UzWebiston: Rog‘un loyihasi bo‘yicha xalqaro xulosa tayyormi?

Bugungi UzWebiston e‘tibori Britaniyada chop etiladigan "Gardian" va xalqaro biznes nashr "Forbs" jurnalida nashr qilingan ikki maqolaga qaratilgan.

"Gardian" ro‘znomasining muxbiri Jon Standingfordning maqolasi Toshkentda sut va qatiq sotib ro‘zg‘or tebratadigan ayollarga bag‘ishlangan.

Britaniyalik jurnalist, Toshkentda mening oldimga keladigan odam ko‘p emas, deb o‘z maqolasini boshlaydi.

"Juma kuni ertalab soat 7.30 da kvartira qo‘ng‘irog‘i chalinganda, kallamga kelgan birinchi fikr "OVIR" bo‘ldi", deb yozadi "Gardian" muxbiri va ro‘znoma o‘quvchilariga OVIR qanaqa tartib ekanini, O‘zbekiston va boshqa sobiq Sho‘ro respublikalarida saqlanib qolganini tushuntiradi.

"Men erta tongda chet elliklar haqiqatan ham ro‘yxatdan o‘tgan manzillarida yashayaptilarmi yoki yo‘qligini tekshirishlari haqida eshitgandim", deb yozadi jurnalist.

"Biroq men eshikni ochganimda qo‘lida katta sumkani ko‘tarib turgan past bo‘yli, oftobda qoraygan ayolni ko‘rdim. U o‘zbek tilida nimadir dedi, men esa bu tilda ko‘p narsani tushunmayman. Ayol aytgan so‘zlar orasida "qatiq"ni tushunganday bo‘ldim. O‘zimning qashshoq rus tilimda nimadir degandim, u "moloko" so‘zini ishlatdi. Ana o‘shanda men hamkasblarimning "agar Toshkentda yangi sog‘ilgan sut yoki tabiiy qatiq ichmoqchi bo‘lsang, ularni kvartirama-kvartira yurib sotadigan ayollardan ol", degan so‘zlarini esladim", deb yozadi muxbir.

"Agar sen Londonda voyaga yetgan bo‘lsang, bir zamonlar ko‘chada mayda-chuyda sotib yurganlar bo‘lganini eslaysan. Men bolalagimda ko‘chada baqirib olma, ro‘znoma sotib yurgan kishilar bo‘lganini eslayman", deydi jurnalist.

"Toshkentda sut-qatiq sotuvchilar ertalab "Kou" deb baqiradilar. Bu birinchi marta eshitganingda senga shunday tuyuladi. Biroq hozir men ikki bo‘g‘indan iborat bu so‘zning birinchi bo‘g‘inini ham anglayman. Bu "M-la-Kou!".

Britan jurnalisti atigi 90 tsentga bir litr sut, 90 tsentga bir litr qatiq sotib olganini aytadi.

"U menga ikki shisha idishni tutqazdi. Men haqini to‘lab kvartiramga kira boshladim. Ayol e‘tiroz bildirdi. Nima, men pulini noto‘g‘ri berdimmi? Men o‘zimning rus tili lug‘atimning yakuniga yetib qolganimda, u "bonka", dedi. U nimani istayapti? Men bor aqlimni ishga solib, gap nimadaligini tushunishga intilardim. Bonka. Bochka bu katta idish. Bonka kichkina bochka bo‘larmikan?

Ayol imo-ishora bilan shisha bankalarini ko‘rsatardi. U o‘zining biznesidagi eng muhim narsa hisoblanmish bankasini qaytarishni so‘rayotgan edi. Men kvartira eshigini ochiq qoldirib, oshxonaga shoshildim va o‘zimda bor bo‘sh asal bankalarimning hammasini ko‘tarib olib chiqdim.

U oshxonagacha kirib keldi va yana imo-ishora qila boshladi. U men sotib olgan sut-qatig‘imni o‘zimning idishlarimga quyib olib, unga o‘zining bankalarini qaytarishimni istayotgan ekan. Men so‘zsiz uning istagini bajo keltirdim.

Men Britaniyada tug‘ilib o‘sganman. Bu yerda sut uylarga og‘zi alyuminiy qopqoq bilan bekitilgan shisha butilkalarda keltirilardi. Onam har doim qopqoqlarni yuvib, shisha bankaga solib qo‘yardi. Banka to‘lganda esa ular xayriya tashkilotiga berilar, ular esa alyuminiyni sotib, mablag‘ini ko‘zi ojizlarga yo‘lovchilik qiladigan itlarni o‘rgatishga sarflardilar. Onam sut idishlarini ostonamizga qo‘yib qo‘yish oldidan astoydil yuvar edi. Onam uchun yuvilmagan sut idishini tashqariga qo‘yish tasavvur qilib bo‘lmas narsa edi. Shunday ekan, men ham endi har doim "M-la-Kou"chi ayollarga bonkalarini qaytarishdan oldin yaxshilab yuvaman, ungacha esa ular eshik oldida kutib qolishadi", deb yozadi "Gardian" muxbiri Jon Standingford.

Markaziy Osiyoning qiymatli gidroelektrenergiya salohiyati

"Forbs" jurnalida e‘lon qilingan maqola ana shunday nomlanadi.

Maqola muallifi Uoll Strit Jornalning kapital va sarmoyalar bo‘yicha yetakchi tahlilchisi Xillari Kramer.

"Yaqinda Nestlega qarshi ijtimoiy tarmoqlardagi hujumlarni kuzatganlar suvni qo‘lga kiritish uchun kurash global portlash nuqtasiga yetganini yaxshi anglaydilar. Bu gap ayniqsa Markaziy Osiyoga taalluqli", deb yozadi Kramer xonim.

Uning yozishicha, bu mintaqani AQSh Milliy Istihborot agentligi direktori suv ustidan kelib chiqqan siyosiy kelishmovchilikni yumshatish va barqarorlashtirishga "noqobil" deb ta‘riflagan.

"Bu yerda suvga bag‘ishlangan xalqaro huquqlar iqtisodiy, siyosiy va atrof-muhit halokati o‘rtasidagi aro yo‘lda qolgan", deb yozadi muallif.

Rog‘un suv omborini barpo etishdan manfaatdor Tojikiston oqimning quyi qismidagi O‘zbekiston qarshiligiga duch kelayotganini eslatadi maqola muallifi.

Va tomonlarning o‘zaro manfaat keltiradigan bir yechimga kelishlari muhimligi ta‘kidlanadi.

Suv bahsiga kirishgan qo‘shnilarning bir qarorga kelishlari yo‘lida AQSh bu mintaqa mamlakatlariga bo‘lgan ta‘sirini ishga solishi ma‘qul ekanini maslahat beradi muallif.

20 avgustda Dushanbe shahrida oliy maqom suv anjumani mo‘ljallangan.

"Forbs"dagi maqola muallifiga ko‘ra, uzoq kutilgan Jahon Bankining Rog‘un GESi loyihasining xavfsizlik, atrof-muhit va boshqa texnik talablarga qanchalar javob berishi borasidagi xulosasi BMTning suv bo‘yicha anjumanidan keyin e‘lon qilinishi kutilmoqda.

"Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rog‘un to‘g‘onini to‘ldirish daryo suvini 1-1,7 foiz kamaytiradi - bu suv omborini to‘ldirish vaqtlariga bog‘liq bo‘ladi va quyi oqimdagi dehqonchilikka salmoqli ta‘sir ko‘rsatmaydi", deb yozadi Xillari Kramer.