan

Boston shahridagi portlashlarga aloqadorlikda ayblanayotgan qozog‘istonlik talabalar Dias Qodirboyev va Azamat Tajayakovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini o‘rganib chiqqan hakamlar hay‘ati ayblov xulosasini ma‘lum qilganlar.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, ikki o‘spirin adolatni qaror toptirishga to‘sqinlik qilganlar va ana shu maqsadda jinoiy til biriktirganlar.

Mahkama jarayonida Boston portlashlarini sodir etishda ayblanayotgan Javhar Tsarnayevning do‘stlari Dias Qodirboyev va Azamat Tajayakov o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni rad etganlar.

Ular va ularning advokatlariga ko‘ra, boshidanoq Amerika huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilganlar, o‘zlari bilgan narsalarni yashirmaganlar.

Mahkamada Qodirboyev bilan Tajayakovning qarindoshlari ham qatnashganlar.

Dias Qodirboyev ham, Azamat Tajayakov ham 19 yoshda.

Ular 2011 yilda AQShga tahsil olish uchun borganlar, Javhar Tsarnayev bilan Massachusets shtati universitetida do‘stlashganlar.

9 avgust kuni 23 a‘zodan iborat hakamlar hay‘ati, ikki ayblanuvchi adolatni qaror toptirishga to‘sqinlik qilgan va adolat qaror topishiga to‘sqinlik qilish shu maqsadida jinoiy til biriktirganlar, degan xulosaga kelgan edi.

Agar mahkama yakunida ular qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha aybdor deb topilsalar birinchi band bo‘yicha 20 yil, jinoiy til biriktirish bandi bo‘yicha 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanishi hamda ular 250 ming AQSh dollariga teng jarimaga tortilishlari mumkin.

Shuningdek, ular qamoqdan ozod etilganlaridan so‘ng besh yilgacha kuzatuv ostida qolishlari ko‘zda tutiladi.

BBCning Amerikadagi muxbiriga ko‘ra, so‘nggi chora shart bo‘lmasligi mumkin, chunki ular jazo muddatlarini o‘tab bo‘lganlaridan keyin Qozog‘istonga deportatsiya qilinishlari lozim bo‘ladi.

Keyingi mahkama 26 sentyabr kuniga mo‘ljallangan.

Jarayonning ikki haftacha davom etishi, prokurorlar 15-20 guvohni so‘roq qilmoqchi ekanlari xabar qilingan.

Qozoq talabalariga qo‘yilayotgan ayblovlarga ko‘ra, shu yilning 18 aprel kuni AQSh Federal Qidiruv byurosi Boston marafonining finish chizig‘iga yaqin joydagi portlashlarni tashkillashtirishda gumon qilingan ikki shaxsning suratlarini e‘lon qilganidan keyin Javhar Tsarnayev o‘zining qozog‘istonlik do‘stlariga mobil telefonidan SMS-xabar yuborgan.

Va yotoqxonadagi Javhar Tsarnayevning xonasidan "u yerda bor" narsalarni olib ketish so‘ralgan.

Ayblov xulosasida aytilishicha, Tajayakov va Qodirboyev yotoqxonadan Tsarnayev noutbuki va ichida poroxli mushakbozlik vositalari bo‘lgan ryukzakni olib chiqib ketganlar.

So‘ng Dias Qodirboyevning ryukzakni axlat qopiga solib axlat olib ketiladigan idishga tashlab ketgani va ikki do‘st bu idishni qanday tozalanganini kuzatib turganlari aytilgan.

Javhar Tsarnayevga tegishli ryukzak 30 ta kriminal qidiruvchi ishtirokida ikki kunlik qidiruvdan keyin shahar axlatxonasidan aprel oyining oxirida topilgan edi.

15 aprel kuni ro‘y bergan ikki portlash oqibatida uch inson halok bo‘lgan, 264 kishi jarohatlangan edi.